![]() |
![]() |
![]() |
Ijtimoiy hayot
Jamiyat taraqqiyotining muhim mezoni
30.01.2012 15:28
Har bir davlatning taraqqiyoti fuqarolar ijtimoiy ongining yuksalishiga, shuningdek, aholining savodxonlik va bilim darajasiga chambarchas bog'liq bo'lib, bu jarayonda avvalo ta`lim tizimini to'g'ri tashkil etish, uni amaliyotga samarali joriy etish mamlakat rivojining bosh omili hisoblanadi. Zero, har bir sohadagi rivojlanish va taraqqiyot ta`lim tizimi bilan uzviy bog'liqdir. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta`lim tizimini tubdan isloh qilishning istiqbolli yo'llari ishlab chiqilib, milliy ta`lim tizimining huquqiy bazasi shakllantirildi. Ushbu normativ-huquqiy bazada, avvalambor, har tomonlama kamol topgan, ta`lim va kasb-hunar dasturlarini puxta o'zlashtirgan, jamiyat, davlat va oila oldida o'z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalash bosh maqsad etib belgilandi. Buning samarasi o'laroq, mamlakatimizda dunyoda o'xshashi kam bo'lgan, hozirgi vaqtda jahon jamoatchiligi tomonidan keng e`tirof etilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishlab chiqildi va ushbu milliy dasturni amalga oshirish jarayonida qabul qilingan 2004-2009 yillarda Maktab ta`limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi o'zaro uyg'unlikda biz tanlagan ta`lim va tarbiya modelining samaralarini yuzaga chiqardi. Mamlakatimizda ta`lim tizimining to'g'ri tashkil etilishi, uni amaliyotga samarali joriy etilishi natijasida O'zbekiston ta`lim tizimining mazmuni, sifati va salohiyati, ta`limning saviyasi hamda maktab ishlarining darajasi bo'yicha dunyodagi yetakchi davlatlar qatoridan o'rin oldi. Pirovardida dunyoda o'ziga xos ko'rinishlari va mezonlariga ega bo'lgan ta`limning o'ziga xos modeli yuzaga keldi. Hozirgi kunda boshqa mamlakatlar ta`lim sohasidagi mazkur modelni har tomonlama o'rganib, bu sohadagi islohotlarni amalga oshirishda uning afzalliklarini e`tirof etgan holda o'zining milliy ta`lim standartlarini ishlab chiqishda andoza qilib olmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimiz milliy ta`lim tizimining maktabgacha ta`lim, umumiy o'rta ta`lim, o'rta maxsus kasb-hunar ta`limi, oliy ta`lim, oliy o'quv yurtidan keyingi ta`lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta`limni qamrab oluvchi yangi uzluksiz va izchil tizimi barpo etildi. Shuningdek, oliy kasb-hunar ta`limining bakalavrlar va magistrlar tayyorlashni nazarda tutuvchi ikki bosqichli tizimi joriy etildi. - O'zbekiston MDH davlatlari orasida ta`lim tizimining o'ziga xos modelini yaratgan birinchi mamlakat hisoblanadi, - deydi Latviyaning Rezekne Oliy maktabi ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Veronika Korkla. - Ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlaridan ko'zlangan asosiy maqsad ishchi kuchi sifatini bozor iqtisodiyoti va jamiyatda sodir bo'layotgan tub o'zgarishlarga mos ravishda oshirib borishdir. Aytish joizki, bu islohotlar hozirda o'zining ijobiy samarasini bermoqda. Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, O'zbekiston Respublikasi ta`lim sohasida qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlarni ham ratifikatsiya qilgan bo'lib, jumladan, 1997 yil 30 avgustda «Ta`lim sohasida kamsitishga qarshi kurash to'g'risida»gi Konvensiya (Parij, 1960 yil 14 dekabr)ga qo'shildi. Mazkur Konvensiya talablari mamlakatimizda 1998 yil 8 martdan amalda qo'llanila boshlandi. Shu bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlarning ta`lim muassasalarida tahsil olgan fuqarolarimiz uchun davlatimiz tomonidan ularga katta imkoniyat yaratildi. Bunga ko'ra, ularning xorij oliy o'quv yurtlarida olgan diplomi mamlakatimizning vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda tan olinib, nostrifikatsiya (ekvivalentligini qayd etish) qilinganidan keyin ular yurtimizda o'qishini davom ettirish yoki kasbiy faoliyat turi bilan shug'ullanish huquqiga ega bo'lishi belgilandi. Shu o'rinda mamlakatimizda talabalarni o'z o'qishini rejalashtirish va yo'naltirish uchun zarur ko'nikmalar bilan qurollantirish hamda o'qituvchilarni bu jarayonga yordam bera oladigan darajada tayyorlash muhim masaladir. Boisi ta`lim tizimining eng ilg'or namunalaridan hisoblangan Boloniya va Lissabon kelishuvi talablari ham mazkur jarayonga katta e`tibor qaratilishini ko'zda tutadi. - Mustaqil ta`lim o'z ta`rifiga ko'ra yuqori darajadagi moslashuvchanlikni nazarda tutadi, - deydi Italiyaning Parma universiteti professori Anna Mariya Tomarro. - Misol uchun, Yevropa o'quv tizimida talabaning yillik 1500-1800 soat mashg'ulotidan sezilarli ulushi uning mustaqil o'qishiga sarflanishi belgilangan. Bu esa, o'z navbatida, uning kelgusi mutaxassislik faoliyati uchun mustahkam poydevor bo'ladi. Ana shulvrdan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining «Barkamol avlod - O'zbekiston taraqqiyotining poydevori» asarida keltirilgan «O'qituvchining bosh vazifasi o'quvchilarda mustaqil fikr yuritish ko'nikmalarini hosil qilishdan iboratligini ko'pincha yaxshi tushunamiz, lekin, afsuski, amalda, tajribamizda unga rioya qilmaymiz. Agar bolalar erkin fikrlashga o'rganmasa, berilgan ta`lim past bo'lishi muqarrar» degan fikrlarining naqadar haqli ekaniga yana bir bor amin bo'lamiz. Aytish joizki, o'quv resurslari mustaqil ta`limni yuksaltirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Amalda mustaqil ta`limning keng tarqalgan ta`riflaridan biri uning resurslarga asoslangan ta`lim ekanligini nazarda tutadi. Aytish joiz, kutubxona-axborot resurslari bilan ishlashga asoslangan dastur talabaning o'z ustida ishlashga bo'lgan rag'batini yanada oshiradi. Shuningdek, ushbu resurslar nafaqat o'quvchi yoshlar uchun, balki keksa avlod uchun ham o'z intellektual mahoratini kelgusi avlodga qoldirishda katta ahamiyatga ega. Shu bois mazkur tizimni rivojlantirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyunda «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta`minlashni tashkil etish to'g'risida»gi Qarori qabul qilingan edi. Bu mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yo'lga qo'yishda muhim qadam bo'ldi. Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, mamlakatimizda xalqaro me`yorlar asosida fuqarolarning ta`lim olish huquqlarini ro'yobga chiqarish maqsadida yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Xususan, ta`lim sohasini rivojlantirilishi uchun davlat byudjetidan katta mablag' ajratilayotgani, sohaning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy, ilmiy-pedagogik o'qitish uslublari esa ta`limni sifat jihatdan boyitmoqda. - O'zbekistonda har yili ta`lim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko'rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi, - deydi Ispaniyaning Barselona universiteti professori Alise Kefer. - Shuningdek, O'zbekiston katta yoshdagi aholi savodxonligi darajasi bo'yicha Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va Isroil kabi iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirmoqda. Bunda axborot-kutubxona faoliyatida erishilayotgan yutuqlarning ham munosib hissasi bor. Darhaqiqat, mamlakatimiz Prezidenti ta`kidlaganidek, «Hech shubhasiz, bugun ta`lim-tarbiya va ilm-fan sohasiga sarflanayotgan mablag'lar mamlakatimiz kelajagining egasi bo'lgan yosh avlodni, yuksak intellektual salohiyatli jamiyatni shakllantirish yo'lida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi». Zotan, ta`lim taraqqiyoti jamiyat taraqqiyotining muhim mezonidir. Timur AHMYeDOV, «Jamiyat» muxbiri 39 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|