![]() |
![]() |
![]() |
Ijtimoiy hayot
Imkoniyatlar bilan taraqqiyot sari
26.08.2011 15:04
Eng ulug', eng aziz ne`mat - mustaqillik mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi Urgut tumanida ham keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Zotan, nafaqat Samarqand viloyati, balki mamlakatimiz miqyosida o'ziga yarasha nufuz va o'tmishga ega bo'lgan bu tumanning taraqqiyoti, jozibasi-yu qiyofasi istiqlol yillarida amalga oshirilgan islohotlar samarasi o'laroq, butunlay yangidan bo'y ko'rsatdi. Muxbirimizning Urgut tuman hokimi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi Himmat Oqbo'tayev bilan suhbati ana shular xususida bo'ldi. - Vatanimiz mustaqilligining yigirma yillik qutlug' sanasi arafasida mustaqillik bergan imkoniyatlar xususida so'z yuritar ekanmiz, bu jihatlar tumanimizning har bir hududidagi betimsol o'zgarish va yangilanishlarda, eng muhimi, har bir vatandoshimiz hayotidagi yuksalishlarda o'z ifodasini topayotganini alohida ta`kidlashni istardim, - deydi suhbatdoshimiz. - Zero, davlatimiz va xalqimiz hayotida tom ma`noda tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan mustaqillik jannatmonand diyorimizning, shu jumladan, Urgut tumanining gullab-yashnashi, rivojlanishida ham beqiyos o'rin tutmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 6 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida»gi Qaroriga muvofiq shu kunlarda tumanimizning shahar va qishloqlari, korxona va tashkilotlarida ham eng ulug', eng aziz bayram tantanalari ko'tarinki ruhda nishonlanmoqda. Jumladan, keng jamoatchilik ishtirokida madaniy-ma`rifiy tadbirlar o'tkazilib, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Aytish joizki, mustaqillik sharofati bilan mamlakatimiz taraqqiyotning barcha sohalarida o'z qudrati va imkoniyatlarini namoyon etib bormoqda. Bu jarayonni Urgut tumani misolida ham yaqqol ko'rish mumkin. Keyingi o'n yilga nisbatan bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning o'sishi 20,3 barobarga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 70 barobarga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 11 barobarga oshganligi ham fikrimizni tasdiqlaydi. Yana raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, mustaqillikning dastlabki yillarida tumanda faqatgina davlat tasarrufidagi 4 ta sanoat korxonasi faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, hozirda 200 dan ortiq sanoat korxonalari, shundan chet el sarmoyasi ishtirokida 21 ta qo'shma korxona, 6 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari faoliyat yuritmoqda. - Ma`lumki, bugungi kunda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu e`tibor Urgut tumanida ham o'z isbotini topib, ushbu soha vakillari faoliyatida ijobiy samara berayotgani shubhasiz... - Albatta, shunday. Shu o'rinda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga e`tibor qaratadigan bo'lsak, nechog'li keng ko'lamli ekani oydinlashadi. Xususan, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturi ijrosidan kelib chiqqan holda tumanning mavjud ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, homiylar, jamg'armalar, bank kreditlari va investitsiyalar hisobidan jami 41 milliard so'mdan ortiq mablag'ni qamrab olgan hududiy dasturni qabul qildik, ishchi guruhlarni shakllantirdik, mas`ullar belgilanib dastur ijrosi nazoratga olindi, targ'ibot-tashviqot ishlarini yo'lga qo'ydik. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2010 yilda qabul qilingan «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori asosida tumandagi mavjud bozorlar faoliyatini amaldagi qonunchilik talablariga moslashtirish, tadbirkorlar va xaridorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha qulayliklarga ega 1503 ta savdo do'koni, 1200 dan ortiq yopiq tipdagi savdo rastasi, 14 ta oshxona, 4 ta avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonlaridan iborat bo'lgan, umumiy qiymati 33 milliard so'mdan ortiq zamonaviy tipdagi «Urgut savdo majmuasi» qurilib, foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda ushbu majmuada bir necha minglab tadbirkor faoliyat ko'rsatmoqda. Aholiga xalq iste`moli mollari yetkazib berish, importni qisqartirish va eksportni ko'paytirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish, ayniqsa qishloqqa sanoatni olib kirish muhim hisoblanib, bu borada barcha qonuniy asoslar, imtiyozlar va sharoitlar yaratilganligi natijasida tumanda sanoat yo'nalishida Turkiya, Xitoy, Rossiya, Angliya, Pokiston singari davlatlar bilan hamkorlikda jahon andozalariga javob beradigan gilam va gilam mahsulotlari, poyabzal, motor moyi, plastmassa mahsulotlari, xo'jalik mollari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilayapti. Ushbu mahsulotlar faqatgina ichki bozorni egallab qolmasdan, eksportga ham chiqarilmoqda. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2006 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish jon boshiga 31 ming so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2010 yilga kelib bu ko'rsatkich 242 ming so'mga yetkazildi. Yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasi o'laroq joriy yilning o'tgan davrida 387 nafar yakka tartibdagi tadbirkor, 124 ta mikrofirma va kichik korxona, 100 ta dehqon xo'jaligi, jami 511 ta tadbirkorlik sub`ekti o'z faoliyatini boshladi. Shuningdek, 3 ta korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, yangi texnika va texnologiyalar o'rnatildi, 1 ta yangi sanoat korxonasi ishga tushirildi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish hajmi ko'payib, tashqi savdo aylanmasi 11 million 800 ming AQSh dollarini tashkil etdi, 3 million 160 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar chetga eksport qilindi. Tumandagi tijorat banklari tomonidan 2011 yilning o'tgan davrida 8 milliard 79 million so'm uzoq va qisqa muddatli kredit mablag'lari ajratilib, 1710 ta yangi ish o'rni yaratildi. - Urgut qishloq xo'jaligi rivojlangan tumanlardan biri sanaladi. Ayni paytda tumanda ushbu sohani rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? - Xabaringiz bor, mustaqillik yillarida fermer xo'jaliklari tashkil qilinishi, fermerlar yetishtirilgan mahsulotlar bo'yicha davlat shartnomaviy rejasini bajaribgina qolmay, balki ortib qolgan qismini o'z tasarrufiga qoldirishi hosildorlikning oshishidan manfaatdorlik hissining kuchayishiga imkon yaratdi. Fermerlik harakati va yerga bo'lgan munosabat tubdan ijobiy o'zgarishi natijasida tamakichilik sohasida hosildorlik va daromad keyingi besh yilda 3 baravarga ko'paydi. 2005 yilda tumanda 5600 tonna tamaki yetishtirilib, 11 milliard so'm daromad olingan bo'lsa, 2010 yilda bu ko'rsatkich 9300 tonna yoki 33 milliard so'mga yetdi. 2005 yilda 162 tonna pilla xomashyosi yetishtirilgan bo'lsa, 2011 yilga kelib 265 tonnaga yetkazildi. Shuningdek bundan besh yil avval davlatga g'alla sotish 16 ming 300 tonnani tashkil etgan bo'lsa, bu yil ushbu ko'rsatkich 20 ming tonnadan oshirildi. Bu boradagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirish maqsadida «Urgut tumanida 2010-2011 yilda meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy intensiv mevali bog'-tokzorlar barpo etish hamda bog'dorchilik va uzumchilik sohasini rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar Dasturi» va «Urgut tumanida 2011 yilda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish, zooveterinariya xizmati va sigirlarni sun`iy urug'lantirish ishlarini yaxshilash, mustahkam ozuqa bazasini yaratish manzilli Dasturi»ni ishlab chiqdik. Dasturlarni ishlab chiqishda hosildorlikni ko'paytirishning asosiy mezonlari sifatida yer unumdorligini oshirish, yuqori agrotexnikadan foydalanish, sara urug' tanlash, shartnoma tomonlarining mas`uliyatini oshirish va bo'sh turgan yerlardan samarali foydalanishga hamda aholining kam ta`minlangan qatlamlariga ko'maklashishga alohida e`tibor qaratdik. - Bugun mamlakatimizning qay bir hududida bo'lmang, ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlarining guvohiga aylanasiz. Ayniqsa, shahar va qishloqlarimizga ko'rk bag'ishlayotgan muhtasham inshootlar, namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar, ravon ko'chalaru, zamonaviy yo'llar yurtimiz tobora obodonlashib borayotganidan dalolat beradi. Yuqorida ta`kidlaganimizdek, Urgut tumani ham bugungi kunda zamonaviy qiyofa kasb etib bormoqda. Shu haqda ham to'xtalsangiz... - Jahonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hali hanuz o'z ta`sirini o'tkazayotgan bir davrda Prezidentimizning 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko'lamini kengaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Qarori bilan xalqimiz turmush farovonligini oshirish, shahar bilan qishloq o'rtasidagi tavofutni bartaraf etish, qishloq aholisining turar-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida 15 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti ajratgan holda namunaviy loyihalar asosida barcha qulayliklarga va kommunikatsiya tarmoqlariga ega bo'lgan turar joylar qurilishi boshlab yuborildi. Bu esa sohadagi islohotlarni yanada yuksak pog'onaga ko'tardi. Mazkur qarorga muvofiq tumanimizda ham keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. 2010 yil tumanda 147 ta uy-joylar qurilib, egalariga topshirildi. 2011 yilda esa qurilishi mo'ljallangan 140 ta uy-joylarning qurilish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Mustaqillik bayrami arafasida uy egalari yangi turar joylarga ko'chib o'tadilar. Uy-joy massivlarida zamonaviy loyihalar asosida 10 dan ziyod maishiy xizmat, savdo majmualari va 2 ta maktab binolari qurilib, xalqimiz xizmatiga topshirilmoqda. Ayni kezlarda Urgut shahri qiyofasi kundan-kunga yanada chiroy ochmoqda. Keyingi yillarda «To'pxona» sayilgohi, «Xotira» maydoni, Mustaqillik maydoni tasdiqlangan loyihalar asosida qayta ta`mirlanib, obodonlashtirildi. Aholi turar-joylarida ko'plab qishloq vrachlik punktlari, mahalla guzarlari, savdo markazlari va komplekslari, supermarketlar, maishiy xizmat va umumiy ovqatlanish majmualari, yo'l yoqalarida bekatlar, servis ob`ektlari barpo etilishi qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o'zgartirib yubordi. Jumladan, Fus, O'ramas, Mirzaqishloq, Jartepa, Pochvon, Qoratepa qishloqlari markazlarida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida ular to'liq shaharcha tusiga kirdi. Bir so'z bilan aytganda, mustaqillik sharofati bilan Urgut tumani ham har tomonlama rivojlanib, yurtimizning obod va farovon go'shalaridan biriga aylanib bormoqda. Bu shubhasiz, mamlakatimizda uzoqni ko'zlab amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Baxtiyor IBRAGIMOV suhbatlashdi.
95 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|