Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Hayot va qonun
Inson manfaatlarining ishonchli himoyasi
18.12.2011 19:08

Mamlakatning taraqqiyot yo'li, xalq taqdiri va kelajagi uning milliy davlatchilik  barpo etish jarayonida yaratilgan huquqiy tizimning mustahkamligiga ko'p jihatdan bog'liqdir. Aytish joiz, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish har bir demokratik davlatning ustuvor vazifasi sanaladi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ana shunday insonparvar huquqiy davlat barpo etish maqsadi belgilangan bo'lib, undagi me`yorlar orqali inson huquqlari, shuningdek, demokratiya va ijtimoiy adolat g'oyalariga sodiqlik, xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari ustuvorligi ifodalangan.

Davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida alohida ta`kidlaganidek, Konstitutsiyamiz qonun ustuvorligi, uning barcha fuqarolar uchun tengligini va shuningdek, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishining huquqiy prinsipini belgilab berdi, ularning mustaqilligi, mustaqil hokimiyat tarmog'i sifatida rivojlanishini kuchaytirishga, demokratik davlatning asosiy hal qiluvchi sharti bo'lgan hokimiyatlar o'rtasida o'zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmini shakllantirishga qaratilgan qonuniy negizni yaratdi.

Asosiy Qonunimizning 13-moddasida «O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha`ni va qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi», deb belgilangan. Ta`kidlash joizki, milliy qonunchiligimizdan mustahkam o'rin olgan bunday insonparvarlik tamo­yillari fuqarolar huquq va manfaatlari muhofazasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, insonni e`zozlash, uning huquqlarini kafolatlash, manfaatlarini himoya qilish fuqarolik jamiyati barpo etishning bosh mezoni sanaladi.

Bu borada ayniqsa, sud hokimiyati jamiyatda qonun ustuvorligi va inson huquqlari himoyasini ta`minlovchi yaxlit tizim sifatida shakllanganini alohida e`tirof etish o'rinlidir. Konstitutsiyamizning 44-moddasida  qayd etilganidek, har bir shaxsga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, jamoat birlashmalarining g'ayriqonunuiy hatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Shu bois, bugun sud-huquq islohotlari jarayonida, eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud tartibida himoya qilish ko'lamini kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimizda tadbirkorlarning huquq va manfaatlari ta`minlanib, xususiy mulkdorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Ushbu yo'nalishda huquqiy himoya tizimi tobora mustahkamlanayotgani amalda o'z samaralarini bermoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2005 yil 14 iyunda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub`ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoniga asosan tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan huquqiy ta`sir choralari faqat sud orqali qo'llanilishi tartibi joriy etildi. Ushbu muhim me`yor 2011 yil 21 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga muvofiq Xo'jalik protsessual kodeksida o'zining keng ifodasini topdi.

 Muxtasar aytganda, sud-huquq tizimini isloh qilish va yanada liberallashtirish, eng avvalo, sudlarning amaldagi mustaqilligi va erkinligini ta`minlash borasidagi izchil islohotlar, o'z navbatida, sudlarning qonuniylik va ijtimoiy adolatni ta`minlashdagi o'rnini yanada  mustahakamlashga xizmat qilayotir. Endilikda fuqarolar hayotda duch kelayotgan turli qonunbuzarlik va adolatsizliklar yuzasidan  to'g'ridan-to'g'ri sudlarga murojaat etayotgani ularning ushbu organga nisbatan ishonchi yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Arol NORMO'MINOV,

Buxoro viloyat Xo'jalik sudi raisining o'rinbosari

42 marta o`qilgan