![]() |
![]() |
![]() |
Hayot va qonun
Sog'lom oila - jamiyat tayanchi
22.09.2011 22:25
Xalqimizda «Oila muqaddas qo'rg'on» degan naql bor. Aytish joiz, ana shu qo'rg'onning mustahkam bo'lishida inson uchun bebaho boylik sanalgan salomatlikning ham o'rni katta. Zero, sog'lom va hamjihat bo'lgan oilada jismonan baquvvat, ma`naviy jihatdan yetuk va komil insonlar shakllanadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustda qabul qilingan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori mohiyatan ana shu ezgu maqsadga yo'naltirilgan bo'lib, unda aynan sog'lom oilani shakllantirish, irsiyat bilan bog'liq va tug'ma kasalliklarga chalingan bolalarning tug'ilishining oldini olish maqsadida oila qurayotgan yoshlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish ustuvor vazifa etib belgilangan. E`tiborli jihati shundaki, qaror bilan tasdiqlangan Nizomda nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish jarayoni bepul amalga oshirilishi belgilab qo'yilgan. Ya`ni, nikohlanuvchi shaxslar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limiga nikohga kirish uchun ariza bilan murojaat etgach, ularga tibbiy ko'rikdan o'tish uchun doimiy yoki vaqtincha yashash joyidagi tibbiyot muassasasidan tibbiy ko'rikdan o'tish uchun yo'llanma beriladi. Yo'llanmaga asosan, nikohlanuvchilar besh xil turdagi, ya`ni ruhiy, narkologik, zaxm, sil va OIV/OITS kasalligi bo'yicha tekshiruvdan o'tkaziladi. Nikohlanuvchilarning tibbiy ko'rikdan o'tganligi natijasi tibbiyot muassasasi xulosasi (ma`lumotnoma)da aks ettiriladi. Nikohlanuvchi shaxs nikoh qayd etilgunga qadar ikkinchi tomonni tibbiy tekshirish natijalaridan xabardor qilishi, nikohni qayd etishda esa FHDYo organi nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko'rikdan o'tganligi va ikkala tomonning tekshirish natijalaridan xabardor ekanligiga ishonch hosil qilishi shart. Nikohlanuvchilar tibbiy ko'rik natijasi bilan tanishtirilgach, FHDYo bo'limi xodimi belgilangan tartibda nikohni qayd etadi. Ta`kidlash o'rinliki, mazkur huquqiy-me`yoriy hujjat mamlakatimizda sog'lom oilani shakllantirish uchun shart-sharoit yaratish borasida ijobiy ahamiyat kasb etib, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan bir qator muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Arofat NURIDDINOVA, Qibray tumani Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limi xodimi
138 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|