Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Hayot va qonun
Bolalar fazlu kamolini ifoda etadi
24.12.2011 13:58

Inson va uning manfaatlari ustuvor sanalgan mamlakatimizda fuqarolar huquq va manfaatlarini ta`minlashga jiddiy e`tibor qaratilmoqda. Bu borada, avvalo 1992 yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida o'rni bor. Bosh Qonunimiz asosida qabul qilingan inson huquq va manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan qonunlar ichida kelajagimizga bevosita daxldor bo'lgan huquqiy hujjat bor, bu - 2008 yil 8 yanvarda qabul qilingan «Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni. Darvoqe, O'zbekiston mustaqillikka erishgach qo'shilgan dastlabki xalqaro hujjatlardan biri ham 1992 yil 9 dekabrda parlamentimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiya bo'lgan edi.

O’zbekiston Respublikasi «Bola huquqlarining kafolotlari to'g'risida»gi Qonunida bola huquqlarini himoya qilish bo'yicha davlat siyosati o'ziga xos tarzda talqin etiladi. Bu boradagi asosiy yo'nalishlar quyidagilardan iborat etib belgilangan: bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash; bolaning hayoti va sog'ligini muhofaza qilish; shuningdek, bolaning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik; bolaning sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish; bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta`minlash kabi jami yigirmadan ziyod bandlar o'g'il-qizlar manfaatini himoya etib, ularning kelajak hayoti uchun kafolot hisoblanadi. Qonunning 4-moddasida bolalarning jismoniy intellektual, ma`naviy va ahloqiy kamol topishiga ko'maklashish, ularda vatanparvarlik, fuqarolik, bag'rikenglik va tinchliksevarlik tuyg'ularini tarbiyalash borasidagi bandlar ham qayd etilganki, bu bolalarning fazlu kamolotini, bir so'z bilan aytganda, ertangi yorug' kelajagini ifoda etadi. Bunda bolani O'zbekiston xalqining tarixiy va milliy an`analari, ma`naviy qadriyatlari hamda jahon madaniyati yutuqlari bilan tanishtirish, uning shaxsini, ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorligini rivojlantirish, bola tashabbusini qo'llab-quvvatlash katta ahamiyat kasb etadi.

Shu o'rinda mazkur Qonun mohiyatini tashkil etgan muhim bosqichlardan biri - hujjatning 11-moddasi - bolaning himoyaga bo'lgan huquqiy kafolatlari xususida to'xtalib o'tsak. Zotan, bunda har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof hatti-harakatlari, mansabdor shaxslarning g'ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o'rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuratura, sud tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa bola huquqlari borasida ayniqsa, kattalar, aniqrog'i, ota-onalarning yanada burchli, mas`uliyatli bo'lishlarida katta ahamiyat kasb etadi. Xullas, jami oltita banddan iborat ushbu modda ham mazmunan bir-birini to'ldiradi.

Bizningcha, shu o'rinda sohadagi qonunchilik targ'ibot-tashviqotiga yanada e`tibor oshirish kerak. Binobarin, O'zbekiston Respublikasining «Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi Qonuniga maktab va boshqa o'quv dargohlarida huquq targ'iboti doirasida dars soatlari ajratilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Farzandlarimizning hech kimdan kam bo'lmasligi, barcha jabhalarda bilimdon bo'lishida ularning, o'z haq-huquqlarini yaxshi bilishlari alohida ahamiyat kasb etadi. Axir, har tamonlama bilimdon, zukko farzandlar - bizning ertamiz. Zero, bugungi globallashuv davri o'g'il-qizlarimizni ana shunday yetuk bo'lishlarini talab etayapti.

Shahnoza TO'YCHIYEVA,

Qibray tumani 1-sonli davlat notarial idorasi notariusi

 

 

42 marta o`qilgan