![]() |
![]() |
![]() |
Ijtimoiy hayot
Munosib vorislik: jamiyat taraqqiyotining o'ziga xos harakatlantiruvchi kuchidir
24.12.2011 14:04
Ajdodlar merosini mukammal o'rganish, uni milliy va umumbashariy tamoyillar asosida yanada boyitib, munosib davom ettirish avlodlar oldida turgan mas`ul vazifadir. Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o'rni va mavqeini mustahkamlash, ularning ilmiy-ijodiy salohiyati, boy tajriba va mahoratini yosh avlodga ibrat sifatida ko'rsatish esa munosib vorislikning muhim mezoni sanaladi. Ma`lumki, avlodlar ma`naviyati, madaniyati va mahorat merosi almashuvining asosiy manbai turli yozma manbalar, xususan, bitik va kitoblar hisoblanadi. Biroq, mutaxasisslarning ta`kidlashicha, zamonaviy-axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan hozirgi davrda bilim va tafakkur xazinasi sanalmish kitob mutolaasiga bo'lgan ixlos bir qadar susaygan. Dunyo tajribasiga tayangan holda shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, ayni paytda mazkur muammoni samarali hal etishda kutubxonalarning o'rni beqiyos. Jahon amaliyoti Masalan, «Ko'hna qit`a» sanalmish Yevropa aholisining katta avlod vakillari ayni paytda mintaqa mamlakatlarida yig'ilgan boy tajribani kelgusi avlodga yetkazish borasida izlanmoqda. Hozirda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining «Tempus» loyihasi doirasida kutubxonalarda keksalar uchun maxsus kurslar tashkil etilgan. Mazkur kurslarda nuroniylar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan yaqindan tanishishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. - Loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad nafaqa yoshidagi insonlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishini ta`minlash, ulardagi boy tajribani o'sib kelayotgan avlodga zamonaviy axborot-kutubxona texnologiyalari yordamida yetkazishdan iboratdir, - deydi Latviyaning Rezekne oliy maktabi ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, «Tempus» loyihasi vakillaridan biri Veronika Korkla. - Bunday yondashuv keksalarda jamiyat hayotiga daxldorlik hissini kuchaytiradi. Ma`lumki, Yaponiya keksalar sonining ko'pligi bo'yicha dunyo mamlakatlari orasida birinchi o'rinda turadi. Kunchiqar mamlakatda ayni vaqtda yoshi 65 dan oshganlar aholining 20 foizdan ko'pini tashkil etadi. Mazkur ko'rsatkich Italiyada 19,7 va Germaniyada 18,8 foizga teng. E`tiborli jihati, bu mamlakatlarda yoshi katta insonlarning aksariyati mehnat faoliyatida boy tajribaga ega bo'lgani bois ish boshqaruvi, kadrlar bilan ishlash, marketing kabi sohalarda hali ham faoliyat yuritadi. Aytish joizki, mazkur jarayonda axborot-kutubxona muassasalari o'ziga xos ko'prik vazifasini o'tamoqda. Mamlakatimizdagi islohotlar Bugun mamlakatimizda ham ijtimoiy hayotning barcha jabhasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil tatbiq etish, ayniqsa, axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirish masalasiga katta e`tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta`minlashni tashkil etish to'g'risida»gi Qarori yurtimizda zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yo'lga qo'yishda muhim qadam bo'ldi. Kutubxona ishida foydalanuvchilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali sifatli xizmat ko'rsatish bilan bog'liq ustuvor vazifalarni amalga oshirish va milliy elektron resurslarni shakllantirish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida O'zbekiston Respublikasining «Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risida»gi Qonuni qabul qilinishi esa sohadagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur huquqiy hujjatlarda aholining barcha qatlami, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga ham axborot-kutubxona resurslarini maxsus axborot manbalaridan olish, ixtisoslashgan texnik vositalarni yetkazib berish va ulardan foydalanish uchun alohida shart-sharoitlar yaratish kafolatlanadi. «Uchinchi sektor» sa`y-harakatlari Hozirda mazkur tizimda «uchinchi sektor» vakillari ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Bu o'rinda O'zbekiston Nogironlar jamiyati va uning tarmoqlari, O'zbekiston axborot-kommunikatsion texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi, mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan biznes-inkubatorlar va boshqa qator nodavlat notijorat tashkilotlarning soha rivojiga qo'shayotgan hissasini ta`kidlash joiz. Xususan, O'zbekiston Kutubxonalar assotsiatsiyasi aholining ilm-fan, ta`lim, madaniyatga doir axborotlarga bo'lgan talabini qondirishga yo'naltirilgan zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishga doir bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Ayniqsa, Assotsiatsiya tomonidan yoshlar va nuroniylar uchun axborot-kutubxona xizmatidan foydalanish bo'yicha o'quv kurslari tashkil etilgani alohida e`tirofga loyiqdir. Ayni paytda mazkur o'quv kurslarida asosan oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari, kutubxonachilar, kichik va xususiy biznes vakillari, jamoat tashkilotlari, ilmiy tekshirish institutlari xodimlari hamda elektron ilmiy-o'quv resurslari bilan ishlashni istaganlar tahsil olmoqda. O'quv kurslarini tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad yurtimiz aholisini dunyoning yetakchi internet-resurslari hamda elektron ma`lumotlar bazasi bilan yaqindan tanishtirish, turli sohalarga oid bilim va ko'nikmalarini rivojlantirishdan iboratdir. Darslar davomida tinglovchilarga kompyuter hamda «Windows» dasturi tizimlari bilan ishlash, internetda ma`lumotlarni izlash bo'yicha boshlang'ich saboq berilmoqda. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida «Mutolaa kunlari» o'tkazilishi ham keksalar va yoshlar o'rtasidagi munosib vorisiylikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tadbirlarda yoshlar keksa avlod vakillarining ilmiy-ijodiy salohiyati bilan yaqindan tanishish bilan birga mutolaa madaniyati, kitobning inson hayotidagi o'rni bo'yicha atroflicha bilim va ko'nikmaga ega bo'lmoqdalar. Bir so'z bilan aytganda, yosh avlodning barkamol inson sifatida voyaga yetishida ajdodlarning boy merosi, yoshi ulug' insonlarning namunali hayoti, tarbiyaviy ishlari, pand-nasihatlari katta ahamiyatga egadir. Yeva GORDEYEVA, Toshkent davlat madaniyat instituti o'qituvchisi 33 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|