![]() |
![]() |
![]() |
E'tirof
O'zbekiston iqtisodiyoti va dunyo
12.08.2011 11:57
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar samarasi o'laroq O'zbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyatida munosib o'rin egalladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan, «o'zbek modeli» deb nom olgan va dunyoda tan olingan O'zbekistonning o'ziga xos taraqqiyot yo'li, uning afzalliklari ko'plab xorijiy ekspertlar va xorij ommaviy axborot vositalari tomonidan e`tirof etilmoqda. Xususan, yaqinda Turkiyaning eng ommabop nashrlaridan biri hisoblangan «Global Yorum» jurnalida O'zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan iqtisodiy yutuqlariga alohida to'xtalib o'tilgan. Maqolada, ushbu qisqa davr ichida mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o'rin egallagani, shuningdek, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida ham O'zbekiston iqtisodiyoti barqaror sur`atlar bilan o'sayotgani qayd etilgan. Barqaror rivojlanishning asosiy omili esa mamlakatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan 2009 yilda qabul qilingan va 2009-2012 yillarga mo'ljallangan inqirozga qarshi choralar dasturi ko'rsatilgan. Bundan tashqari, Londonda chop etiladigan eng nufuzli iqtisodiy nashrlardan hisoblangan «The Economist» nashri 2011 yilda yurtimizni iqtisodiy o'sish sur`ati bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichli 10 ta davlat orasida ekanligini qayd etgan. Shuningdek, mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o'rinlarini yaratishga e`tibor berilayotganligi ham maqolada o'z aksini topdi. Ma`lumki, joriy yilning aprel oyida poytaxtimizda «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» yuzasidan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilgan edi. Xususan, ushbu konferensiyada ishtirok etgan Malayziyaning «Globalist» nashri bosh muharriri Yusuf Xashima nashrning yangi sonida konferensiya tahlili va o'z taasurotlari bilan o'rtoqlashgan. Maqolada, O'zbekistonning dunyodagi obro'-e`tibori kun sayin ortayotgani, xorijning eng nufuzli kompaniya va tashkilotlari mamlakatimiz bilan hamkorlik qilib kelayotgani ta`kidlanadi. Bundan tashqari, maqolada mamlakatimizning neft va gaz sanoati, paxta yetishtirish va uni sotish bo'yicha jahonda yetakchi o'rinlardan birida borayotganligi hamda turizm sohasidagi yutuqlarga alohida to'xtalib o'tilgan. Yana bir nufuzli nashr - Slovakiyaning «Finweb» nashrida iqtisodiyot fanlari doktori Vladimir Bachishinning «O'zbekistonni inqiroz chetlab o'tdi» nomli maqolasi chop etildi. Maqola bilan tanishgan nashr mushtariylari mamlakatimiz haqida o'z bilimlarini boyitishdan tashqari, O'zbekistonning tabiiy resurslari haqida ham ma`lumotga ega bo'ladi. Xususan, yurtimiz juda katta neft va gaz zaxiralariga ega ekanligi, shuningdek, oltin va uran qazib olishda dunyoda yettinchi, mis qazib chiqarishda esa o'ninchi o'rinni egallashi alohida qayd etilgan. O'zbekistonda 118 dan ortiq foydali qazilmalar mavjud, ulardan hozirgi kunda 65 tasi qazib olinmoqda, deb ta`kidlaydi maqola muallifi. Maqolada shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2010 yil yakunlariga ko'ra 52,5 foizni tashkil etganligi muallif nazaridan chetda qolmagan. Xorijiy investitsiyalarning mamlakatimizga kirib kelishi uchun qulay sharoitlar yaratilgani, O'zbekistonda xorij sarmoyasi ishtirokida 4200 dan ortiq aksiyadorlik kompaniya va korxonalar faoliyat yuritayotganligi, bular qatorida «General Motors» «Isuzu Motors», «Mitsubishi», «LG» va boshqa nufuzli korxonalar borligi qayd etilgan. Bundan tashqari, O'zbekistonda 300 dan ortiq investitsion loyihalar rejalashtirilgan bo'lib, ularni amalga oshirish uchun 24 milliard AQSh dollari qiymatidagi mablag' sarflanishi ko'zda tutilgan. Bu loyihalardan 18,5 milliard AQSh dollari yangi korxona, uy-joy, sanoat ob`ektlarini qurish uchun ajratilgan, deyiladi maqolada. Shuningdek, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lui Breforning, mamlakatimizda bank tizimi, iqtisodiy islohotlar, innovatsion texnologiyalar va iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari haqidagi fikrlari e`tiborga sazovor. Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimiz mustaqilligi yillarida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olamshumul yutuqlarni qo'lga kiritdi va bu jarayonlar jahon hamjamiyati e`tiboridan chetda qolmayapti. Timur AHMEDOV tayyorladi 35 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|