Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

E'tirof
Saxovat va saodat manzili
18.11.2011 01:21

Bag'rikenglik, olijanoblik, samimiylik, bunyodkorlik, mehr-oqibat xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Bu xislatlar asrlar osha elni-elga, dilni-dilga bog'lab kelmoqda. O'zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad shunday yozadi: «O'zbek xalqi shunday tabiatga egaki, uning mehr daryosidan bir qatra suv ichgan odam bu xalqqa bir umr mehr qo'yadi. Bizning zaminimiz shunday muqaddas zaminki, bu tuproq taftidan bahramand bo'lgan kishi bir umr o'zini qarzdor sezadi, unga sadoqatli bo'lish burchini his qiladi».

Bugungi kunda yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar deysizmi, sayyohlar deysizmi — barchasi ona zaminimiz saxovati, milliy qadriyatlarimiz, o'ziga xos fazilatlarimiz xususida hayratlanib gapirishadi.

Darhaqiqat, o'zbek xalqining bag'rikengligi, insoniyligi ko'plab kishilarning hayot yo'lini yoritdi. Misol uchun, shoir Maqsud Shayx­zoda yosh paytlarida Toshkentga kelgan. O'zbekiston zaminiga mehr qo'ygan Shayxzoda umrining oxiriga qadar o'zbek adabiyotining ravnaqi yo'lida ter to'kib, adabiyotimiz xazinasini o'ziga xos jo'shqin she`r va dostonlar, drama va tarjimalar, publitsistik va adabiy tanqidiy maqolalar bilan boyitdi.

O'zbekiston nafaqat millat va elatlar, balki turli din vakillari birgalikda, o'zaro hurmatda tinch-totuv yashashining namunasi hisoblanadi. Xalqimiz hamma vaqt boshqa xalqlar va konfessiyalar vakillariga nisbatan o'zining bag'rikenglik, xayrixohlik va hurmat bilan yondashishini namoyon etib kelgan.

Ikkinchi jahon urushi millionlab odamlarning yostig'ini quritib, ularning tinch-osuda hayotiga zomin bo'ldi. Yurtimizning mard va jasur farzandlari nafaqat urushning o't-olovli maydonlarida jang qilgan, balki front ortida ham g'alaba uchun tinimsiz mehnat qilgan. O'sha yillari o'zbek xalqi front hududlaridan evakuatsiya qilingan 250 mingdan ortiq turli millat farzandlarini o'z bag'riga oldi, urush tufayli yetim qolgan bolalarni oq yuvib, oq tarab tarbiyaladi. Millionlab rus, ukrain, belarus va boshqa millat vakillari O'zbekiston zamini timsolida o'z uylarini, o'z qondoshlarini topdilar. Ularning hozirgi avlodlari uchun esa O'zbekiston ona Vatandir. Chunki ular shu yerda tug'ilgan. Shu yerda o'qib, obro'-e`tibor topgan, xalqimizning mehr chashmasidan baxramand bo'lgan.

Ukraina qahramoni, Qrim davlat industrial pedagogika instituti rektori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi Fevzi Yoqubov shunday deydi: «Jahon sivilizatsiyasi yutuqlari haqida gapirganda, odatda, Yunoniston va Italiyaning fanga, Buyuk Britaniya va Fransiyaning madaniyatga, Germaniya va Amerikaning texnikaga, Yaponiya va Shvetsiyaning texnologiya taraqqiyotiga qo'shgan hissasi ko'p tilga olinadi. Agar bu ro'yxatni davom ettirib, ezgulik, oso­yishtalik, yaqinlarga mehru muhabbat tuyg'ulari borasida gapiradigan bo'lsak, albatta, birinchi qatorga O'zbekistonni yozish zarur. Agar bu bebaho insoniy qadriyatlar masalasida xalq va mamlakatlarga baho beriladigan bo'lsa, shubhasiz, eng yuksak bahoga o'zbek xalqi va O'zbekiston sazovor bo'lardi».

1995 yilning 16 noyabr kuni YuNYeSKO Bosh konferensiyasining yigirma sakkizinchi sessiyasida «Bag'rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi» tasdiqlangan edi. Tarix sahifalariga xalqaro bag'rikenglik kuni sifatida kiritilgan ushbu kun har yili butun dunyoda keng nishonlanadi.

Shu o'rinda aytish joizki, mazkur deklaratsiyani  BMTga a`zo 185 ta davlat qatorida O'zbekiston ham imzolagan.

Zero, bag'rikenglik ko'p millatli O'zbekiston xalqi uchun muqaddas tushuncha. U asrlar davomida shakllanib, sayqallanib, ayni paytda takomillashib kelmoqda. O'lkamizda tolerantlik fazilatlarining tarixiy ildizlari, madaniy va iqtisodiy munosabatlarning ravnaqi, qadimiy manzillarning rivojlanishi, savdo-sotiq va sivilizatsiya markazlarining paydo bo'lishi bilan bevosita bog'liqdir. Bu haqda so'z ketganda ulug' ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur o'z «Tuzuklari»da: «Saltanat ishlarini murosayu madora, muruvvat va sabr-toqat bilan yurgizdim. Ko'p narsalarni bilib tursam ham o'zimmi bilmaslikka olardim. Do'stu dushman bilan murosayu madora qildim», degan so'zlarini eslash lozim bo'ladi.

Istiqlol yillarida O'zbekistonda barcha millat vakillari orasida etnik-madaniy asoslarda jipslashish jarayonlari sodir bo'ldi. Milliy madaniy markazlar vujudga keldi. 1992 yilning yanvar oyida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Baynalmilal madaniyat markazi tashkil qilindi. 1995 yilda mamlakatdagi milliy madaniy markazlar soni 80 ta edi. Hozirgi kunda  mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar, diniy konfessiyalar  vakillari yagona oila farzandlaridek yashab mehnat qilmoqdalar. Ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, to'laqonli ta`lim-tarbiya olishi, mehnat qilishiga oid huquqiy kafolatlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o'z ifodasini topgan. Zaminimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining an`ana va urf-odatlari, qadriyatlarini saqlash, yanada rivojlantirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlarning yaratilgani e`tiborga molikdir.

Respublika Baynalmilal madaniyat markazi fuqarolik jamiyatining turli bo'g'inlari — jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar bilan birgalikda turli millat va diniy konfessiyalar o'rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga faol hissa qo'shib kelmoqda. Muntazam ravishda o'tkazib kelinayotgan xalq sayllari, badiiy va fotoko'rgazmalar, ko'rik-tanlovlar, konsertlar, qolaversa, «O'zbekiston — umumiy uyimiz» mavzuidagi do'stlik festivallari shular jumlasidandir.

Bugungi kunda diyorimizda istiqomat qiluvchi barcha millat vakillarining hamjihatligi, o'zaro inoq va birdamligi, avvalo, xalqimizning bag'rikengligidan, qolaversa, yurtimizda qaror topgan  tinchlik-osoyishtalik, bar­qarorlik natijasi deb aytishimiz mumkin. Zero, yurtimiz har doim ko'p millatli va ko'p dinlilik sharoitida  mehr-muhabbat va saodat manzili sifatida jahon hamjamiyatining e`tirofiga sazovor bo'lib kelgan.

Gulmira SODIQOVA

30 marta o`qilgan