Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

E'tirof
Yosh musiqachilar muvaffaqiyati
30.09.2011 13:47

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarga moddiy va ma`naviy yordam ko'rsatish, ularni yangidan-yangi ijodiy parvozlar sari da`vat etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar o'z samarasini bermoqda. Bu esa, o'z o'rnida ko'plab umidli yoshlarimizning nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosdagi nufuzli ko'rik-tanlovlarda muvaffaqiyat qozonishida ham o'zining yorqin ifodasini topmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2008 yilda qabul qilingan «Bolalar musiqa va san`at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo'yicha 2009-2014 yillarga mo'ljallangan Davlat dasturi to'g'risida»gi Qarori o'g'il-qizlarga jahon andozalari darajasida musiqiy ta`lim berish, bu yo'nalishdagi bilim dargohlari ishini takomillashtirish barobarida yosh iste`dod sohiblarini kashf etishda yana bir muhim qadam bo'ldi.

- Joriy yilda yosh san`atkorlarimiz respublika va xalqaro miqyosda bo'lib o'tgan ko'plab nufuzli xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarga yuksak e`tibor qaratilayotganini yana bir bor namoyish etdi, - deydi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Musiqa va san`at ta`limi muassasalari boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Jumaqul Shomurodov. - Ayni payt­gacha xalqaro festival va ko'rik-tanlovlarda yosh san`atkorlarimizning qariyb 30 nafarga yaqini o'z iqtidorini namoyish etib, sovrindor bo'lishdi.

Xususan, yaqinda Italiyaning San Bartolomeo al-Mare shahrida o'tgan yosh musiqachilarning «Giovani Talenti» 26-xalqaro tanlovida yurtimizning yosh musiqachilari jahon va o'zbek kompozitorlarining asarlarini yuksak mahorat bilan ijro etib, tanlov hakamlar hay`ati, san`atshunoslar, ixlosmandlarning yuksak e`tirofiga sazovor bo'ldi. Unda R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining o'quvchisi Dilshod Narzullayev violonchel ijrosida hamda Oqila Mirxo'jayeva fortepiano chalish bo'yicha tanlovning Gran-prisini qo'lga kiritdi. Mazkur litseyning yana bir o'quvchisi Yulduz Mullajonova esa skripka chalish bo'yicha uchinchi o'rinni egalladi.

- Inson qalbiga yuksak va olijanob tuyg'ularni singdirish, uni ezgu va xayr­li ishlarga da`vat etishda, ma`naviyatini yuksaltirishda musiqaning o'rni va ahamiyati beqiyos, - deydi Oqila Mirxo'jayeva, - Yurtimizda san`atni yanada rivojlantirish, iste`dodli yoshlarni aniqlash va rag'batlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Italiyadagi xalqaro tanlovda yurtdoshlarimiz, ota-onamiz va umuman bizga ishonch bildirgan barcha kishilarning cheksiz mehr-e`tiborini chin yurakdan his etgan holda ishtirok etdik. Ushbu rag'bat bizga qanot bag'ishlab, yanada ulkan yutuqlar sari undaydi.

- Musiqa insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyotlaridandir, - deydi Respublika musiqa va san`atga ixtisoslashgan maktab-internati direktori Zulfiqor Xolmirzayev. - Shuning uchun ham musiqa tili, millati, dini va urf-odatidan qat`i nazar, yer yuzidagi ko'plab millat va xalqlarni birlashtiradigan qudratli va ta`sirchan vositalardan biridir. Qayd etishim lozimki, bizning maktab-internat o'quvchilari ham har yili mamlakat va xalqaro festival va ko'rik-tanlovlarda muntazam qatnashib, doimiy ravishda sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritib keladi. Jumladan, shu yil 2-14 sentyabr kunlari Italiyaning Fermo shahrida o'tkazilgan «Italy Percussion Competition» xalqaro zarbli cholg'ular festivalida maktabimiz o'quvchisi Abdulaziz Rahimberdiyev marimba cholg'usi ijrochiligi bo'yicha birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.

Hasan MO'MINOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

 

27 marta o`qilgan