![]() |
![]() |
![]() |
Ijtimoiy hayot
Oila mustahkamligida mahalla imkoniyatlari
30.01.2012 15:30
Taniqli psixologlardan biri «jamiyatni bir daraxtga mengzaydigan bo'lsak, oila uning bir butog'i» degan fikrni bildirgan edi. Darhaqiqat, bu fikrda jon bor. Zero, oila jamiyatning ajralmas qismi bo'lib, uning rivoji bevosita jamiyat rivojiga ta`sir ko'rsatadi. Aytish joiz, Markaziy Osiyo xalqlari, ayniqsa, biz - o'zbeklar uchun oila muqaddas sanaladi. Zotan, insonning taqdiri, hayotdagi o'rni va yutuqlari, dunyoqarashi shakllanishiga, avvalo, oilada poydevor qo'yiladi. Shu bois yurtimizda oilaga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi ham bu borada olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning uzviyligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Albatta, oila o'z-o'zidan tashkil topmaydi. Odatda, muqaddas qo'rg'on deb ta`riflanadigan bu qo'rg'onning mustahkam bo'lishi bir qator omillarga bog'liq. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, yurtimizda oilaga bag'ishlab o'tkazilayotgan tadqiqotlarda uni mustahkamlovchi omillarni tahlil qilgan holda ayni globallashuv jarayonlari doirasida qiyosiy o'rganish, asoslash va shakllantirish o'zining ijobiy samarasini beradi. Bu haqda so'z yuritganda, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi hisoblangan mahalla institutining oila mustahkamligida tutgan o'rni yuzasidan ham tadqiqot olib borish maqsadga muvofiqdir. Zero, davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida alohida ta`kidlaganidek, «Mustahkam oila degan g'oyaning hayotimizdagi amaliy ifodasini ko'rishda, hech shubhasiz, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish idorasi sifatida nom qozongan mahalla tizimining o'rni va ta`siri beqiyosdir. Haqiqatan ham, bunday noyob tuzilma hozirgi kunda «Mahalla - xalq vijdoni» degan yuksak ta`rifga har tomonlama munosib bo'lib bormoqda». Sovchilik tarixiga nazar Ma`lumki, nikoh qurish jarayonlari turli xalqlarda turlicha namoyon bo'ladi. Xalqimizda nikohning yuzaga kelishi asosan sovchilik jarayonlaridan boshlanadi. Sovchilikning ahamiyati shundaki, bunda o'rtada turganlar, ya`ni sovchilar, kelin-kuyov oilasini tanigan, bilgan, surishtirgan odamlar bo'lgani sababli ham ular yosh oilaning mustahkam bo'lishida juda katta o'rin tutadi. Boshqacha qilib aytganda, azal-azaldan ikki yoshning turmush qurishi faqat yoshlarning inon-ixtiyoridagi, mustaqil ish hisoblanmagan. Qolaversa, azaliy qadriyatlarimizga ko'ra, bu ishga kattalarning - ota-ona, bobo va momolarning aralashuvi, shuningdek, yaqin qarindoshlarning ham bu ishdan chetda qolmasligi bilan xarakterlangan. Ota-onalar o'g'li yoki qizi balog'at yoshiga yetgan sari avvalo, yaqin qarindoshlarning, bobo va momolarning ham fikriga quloq tuta boshlaydilar. O'z navbatida, to'y boshlash istagi paydo bo'lishi bilan kattalar bilan maslahatlashish, bundan tashqari, mahallaning boobro', nufuzli qariyalari, kayvonilari bilan ham maslahatlashadilar. Chunki bo'lajak qudaning oilasi to'g'risidagi ma`lumotni aynan mahalla oqsoqollari va o'sha oilani bilgan insonlardan to'planishi bunda xolis yondashuvni ta`minlaydi. Shu kabi holatlardan kelib chiqqan holda tarixda mahallaning «vijdoni» bo'lmish kayvonilardan iborat sovchilar instituti shakllangan. Ayni paytda ular faqat ayollardan iborat bo'lmagan, balki erkaklar ham ishtirok etgan. Bu guruhga xolis, vijdonli, ya`ni, o'z manfaatini emas, balki bo'lg'usi oilaning mustahkam bo'lishi, tinch va farovon yashashini o'ylab ish ko'radigan insonlar kirgan. Aholining o'zi mahalladoshlar orasidan ishonchli, oriyatli, el-yurt manfaati bilan yashaydigan, ko'pni ko'rgan insonlarni sovchilikka tanlagan. Shu tariqa millat tarixida «sovchilar» tushunchasi paydo bo'lgan va ular har ikki tomonni yaxshi bilgan insonlar sifatida bo'lg'usi nikohning mustahkam bo'lishi uchun astoydil harakat qilganlar. Sovchilar guruhi a`zolari nikoholdi sa`y-harakatlarga, ayni u yoki bu oilaga mos keladigan ikkinchi bir oilani qidirib topish ishiga hech bir og'rinmasdan, bajonidil kirishganlar. Muhimi shundaki, momolarning aytishlaricha, ayni shu sovchilar mabodo yosh oilada biror bir kelishmovchilik yoki anglashilmovchilik ro'y berib, oila buzilish arafasiga kelib qolgan paytda ham o'zlari ixtiyoriy ravishda aralashib, imkon boricha vaziyatni yumshatishga, qudalarni, kelin va kuyovni yarashtirishga harakat qilganlar. O'z o'rnida nizo kelib chiqqan oila, ko'proq norozi tomon birinchi navbatda sovchilarga murojaat qilishgan. Chunki sog'lom fikrlovchi har bir inson «qushning ham uyasi» buzilishini istamaydi. Sovchilar ana shunday sharoitlarda juda katta mas`uliyat va xavotir bilan nizoli vaziyatga aralashgan va masalani ijobiy tomonga hal etishga uringan. Yangi oilaning barcha yaxshi kunlarida, masalan, farzand tug'ilishi, unga ism qo'yilishi, beshikka solish kabi tadbirlarda ham ko'pincha aynan shu sovchilar dasturxon to'rida o'tirishgan, ularga hurmat va ehtirom ko'rsatilgan. Sovchilar instituti bugun Ham mavjudmi? Ha, mavjud. Lekin o'tkazgan kuzatishlarimiz shuni ko'rsatmoqdaki, sovchilar vazifasini ko'p holatlarda yigitning yaqin qarindoshlari - onasi, amma-xola yoki yaqin qo'shnilari orasidagi boobro' insonlar bajarmoqdalar. Buning nimasi yomon, degan savol tug'ilishi mumkin. Aslida buning salbiy jihati yo'q, lekin bu yaqin qarindoshlar nechog'li qiz tomonni yaxshi biladi yoki «surishtiruv ishlari» qay darajada amalga oshiriladi, degan savol yuzaga keladi. Tezkor munosabatlar davrida yashayotgan, hali hayotiy tajribasi kam yoshlarning kelgusi taqdiriga biroz befarqlik bilan qarab, ya`ni boshqa tomonni jiddiy o'rganmasdan tamal toshi qo'yilgani bois ko'pgina nizolar to'ydan keyin qudalar, qaynona va kelin yoki boshqa qarindoshlar o'rtasida ro'y bermoqda. Oqibatda ikki tomon bir-birini yaxshi bilmasligi, to'ygacha bir-birlarini yaxshi o'rganishlari uchun o'rtada hech kim turmaganligi ma`lum bo'lmoqda. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, biz mahallaning oila mustahkamligini kafolatlovchi roliga alohida e`tibor berishni istardik. Xususan, bu jarayonda mahalla negizida faoliyat yuritayotgan qator komissiyalarga, birinchi navbatda, mahalla maslahatchisi, uning xotin-qizlar bilan ishlash hamda yarashtirish komissiyalariga yangi oilaga asos soladigan sovchilik institutini muvofiqlashtirish vazifasini yuklash maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Bu shaxslar nafaqat bo'lg'usi oilaning mustahkam bo'lishini, munosabatlarning takomillashuvi yo'llarini ishlab chiqishi, balki oilaviy nizolar paydo bo'lgan sharoitda jarayonlar ishtirokchisi sifatida nizolarni bartaraf etishga mas`ul bo'lishi lozim. Chunki hozirgi amaliyotda nikohni rasmiylashtirish paytida guvohlar rasman tegishli hujjatlarga imzo chekadi, lekin hayotiy tajribaga ega bo'lmagan bu «kelin dugona» va «kuyov jo'ra» yosh oilada nizo kelib chiqqan holatda qanday yo'l tutishni ham bilmaydi. Masalaning yana bir nozik tomoni, sovchilarga o'ta ma`suliyatli vazifa yuklangani bois hamma ham bu xayrli ishga bosh-qosh bo'lishga jur`at etavermaydi. Bola-chaqasidan tinib-tinchigan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan yoki mahalla obro'si, nufuzi uchun kurashishga tayyor fidoiylar bu ishni o'z zimmasiga olishi tabiiy. Shuni alohida aytib o'tish kerakki, agar oila qurishga monelik qiladigan holatlar kelib chiqqan taqdirda ham o'rtada turgan sovchilar o'zaro bamaslahat masalaning tub mohiyatini qarshi tomonga yetkazishi osonroq kechadi. Shuning uchun ham sovchilik qilganlarga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limlarida nikohni rasmiylashtirish jarayonida guvohlar - «vakil ona» va «vakil ota» sifatida ishtirok etishlari ta`minlansa, maqsadga muvofiqdir. Bu kabi mas`uliyatni bo'yniga olganlarning xatti-harakatlari, faoliyatining yo'nalishlari, huquq va burchlari, mas`uliyatlari mahalla tomonidan ma`qullangan normativ xujjatlarda aks ettirilsa, nur ustiga nur bo'ladi. Bizning bu mulohazalarimiz kuzatishlarimiz va tadqiqotlarimizga asoslangan holda bayon etildi. Bu mulohazalarga siz nima deysiz, aziz gazetxon? Vasila KARIMOVA, psixologiya fanlari doktori, Yulduz SAIDOVA,
tibbiyot
fanlari nomzodi 39 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|