Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

E'tirof
Barqarorlik va bag'rikenglik manzili
30.01.2012 15:16

Bag'rikenglik ko'p millatli O'zbekiston xalqi uchun muqaddas tushuncha. U asrlar davomida shakllanib, sayqallanib, ayni paytda takomillashib kelmoqda.

Yurtimizda tolerantlik fazilatlarining tarixiy ildizlari, madaniy va iqtisodiy munosabatlarning ravnaqi, qadimiy manzillarning rivojlanishi, savdo-sotiq va sivilizatsiya markazlarining paydo bo'lishi bilan bevosita bog'liqdir.

Istiqlol yillarida O'zbekistonda barcha millat vakillari orasida etnik-madaniy asoslarda jipslashish jarayonlari sodir bo'ldi. Milliy madaniy markazlar vujudga keldi. 1995 yilda mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar soni 80 ta edi. Hozir yurtimizda 140 dan ortiq milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda.

- Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va uslubiy yordam ko'rsatish maqsadida 1992 yil yanvarda respublika Baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi, - deydi respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori Nasriddin Muhammadiyev. - Ayni paytda 20 yilligi nishonlanayotgan markazimiz jamiyatimizdagi tinch­lik va osoyishtalik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, milliy va umumbashariy an`analarni ravnaq toptirish, ularning mazmun-mohiyatini keng tar­g'ib qilishga baholi qudrat o'z hissasini qo'shib kelmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar, diniy konfessiyalar  vakillari yagona oila farzandlaridek yashab, mehnat qilmoqdalar. Ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, to'laqonli ta`lim-tarbiya olishi, mehnat qilishiga oid huquqiy kafolatlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o'z ifodasini topgan. Zaminimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining an`ana va urf-odatlari, qadriyatlarini saqlash, yanada rivojlantirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlarning yaratilgani e`tiborga molikdir.

O'zbekiston Fanlar akademiyasida kuni kecha bo'lib o'tgan Respublika baynalmilal madaniyat markazining 20 yilligiga bag'ishlangan «O'zbekis­ton mustaqilligi - millatlararo munosabatlar rivojida yangi davr» mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida ham ushbu fikrlar ta`kidlandi.

Bugungi kunda diyorimizda istiqomat qiluvchi barcha millat vakillarining hamjihatligi, o'zaro inoq va birdamligi, avvalo, xalqimizning bag'rikengligidan, qolaversa, yurtimizda qaror topgan  tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik mevasi deb aytishimiz mumkin. Zero, yurtimiz har doim ko'p millatli va ko'p dinlilik sharoitida millatlararo hurmat va totuvlik ta`minlangan diyor, mehr-muhabbat va saodat manzili sifatida jahon hamjamiyatining e`tirofiga sazovor bo'lib kelgan.

Nurali ShODIYeV

71 marta o`qilgan