Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Hayot va qonun
Odam savdosiga qarshi kurash: butun insoniyatni jiddiy o'ylantirayotgan masaladir
24.12.2011 13:59

Bugungi kunda odam savdosi eng katta va jiddiy muammolardan biri bo'lib qolmoqda. Bu illat, eng avvalo, inson huquqlari hamda erkinligini poymol qilish deganidir. Zero, mazkur jinoyat insonni eng asosiy huquqlaridan mosuvo qilish bilan barobardir. 

Bugun odam savdosi insonga, uning or-nomusi, sha`ni, qadr-qimmati, osoyishta hayoti va kelajagiga tahdid soluvchi transmilliy uyushgan jinoyatchilik turlaridan biriga aylangan. Manbalarga qaraganda, odam savdosi «bozori» hozirgi kunda yer yuzida narkotik va psixotrop moddalar hamda qurol-yarog' savdosidan keyin uchinchi o'rinda turar ekan. Jumladan, BMT ma`lumotlariga ko'ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming nafar kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Har yili 600-800 ming nafargacha ayollar va bolalar aldov yo'llari bilan chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilayotgani ham mazkur masalaning allaqachon global muammoga aylanganidan dalolatdir.

Shu bois yurtimizda odam savdosining oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy asos yaratilgan va bu borada samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida bunday yo'lga qadam qo'yish noqonuniy harakat deya baholanib, jinoiy jazo belgilangan. 2008 yil 17 aprelda O'zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi Qonuni, shuning­dek, mazkur Qonun ijrosini ta`minlash bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori, 2008-2010 yillarda odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo'yicha Milliy tadbirlar rejasi mazkur muammoga qarshi kurashish, chet ellarda fuqarolardan majburiy mehnatda foydalanishning oldini olish hamda bu boradagi jinoyatlarni tag-tomiri bilan yo'q qilishda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlat organlari, fuqarolarning o'zini o'zi bosh­qarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning tegishli faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining tuzilib, faoliyat olib borayotgani ham bunda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Aytish joizki, odam savdosidan hech bir mamlakat, hudud to'la-to'kis himoyalanmagan. Chunki bunday turdagi jinoyat barcha davlatlarga kirib borgan. Har bir mamlakat u yoki bu shaklda, u xoh tranzit, xoh manba mamlakat bo'lsin, bu illatdan barobar jabr ko'rmoqda. Mamlakatimiz ham dunyo hamjamiyatining bir bo'lagi sifatida bu muammodan chetda emas. Shu jihatdan odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlar uchun jazo choralarini keskin kuchaytirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgani e`tiborga molikdir. 

Ayni paytda mamlakatimizda odam savdosidan jabrlangan insonlarni ma`nan sog'lom hayotga qaytarish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu borada mamlaktimizning ko'plab viloyatlarida reabilitatsiya markazlari samarali faoliyat yuritayotganini ta`kidlash joiz.

Davlatimiz rahbari «O'zbekiston XXI  asr bo'sag'asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» nomli asarida yengil yo'l bilan juda katta boylik orttirish sharpasi turli mamlakatlardagi jinoyatchi unsurlarning birlashishiga, xalqaro jinoyatchi hamjamiyatlar paydo bo'lishiga olib kelishini ko'rsatuvchi misollar bugun dunyo amaliyotida yetarli ekanligini ta`kidlab, ularning faoliyat sohasi barchaga ma`lum: u nopok pul topish imkoni bo'lgan hamma joyda qo'llaniladi degan edi. Ushbu fikrlarning nechog'lik to'g'ri ekanini bugun hayot ko'rsatmoqda. Demak, osoyishta va farovon hayotimizga rahna soluvchi har qanday xavf-xatardan ogoh bo'lishimiz lozim.

Yodgor BERDIYEV,

Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi mas`ul xodimi

 

72 marta o`qilgan