Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Hayot va qonun
Kelajakka mustahkam poydevor
18.12.2011 19:44

Bugun inson sha`ni va qadr-qimmati ulug'vorligi tobora mustahkam qaror topib borayotgan yurtimizda xalqimiz turmush farovonligi muttassil yuksalib, ulkan maqsad-muddaolar sari dadil odimlab bormoqdamiz. Bularning bari mamlakatimizda eng avvalo, inson huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlarning samarasi demakdir. Kirib kelayotgan yangi - 2012 yilning davlatimiz rahbari tomonidan «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi ham bu boradagi ezgu maqsadlarimizning mantiqiy davomi bo'ldi.

Ma`lumki, mamlakatimizda jamiyatning eng muhim bo'g'ini bo'lgan oila institutini milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida rivojlantirish, uni ijtimoiy hayotdagi nufuzini oshirish masalasiga katta e`tibor qaratib kelinmoqda. Bosh qomusimizda oilaning maqomi aniq belgilab qo'yilgani, shu asosda Oila, Fuqarolik kodekslari va boshqa qonun hujjatlari qabul qilinib, muhim huquqiy poydevor yaratilgani bu boradagi ezgu sa`y-harakatlarimizga keng yo'l ochmoqda.  Xususan, 1998 yil mamlakatimizda «Oila» yili deb e`lon qilinishi bu yo'ldagi muhim qadamlardan biri bo'lgan edi.

Aytish joiz, har bir insonning ma`nan va jismonan sog'lom kamol topishida, kelajakka ezgu maqsad-muddaolar bilan intilishida oiladagi tarbiyaviy muhit, shart-sharoitning ahamiyati beqiyos.  Oilada sog'lom muhit qaror topishini ta`minlash esa turmush qurayotgan yoshlarga ko'p jihatdan bog'liqdir. Boisi bo'lajak ota-ona yosh oila qo'rg'onini qanchalik mustahkam barpo etsa, uning ertasi shunchalik yorug' bo'ladi. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek: «...mustahkam oila va baxtli turmush avvalambor oila quradigan yoshlarning o'ziga, ularning aql-zakovati, ma`naviy fazilatlariga, oila, jamiyat oldidagi o'z burchi va mas`uliyatini chuqur anglab yetishiga bog'liq. Bu haqiqatni hech kim inkor etolmaydi. Lekin, endi paydo bo'lgan, katta umid bilan hayotga qadam qo'yayotgan yosh oilani moddiy va ma`naviy jihatdan keng qo'llab-quvvatlash, ularga ko'mak, imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berish, avvalo, uy-joy bilan ta`minlash - bularning barchasi uchun nafaqat ota-onalar, birinchi navbatda davlat va jamiyatimiz mas`uldir...».

Darhaqiqat, bugun yurtimizda yosh oilalarni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlash, ularni uy-joy bilan ta`minlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz Prezidentining 2007 yil 18 mayda «Yosh oilalarni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni yosh oilalarga bo'lgan e`tibor va g'amxo'rlikning yorqin namunasi bo'lib, bu mustaqil hayot ostonasiga qadam qo'yayotgan yoshlarimizning tinch va farovon turmush tarzini ta`minlashga munosib xizmat qilayotir.   Bu borada, eng avvalo, turmush quruvchi yoshlarni salomatligini mustahkamlash masalasiga katta e`tibor qaratilayotganini ham alohida e`tirof etish o'rinlidir. Zero, sog'lom oiladagi sog'lom nasl dunyoga keladi.  Sog'lom avlod esa har bir millatning munosib davomchisi, yurt kelajagining mustahkam poydevori demakdir.  Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, oila sog'lom ekan - jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan - mamlakat barqaror.

Bir so'z bilan aytganda, bugun yurtimizda har bir  oilada sog'lom muhitni qaror toptirishga qaratilayotgan e`tibor va g'amxo'rlik, bu boradagi izchil islohotlar xalqimiz turmush farovonligi, jamiyatimiz taraqqiyotini yuksaltirish orqali yangi «Mustahkam oila yili»da yanada keng ko'lam kasb etishi shubhasiz.

Nilufar HAMIDOVA,

Toshkent bank kolleji o'qituvchisi

59 marta o`qilgan