Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Hayot va qonun
Soliq bilimdonlari safi kengaymoqda
18.12.2011 19:43

Ma`lumki, bugungi kunda mamlakatimizda o'sib kelayotgan yosh avlodning yetarlicha ta`lim-tarbiya olishiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, zamonaviy ta`lim makanlarida ta`lim-tarbiya olayotgan bugungi yoshlar mustaqil yurtimiz kelajagining ishonchli vorislaridir.

Ozod va obod yurtda hech kimdan kam bo'lmay kamol topayotgan baxtiyor o'g'il-qizlarning har tomonlama bilimli va zukko barkamol insonlar bo'lib yetishishlari uchun amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida ularning soliqqa oid bilimi ham takomillashtirilib borilmoqda. Jumladan, bir necha yildan buyon O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tashabbusi bilan umumta`lim maktablarida maktab o'quvchilarining soliqlar haqidagi bilimini oshirish va tassavurlarini boyitish, kelgusida jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib ulush qo'shadigan bilimdon yoshlar safini kengaytirish va ular hisobiga soliq tizimi idoralarini har tomonlama bilimdon kadrlar bilan ta`minlash maqsadida bir qator tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. Bu esa, o'z navbatida, o'quvchi yoshlar orasidan kelgusida soliq sohasiga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni aniqlab olishda muhim omil bo'lmoqda.

Jondor tuman Davlat soliq inspeksiyasi ham bu borada bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, tuman xalq ta`limi bo'limi bilan hamkorlikda tumandagi barcha umumiy ta`lim maktablarida soliq hizmatining malakali xodimlari ishtirokida «Ochiq dars»lar tashkil etilmoqda. Malakali xodimlarimiz tomonidan tumandagi 25-sonli, 1-sonli maktablarda o'tkazilgan darslar ayniqsa, o'quvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Maktablarda o'tkazilayotgan bu singari «Ochiq dars»lar chog'ida o'quvchi yoshlar soliqlar, shuningdek, soliqlarning mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishdagi o'rni, O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi haqida qisqacha ma`lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Bunday darslar o'quvchi yoshlarning nafaqat soliq sohasidagi bilimlarini oshirayapti, balki ular orasida kelajakda ushbu kasbni tanlab, el-yurt koriga yaraydigan inson bo'lib yetishishni o'z oldiga ezgu maqsad qilgan yosh soliqchilarning safi kengayishiga zamin yaratmoqda.

Faxriddin MARDONOV,

Jondor tumani Davlat soliq

inspeksiyasi boshlig'i

 

38 marta o`qilgan