![]() |
![]() |
![]() |
E'tirof
Adolat va insonparvarlik mezoni
24.11.2011 23:20
Yaqinda mamlakatimiz tarixidagi muhim sanalardan biri — O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 19 yilligini keng miqyosda nishonlaymiz. Aytish joiz, inson, uning hayoti, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, manfaatlarini eng oliy qadriyat sifatida e`tirof etuvchi Bosh qomusimiz kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo'lidagi ezgu maqsadlarimizga sobitqadamlik bilan erishishimizda muhim huquqiy asos bo'lib kelmoqda. Ta`kidlash o'rinliki, Konstitutsiya nafaqat davlat hokimiyati va boshqaruvini tashkil etish tamoyillarini, balki ijtimoiy hayot me`yorlarini ham o'zida aks ettirishi bilan davlatning qonunchilik tizimidagi asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Ijtimoiy hayotga tatbiq etiladigan boshqa barcha qonunlar uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan tamoyillar unda belgilangan me`yorlar asosida mustahkamlanadi. Shu bois Konstitutsiya ijtimoiy hayotning barcha jabhasidagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, davlatning ichki va tashqi siyosatini ifoda etish, amalga oshirishda muhim huquqiy manbalardan biri sanaladi. Konstitutsiya, shuningdek, muhim amaliy tashkilotchilik vazifasini bajarib, qonunchilik tizimi hamda huquqiy tartibni mustahkamlash, tegishli davlat tuzilmalarini qayta tashkil etish va yanada takomillashtirishni ham ko'zda tutadi. O'tgan tarixan qisqa davr mobaynida yurtimizda konstitutsiyaviy me`yor va tamoyillar ustuvorligini, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquq hamda erkinliklarini ta`minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bugun yurtimizda qaror topgan tinchlik, osoyishtalik, fuqarolar va millatlararo totuvlik, shuningdek, tobora yuksalib borayotgan xalqimiz turmush farovonligi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy sohalar taraqqiyoti zamirida milliy va umumbashariy tamoyillarni o'zida aks ettirgan Bosh qomusimizning o'rni, ahamiyati beqiyos. Konstitutsiyamizda irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, tili, dinidan qat`i nazar barcha fuqarolarning qonun oldida teng etib belgilangani mamlakatimizda insonparvarlik tamoyillari ustuvor ahamiyatga ega ekanining o'ziga xos namunasidir. Xususan, 14-moddada: «Davlat o'z faoliyatini inson va jamiyat, farovonligi ko'zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi», deb belgilangan. Shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas`ul ekanligining tegishli moddalarda mustahkamlab qo'yilgani yurtimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo'lidagi muhim omillardan biri bo'lganini ham alohida ta`kidlash o'rinlidir. Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirish, davlat organlari o'rtasida vakolatlarning mutanosib taqsimlanishini ta`minlash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalardagi islohotlarni izchil amalga oshirishda, shuningdek, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilish jarayonida parlament, siyosiy partiyalarning roli hamda ta`sirini kuchaytirish maqsadida yaqinda Konstitutsiyamizning 78, 80, 93 va 98-moddalariga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Bu o'zgartish va qo'shimchalar davlatimiz rahbarining 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan parlament palatalarining qo'shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida qayd etilgan, mohiyati jihatidan davlatimizni demokratik rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini qurishda yangi bosqichni boshlab bergan qonunchilik tashabbuslariga muvofiq ishlab chiqilgani bilan ahamiyatlidir. Bir so'z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda ijtimoiy adolat, insonparvarlik, tenglik tamoyillarini o'zida mujassam etgan Bosh qomusimiz negizida amaldagi qonunchilik tizimi milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tobora takomillashib bormoqda. Bu esa, o'z o'rnida, qonun ustuvorligini ta`minlagan holda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishimizda muhim mezon bo'lib xizmat qilishi shubhasizdir. Avaz ISKANOV, Toshkent yuridik kolleji o'qituvchisi
27 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|