![]() |
![]() |
![]() |
Hayot va qonun
Sha`n va qadr-qimmat - oliy qadriyat
18.12.2011 19:07
Mamlakatimiz istiqlolning dastlabki yillaridanoq inson huquqlari hamda erkinliklarini har tomonlama himoya qilish, bu huquqlarning ro'yobga chiqarilishini ta`minlashga qaratilgan kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo'lidan dadil odimlab bormoqda. Aytish joiz, yurtimizda inson huquqlari ustuvorligini ta`minlashda, davlat bilan fuqarolarning o'zaro siyosiy-huquqiy munosabatlarini tartibga solishda Konstitutsiyamiz muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Bosh Qomusimizda inson, uning huquq va erkinliklari, sha`ni, qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e`tirof etiladi. Bu esa har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilishda xalqaro huquqning umume`tirof etilgan g'oyalarini, umumbashariy qadriyatlarni o'zida namoyon etgani bilan ahamiyatlidir. Inson manfaatlari va erkinliklari haqida so'z yuritganda, eng avvalo, shaxsiy daxlsizlik huquqi haqida to'xtalib o'tish o'rinlidir. Zero, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik har bir inson tug'ilishi bilan qo'lga kiritiladi, bu har kim erkin, o'z ixtiyori bo'yicha harakat qilish imkonini beradigan uzviy huquqdir. Eng muhimi, bu kabi huquqiy qoidalar Konstitutsiyamizdagi tegishli moddalarda o'z aksini topgan. Jumladan, Bosh Qomusimizning 24-moddasida yashash har bir insonning uzviy huquqi ekanligi, 25-moddasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi belgilab qo'yilgan. O'tgan davr mobaynida bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik bazasi qayta ko'rib chiqilib, yanada takomillashtirildi. 1991 yil 30 sentyabrda mamlakatimizning Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasiga qo'shilishi bu boradagi dastlabki muhim qadam bo'lgan edi. Ushbu halqaro huquqiy hujjatning qoidalarida mustahkamlangan inson huquq va erkinliklarini ta`minlash, inson hayoti daxlsizligi, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa qonuniy manfaatlar himoyasi Konstitutsiyamizda ham o'z aksini topgan. Bir so'z bilan aytganda, Bosh Qomusimiz mamlakatimizda inson, uning manfaatlarini ro'yobga chiqarishga qaratilgan islohotlarni izchil amalga oshirishning muhim kafolatidir. Akbar BOBOYEV, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o'quv kurslari tinglovchisi
38 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|