![]() |
![]() |
![]() |
Hayot va qonun
Xalqimiz zakosi va tafakkuri timsoli
18.12.2011 18:35
Istiqlol tufayli ajdodlarimizning asriy orzu-niyatlari ro'yobga chiqdi. Mamlakatimiz o'zining yangi taraqqiyot bosqichida xalqimizning urf-odatlari, siyosiy va huquqiy boy merosiga, xorijiy mamlakatlarning ilg'or huquqiy tajribasiga va umume`tirof etilgan xalqaro huquq me`yorlariga asoslangan milliy huquq tizimiga ega bo'ldi. Shubhasiz, bu tizimni shakllantirishda, yurtimizda barpo etilayotgan insonparvar, adolatli va demokratik huquqiy davlatning nazariy va huquqiy asoslarini ishlab chiqishda Asosiy qonunimiz zamin bo'ldi. Huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini eng oliy va ustuvor qadriyat sifatida qaror toptirish borasida qonunchilik sohasida va siyosatda erishilgan yutuqlarning barchasi Konstitutsiyamizda belgilab qo'yilgan talab va tamoyillar bilan uzviy bog'liqdir. Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek: «Avvalo, barchamiz bir haqiqatni anglab, tushunib bormoqdamiz - bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan bo'lsak, bularning poydevorida Konstitutsiyamiz - buyuk hayot qomusimiz turibdi». Konstitutsiyamiz qabul qilinganidan buyon o'tgan 19 yil milliy qonunchiligimiz tarixida o'ziga xos bir davrni tashkil etdi. Bu milliy qonunchilik tizimi shakllangan, huquqiy islohotlar, qonun ijodkorligi ko'nikmasi va tajribasi vujudga kelgan davr bo'ldi. Xalqimiz o'z Konstitutsiyasi orqali dunyo hamjamiyatiga umuminsoniy qadriyatlarga naqadar sodiq ekanligini namoyon qildi. Ushbu qadriyatlarning diqqat markazida inson, uning hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini ta`minlash davlatimiz oldidagi oliy mas`uliyat ekanligi asosiy g'oya sifatida tanlab olindi. Dunyoga kelgan har bir inson ozod va erkin yashashni, tinch va osoyishta turmush kechirishni orzu qiladi. Jamiyatimizning har bir a`zosiga bu kafolatni Konstitutsiyamiz beradi. Uning eng muhim jihati shundaki, u davlatimizni va biz qurayotgan jamiyatimizni dunyoga tanitish qudratiga ega bo'lgan hujjatdir. Unda hayotimizning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimi demokratik tamoyillarga asoslanishi, jamiyatda umuminsoniy qadriyatlar ulug'lanishi, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari kafolatlangani yaqqol namoyon bo'ladi. Konstitutsiyamizning muqaddimasidayoq o'zbek halqining inson huquqlari va davlat suvereniteti g'oyalariga sodiqligi, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas`uliyatni anglash, o'zbek davlatchiligining tarixiy tajribasiga tayanish, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqati, xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olish, O'zbekiston fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta`minlash, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish va nihoyat, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta`minlash kabi olijanob maqsadlar aniq bayon qilinganligi fikrimizga dalil bo'la oladi. Bosh qomusimizda inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari eng ustuvor qoidalar sifatida berilganining o'zi davlatimiz umuminsoniy qadriyatlarga naqadar sodiq ekanligidan dalolatdir. Hozirgi kunga kelib, mamlakatimiz inson huquqlariga doir oltmishdan ziyod xalqaro hujjatlarga qo'shilgani, BMT tomonidan mazkur sohada qabul qilingan asosiy xalqaro shartnomalar qatnashchisi ekanligi fikrimizni yana bir karra tasdiqlaydi. Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda bayon qilingan huquq me`yorlari milliy qonunchiligimizga, avvalo, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va shu sohaga daxldor ikki yuzdan ortiq qonunlarimiz orqali implementatsiya qilib kelinmoqda. Bunga misol tariqasida aytish mumkinki, mamlakatimizda o'lim jazosini bekor qilish hamda qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o'tkazishga oid qonunlar bilan keyingi yillarda amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolarning adolatli sud muhokamasiga bo'lgan huquqi, shaxsiy daxlsizlik kabi konstitutsiyaviy huquqlarini ro'yobga chiqarish uchun xizmat qilmoqda. Shu o'rinda, asosiy qonundan o'rin olgan jamoat birlashmalari, xususan, siyosiy partiyalar faoliyatiga doir konstitutsiyaviy qoidalar, shuningdek, ularning siyosiy jarayonlar, davlat organlarining shakllanishi va faoliyatidagi faol ishtiroki jamiyatimizda hurfikrlik va fikrlarning xilma-xilligi amalda tan olinganini tasdiqlaydi. Ma`lumki, davlatning fuqarolar oldidagi majburiyati demokratik davlatning o'ziga xos belgisi hisoblanadi. Konstitutsiyaviy me`yorlarda nafaqat insonning asosiy huquq va majburiyatlari, balki ularni ro'yobga chiqarish bo'yicha davlat idoralarining majburiyatlari ham o'z ifodasini topgan. Jumladan, 7-moddada O'zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko'zlab, Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo'yilgan. Ta`kidlash lozimki, mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridanoq boshqaruvning demokratik shaklini qaror toptirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Hamdo'stlik davlatlari orasida birinchilardan bo'lib respublikamizda Prezidentlik boshqaruvi joriy etildi hamda hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud organlari yangidan tashkil qilindi. Asosiy Qonunimizning 11-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi umume`tirof etilgan, tajribada sinovdan o'tgan demokratik usulga, ya`ni hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linish prinsipiga asoslanadi. Hokimiyat vakolatlarining taqsimlanish tizimida sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatiga nisbatan o'rni va salohiyatini belgilashda Konstitutsiyamizning 44-moddasida ko'rsatilgan har bir shaxsga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g'ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqining kafolatlanganligi to'g'risidagi qoida muhim ahamiyat kasb etadi. Ta`kidlash joizki, istiqlol yillarida Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va rahnamoligida mamlakatimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirish, odil sudlov faoliyatining sifat va samaradorligini oshirish, sudlarning mustaqilligini, mas`uliyatini, ularning roli hamda ta`sirini kuchaytirish, bir so'z bilan aytganda, jamiyatimizda tom ma`nodagi sud nazorati institutini qaror toptirish yo'lida, zamon hamda taraqqiyot talablaridan kelib chiqib, keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish, hokimiyatning mustaqil va alohida tarmog'i sifatida odil sudlov tizimini demokratlashtirish hamda fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish sudlar faoliyatining asosiy mazmuniga aylanib bormoqda. Biz intilayotgan demokratik jamiyatning istiqboli, birinchi navbatda, demokratik qadriyatlar har birimizning qalbimiz va ongimizdan qay darajada chuqur o'rin olishiga, bu qadriyatlarning nechog'lik asrab-avaylanishi va kelajak avlodlarga yetkazilishiga bevosita bog'liqdir. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 4 yanvardagi «O'zbekiston Respublikasi Konstitututsiyasini o'rganishni tashkil etish to'g'risida»gi Farmoyishi muhim omil bo'ldi. Ushbu Farmoyish ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlar fuqarolarning huquqiy ongi, madaniyati va tarbiyasini oshirishga, ularni Konstitutsiya va qonunlarni hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya istiqlolimiz sharofati, xalqimiz zakosi va tafakkurining mahsulidir. Shu bilan birga u mustaqilligimiz qalqoni, kelajagi buyuk O'zbekistonimizning mustahkam huquqiy poydevoridir. Konstitutsiyamizni shu nuqtai nazardan o'rganish, uning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, unga qat`iy rioya etish va targ'ib etish har birimizning jamiyat oldidagi muqaddas burchimizdir. Xolmamat HASANOV, Jinoyat ishlari bo'yicha Qashqadaryo viloyat sudi raisi
61 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|