Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Hayot va qonun
Millat taqdiriga daxldor masala
18.12.2011 19:20

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimizda oilaning jamiyatda tutgan o'rnini yanada oshirish, uni huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma`naviy-axloqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish, sog'lom oila vujudga kelishi uchun  barcha tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratish, oila ma`naviyatini yuksaltirish borasida tizimli islohotlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kirib kelayotgan yangi - 2012 yilga yurtimizda «Mustahkam oila yili» deb nom berilishi bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko'tarishi, shubhasiz. Aytish joizki, bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda oila qurayotgan yoshlarga mazkur islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, oila qonunchiligi asoslari, sog'lom turmush tarzi, farzandlar tarbiyasiga oid bilimlarni oshirish borasida targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Poydevori mustahkam bino hech qachon buzilmaydi. Bunday qiyosni oila qo'rg'oniga nisbatan ham bildirish o'rinlidir. Shu boisdan ham adliya organlari tomonidan nikoh masalasida yoshlarning belgilangan tartibda tibbiy ko'rikdan o'tishini ta`minlash, ularning huquq va burchlari, nikoh mas`uliyati, huquq va majburiyatlari tengligi to'g'risida yo'l-yo'riq berishni  samarali tashkil qilish  yo'lidagi barcha sa`y-harakatlar, eng avvalo, oila mustahkamligini ta`minlashga  qaratilgan.

Bunda, albatta, oilaning muqaddasligi hamda nikoh mas`uliyati bo'yicha turmush qurayotgan yoshlarning bilim va tushunchalarini bo­yitishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Chunonchi, tashkil etilayotgan davra suhbatlari, seminarlarda mutaxassislar yordamida oila qurishning ma`naviy-axloqiy, ijtimoiy-huquqiy jihatlari, balog'at yoshi bilan bog'liq biologik, fiziologik o'zgarishlar, qarindosh-urug'chilik asosida oila qurishning zararli oqibatlari, bunday xatolarning  achchiq mevalari ko'z o'ngimizda namoyon bo'layotganligi aniq misollar asosida batafsil va atroflicha tushuntirilmoqda.

Ma`lumki, sog'lom bolaning dunyoga kelishida sog'lom oilaning o'rni katta. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori mohiyatan ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Ushbu qaror ijrosini ta`minlash yuzasidan olib borilayotgan sa`y-harakatlar samarasi o'laroq, kelgusida befarzandlik, jismoniy, ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bola tug'ilishining, ajralishlarning kamayishiga, onalar o'limi va nogiron farzandlar tug'ilishining oldini olishga erishilmoqda.

Bugun barcha huquqiy targ'ibotlarimiz oila mustahkamligini ta`minlashga xizmat qiladigan turli yo'nalishlarni qamrab olgan. Jumladan, turmush qurish uchun Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limlariga ariza berishga kelgan bo'lajak kelin-kuyovdan nikoh shartnomasi tuzish xususidagi fikrlari so'ralganda, ayrim yoshlarga bu taklif va bu savol g'alati tuyuladi. Ko'pchilik yoshlarimiz o'zlarini go'yoki bu holat qurilajak oilaning obro'siga putur yetkazadigandek tutishadi. Mazkur shart­noma esa ular o'ylaganidek, oila buzilganda mol-mulkni ajrim qilish uchungina kerak bo'ladigan «qog'oz» emas, balki er-xotin munosabatlari, huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi, oila mustahkamligiga xizmat qiluvchi asosiy hujjatdir. Oila Kodeksining 30-moddasiga asosan, nikoh shartnomasi nikoh ro'yxatga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Oila qurib hayot kechirayotgan fuqarolar ham nikoh shartnomasini tuzishga haqlidirlar.

Kezi kelganda aytish lozimki, mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy tipdagi, ostonasiga qadam qo'yayotgan har bir kishining yuragini to'lqinlantiradigan darajada  shinam va muazzam Baxt uylarining qurib foydalanishga topshirilishi ham oila qurayotgan yoshlarning qalbini g'urur va ishonch tuyg'ulari bilan to'ldirmoqda, yoshlarning mas`uliyat hissini oshirmoqda.  Navoiy viloyatida istiqlol yillarida Konimex, Xatirchi va Karmana tumanlarida ana shunday ko'rkam binolar qurilib, foydalanishga topshirildi va bugungi zamon talabiga mos tarzda jihozlandi. Bo'lajak kelin-kuyovlarning to'y marosimlarini o'tkazish uchun banket zallari tashkil etilgan. Ayni paytda Navoiy shahri va  Nurota tumanlarida ham ana shunday  Baxt koshonalari foydalanishga topshirilishi taraddudi ko'rilmoqda.

Muxtasar aytganda ham ma`nan,  ham jismonan sog'lom oilaning vujudga kelishi millat taqdiriga daxldor masala ekanligini his etgan holda amalga oshirilayotgan xayrli  ishlarni izchil davom ettirishga barchamiz mas`ulmiz.

Manzura QO'LDOSHYEVA,

Navoiy viloyat adliya boshqarmasi qoshidagi «Mudiralar kengashi» raisi, Navoiy shahar FHDYO bo'limi mudiri

 

56 marta o`qilgan