Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ekoharakat
Jonli olam makoni
02.02.2012 21:46

Joriy yilning 2 fevrali Ramsar konvensiyasi uchun muhim sana: ayni shu kuni dunyo «Asosan suvda yashovchi qushlar uchun qo'nim hisoblangan xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq hududlar to'g'risida»gi konvensiyaning 41 yilligini nishonladi.

Sayyoramiz ekotizimi uchun suv-botqoqli hududlarlarning ham alohida ahamiyati bor. Boisi ular hudud iqlim sharoitining barqarorligini saqlab turadi, muqim hamda ko'chib o'tuvchi qushlar uchun qulay istiqomat manzili bo'lib xizmat qiladi. Shu ma`noda suv-botqoqlik hududlari to'g'risidagi Ramsar konvensiyasining qabul qilinishi muhim ahamiyatga molik hodisadir.

Konvensiyaning asosiy maqsadi suv-botqoqliklarni dunyoning barqaror rivojlanishiga erishish vositasi sifatida asrash va uning resurs­laridan oqilona foydalanishdir. Mamlakat hududida suv-botqoq yerlarning mavjudligi va ularning xalqaro huquq me`yorlari asosida muhofaza etilishi Ramsar konvensiyasiga a`zo bo'lishning  asosiy shartlaridan biridir. Mintaqa tanlash murakkab ko'rsatkichlar tizimiga ko'ra amalga oshiriladi. Davlat tomonidan Ramsarga tegishli deb e`lon qilingan hududlar konvensiya kotibiyati tomonidan xalqaro ahamiyatga ega Suv-botqoq yerlar ro'yxatiga kiritiladi. Ushbu ob`ektlarning holati haqidagi axborot Xalqaro suv-botqoq yerlarni muhofaza qilish byurosi ma`lumotlar bazasida saqlanadi va doimo yangilanib boriladi.

Xabaringiz bor, bugun dunyoda suv resurlarining global inqirozi  haqida tobora ko'proq gapirilmoqda. Suv-bot­qoqliklar to'g'risidagi konvensiya zarurati haqida esa ilk bor 1963 yilda, Yevropa suvli-botqoqli yerlari shiddat bilan degradatsiyaga uchrayotgani tushunib yetilganda aytila boshlagan edi. O'sha davrda suv-botqoq yerlarga suvda yashovchi qushlarning yashash joyi sifatida qaralardi, xolos. Vaqt o'tishi bilan ularning «mahsulotlari», suv saqlash vazifasi, biologik xilma-xillikni asrashdagi o'rni, toshqinlarni nazorat qilishi, yerosti suvlari zaxirasini to'ldirish vazifasi, qirg'oq chizig'ini barqarorlashtirishi, dovullardan himoya qilishi, cho'kindilar va biogen elementlarni ushlab qolishi, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatishi, shuningdek, rekreatsion va madaniy vazifalari mavjudligi bu boradagi qarashlarni tubdan o'zgartirdi. Shunday qilib, bunday hududlarni muhofaza qilishga intilish yanada ortdi.

Konvensiya ishtirokchilari tomonidan 2002 yilda erishilgan kelishuvga ko'ra, mazkur hujjatning asosiy vazifasi «barcha suv-botqoq yerlarni mahalliy, mintaqaviy va milliy harakatlar, xalqaro hamkorlik vositasida dunyoning barqaror rivojlanishiga qo'shiladigan hissa sifatida muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish»dir.

O'zbekiston Respublikasi Ramsar konvensiyasiga 2002 yil 2 fevralidan rasman qo'shilgan. Shu yili Buxoro viloyatida joylashgan Dengizko'l Ramsar konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan suv-botqoq xuddudlari ro'yxatiga kiritildi. Shu bilan birga, «2008-2015 yillarda Aydar-Arnasoy ko'llari tizimidan samarali foydalanish va uning  ekologik holati barqarorligini ta`minlash bo'yicha harakatlar dasturi»ning bajarilishi jarayonida Aydar-Arnasoy ko'llar tizimiga Ramsar konvensiyasi doirasida xalqaro muhofaza etiladigan ko'llar maqomi berilib, u konvensiya kotibiyati tomonidan 2008 yil 20 oktyabrda ro'yxatga olindi. Aytish joizki, mamlakatimizda suv-botqoq hududlarning umumiy maydoni bir million gektarni tashkil etadi.

Bugun davlat idoralari bilan bir qatorda nodavlat va jamot tashkilotlari ham yurtimizda qulay ekologik vaziyatni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish ishida tobora muhim o'rin tutmoqda. Shundan kelib chiqib O'zbekis­ton ekologik harakati jamoat ekologik tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish bo'yicha davlat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirishni o'zining asosiy maqsadlaridan biri etib belgilagan.

Bu haqda kuni kecha O'zbekiston ekologik harakatida Ramsar konvensiyasi qabul qilinganining 41 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan davra suhbatida alohida to'xtalib o'tildi.

BMTning Taraqqiyot dasturi, YUNYESKO, YUNISEF, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Xalqaro Qizil yarim oy jamiyatining O'zbekistondagi vakolatxonalari, tegishli vazirlik va idoralar, O'zbekiston Fanlar akademiyasining ixtisoslashgan ilmiy-tekshirish institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda O'zbekiston hududida 500 dan ortiq ko'l mavjudligi, mamlakatimiz hududidan suv qushlarining ko'plab turlari uchib o'tishi, shu jihatdan ularning yashash joylarini muhofaza qilish, vetlandlar tabiiy salohiyatini asrash o'ta muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta`kidlandi.

Ishtirokchilarning fikricha, Aydar-Arnasoy ko'llari tizimining va Dengizko'l bilan bir qatorda boshqa suv-botqoq yerlarning Ramsar ro'yxatiga kiritilishi ularning hududida muhofaza chora-tadbirlarini kuchaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, bu ishlarda jamoatchilikning faol ishtiroki muhim o'rin tutishi mumkin.

Ayni paytda Ramsar ro'yxatiga O'zbekistonning bir qator suv havzalarini kiritishga tayyorgarlik ko'rilmoqda. Ulardan Qo'ng'irot tumanidan (Qoraqalpog'iston Respublikasi) 60 kilometr masofada joylashgan Sudochye ko'lini, Amudaryoning Termiz (Surxondaryo viloyati) hududidagi qayirini, Qarshi shahridan (Qashqadaryo viloyati) 50 kilometr naridagi Achiko'l, kulrang g'oz, turna, kichik qorabuzov singari kamyob qushlar istiqomat qiladigan qator hududlarni tilga olib o'tish mumkin. Bulardan tashqari, yana 22 ta suv havzasi ushbu ro'yxatga kiritilishi mumkin. O'zbekistonning suv-botqoq yerlari ulkan salohiyatga ega. Masalan, Dengizko'lda 30 turdagi qushlarning 140-290 mingli populyatsiyasi qishlaydi. O'zbekiston Republikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan hayvonlarning 37 turi (shu jumladan, qushlar va baliqlar) suv-botqoq hududlarda yashaydi. Birgina Aydar-Arnasoy ko'llar tizimi Xalqaro va O'zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan noyob va yo'qolib borayotgan qush turlari - jingalak va pushti sakkoqush, qorabuzov, kichik oqqo'ton, vishildoq oqqush, olaqanot kabilarga uyalash, uchib o'tish va qishlash uchun maskan bo'lib xizmat qilmoqda. Suv havzalarini muhofaza qilishdan, ularning salohiyatidan oqilona foydalanish, ekoturizmni yo'lga qo'yish, orqali suv-botqoq yerlar rivojlanishi va o'rganilishini ta`minlash zarur.

Tadbirda Ramsar konvensiyasi maqsad va vazifalari, mamlakatimizda bioxilma-xillikni saqlashda ushbu xal­qaro hujjat talablariga mos muhofaza qilinadigan yangi hududlarni tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Anjuman ishtirokchilari Ramsar konvensiyasiga oid o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo'ldilar.

Jasur KENGBOYEV,

«Jamiyat» muxbiri

30 marta o`qilgan