Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ekoharakat
«Ishonch telefoni»ga ishonch ortmoqda
02.02.2012 21:58

Aytish joizki, atrof-muhit muhofazasi davlat, jamiyat va har bir fuqaroning vazifasiga aylanishiga erishish O'zbekiston ekologik harakatining doimiy diqqat-markazida. Xususan, jamiyatning barcha bo'g'ini bilan doimiy aloqada bo'lish uchun Ekoharakat qoshida «Ishonch telefoni» tashkil etilgani ana shu ezgu maqsadga erishishda juda qo'l kelmoqda. Ta`kidlash o'rinliki, 2009 yilning iyun oyida tashkil etilgan mazkur tarmoqqa shu kungacha 700 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shulardan 300 dan ortig'i 2011 yil hissasiga to'g'ri keladi. Ekologik nazorat borasida ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi faol ishtirok etmoqda.

O'zbekiston ekologik harakati, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo'mitasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi, nodavlat notijorat hamda jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda «Ishonch telefoni»ga fuqarolardan kelib tushgan 276 ta murojaat o'rganilib, bir qator samarali natijalarga erishildi, 50 dan ortiq reydlar uyushtirildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekoharakat deputatlari guruhi a`zolarining «Ishonch telefoni»ga murojaat etgan fuqarolar bilan ochiq muloqotlari o'tkazildi.

O'tgan yili kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi noqonuniy chiqindixonalar, ularning yoqilishi hamda chiqindilarning olib chiqib ketilishi yuzasidan bo'ldi. Misol tariqasida 2011 yilning birinchi choragida Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida joylashgan 8 gektar maydondagi noqonuniy chiqindixona «faoliyati»ga chek qo'yilganini keltirish o'rinli. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekoharakat deputatlari guruhi murojaatidan so'ng Zangiota tumani hokimi qarori bilan ushbu chiqindixonani tozalash ishlari uchun Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi fondidan 70 million so'm miqdorida mablag' ajratildi.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiyo'l tumanidagi «Niyozbosh» qishloq fuqarolar yig'ini yonida to'planib qolgan o'nlab tonna chiqindini tozalash jarayonida ham ijtimoiy sheriklik namunasi ko'zga tashlandi. O'zbekiston ekologik harakati tashabbusi bilan hududdagi mazkur noxush holat o'rganildi hamda uni bartaraf etish yo'llari izlandi.

Bundan tashqari, O'zbekiston ekologik harakati tomonidan Toshkent shahridagi Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlaridagi, shuningdek, Sirdaryo va Andijon viloyatlaridagi 70 dan ortiq noqonuniy chiqindixonalarning paydo bo'lishi sabablari o'rganilib, ular yuzasidan tegishli choralar ko'rildi.

Aytish joizki, aholi o'rtasida ko'plab muhokamalarga sabab  bo'layotgan masalalardan biri bu - nabotot olamini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishdir. Mazkur holat 2011 yilda «Ishonch telefoni»ga kelib tushayotgan murojaatlarning qariyb 27 foizini tashkil etdi. O'zbekiston Respublikasining «O'simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to'g'risida»gi Qonuni me`yorlarining buzilish holatlari Toshkent shahri va viloyati, Andijon, Farg'ona viloyatlaridagi 30 dan ortiq manzillarda qayd etildi.

Xususan, «Ishonch telefoni»ga o'tgan yilning dekabr oyida Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumanida daraxtlarni noqonuniy kesish bo'yicha murojaatlar kelib tushgan. Surishtiruv natijasida ushbu noqonuniy xatti-harakat  tuman ko'kalamzorlashtirish boshqarmasi vakillari tomonidan sodir etilgani ma`lum bo'ldi. Ekoharakat faollari tomonidan o'tkazilgan surishtiruv natijalari Toshkent shahar prokuraturasiga yo'llandi.

Shuningdek, mazkur tumandagi «Yangi asr uchinchi» uy-joy mulkdorlari shirkati raisi 61-uy yaqinidagi daraxtlarni o'zboshimchalik bilan kesgani uchun O'zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 162-moddasiga binoan 49 735 so'm miqdorida jarimaga tortildi. Bundan tashqari, Toshkent shahri Chilonzor tumanining 13 mavzesida joylashgan «Ozoda va Umid» uy-joy mulkdorlari shirkati raisi o'simlik dunyosini muhofazalash va parvarish qilishda yo'l qo'yilgan kamchiliklar tufayli eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarimaga tortildi.

Shu o'rinda ta`kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchiligi bilan belgilab qo'yilgan o'simliklar dunyosi ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo'yicha talablar yovvoyi holda o'suvchi o'simliklarga, shuningdek, yovvoyi organizmlardan tashkil topadigan tabiiy o'simlik jamoalari yoki ularning har qanday majmui, tabiatdagi boshqa o'simliklar bilan  yonma-yon holda o'suvchi yovvoyi, barcha turdagi, shakl-shamoyili jihatidan ko'p ko'rinishdagi daraxt va butalarga ham taalluqlidir.

Hozirda «Ishonch telefoni»ga xo'jalik sub`ektlarining sanitariya-epidemiologiya holati nazorati va ekologik me`yorlarga rioya etmaslik bo'yicha ham murojaatlar bo'lib, Ekoharakat mazkur holatlarni hududda joylashgan davlat tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi vakillari bilan hamkorlikda o'rganib chiqmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Yangiyo'l tumanida joylashgan tola ishlab chiqaruvchi «Choriqul Matkarim Ergash» xususiy korxonasi rahbaridan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosalarisiz faoliyat yuritayotgani uchun O'zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 96-moddasiga binoan 57 200 so'm undirib olindi. Shuningdek, Ekoharakat faollari tomonidan o'tkazilgan surishtiruv natijasida Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan omuxta yem ishlab chiqarish bilan shug'ullanayotgan «Baxtiyor Zokir» korxonasi atmosfera havosini ifloslantirayotgani aniqlandi. O'z navbatida, Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan mazkur korxona rahbari ekologik eks­pertiza xulosalarisiz faoliyat olib bormaslik yuzasidan ogohlantirildi.  

Yana bir e`tiborli holat. 2011 yilda «Ishonch telefoni»ga aholi tomonidan O'zbekiston ekologik harakati maqsad va vazifalari bilan bog'liq 50 dan ortiq savollar berildi. Bu esa Ekoharakatning aholi orasida tobora ishonch qozonib borayotganidan dalolatdir. Shu o'rinda ta`kidlash lozimki, «Ishonch telefoni»ga kelib tushgan murojaatlar asosida O'zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan O'zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida»gi, «O'simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to'g'risida»gi, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to'g'risida»gi qonunlariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish bo'yicha takliflar berildi.

Bir so'z bilan aytganda, Ekoharakatning «Ishonch telefoni» tegishli idoralar bilan hamkorlikda aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, O'zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga doir me`yoriy-huquqiy hujjatlariga amal qilishda mansabdor shaxslar javobgarligini oshirish, atrof-muhit muhofazasidagi qoidabuzarliklarning oldini olish bo'yicha jamoatchilik nazoratini o'rnatishga xizmat qilmoqda.

Iraida ZAYSYEVA,

Ekoharakat guruh rahbari

31 marta o`qilgan