Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ijtimoiy hayot
Sergak o'g'lonlarimiz bor sarhadlarimizda
18.12.2011 19:01

Hademay mudofaa ishlar bo'limlari uchun qizg'in palla - chaqiriq yoshidagi yigitlarni maxsus ko'rikdan o'tkazib, muddatli harbiy xizmatga jo'natish ishlari boshlanadi. Ko'pchilik biladi, mustaqilligimizdan avval chaqiriq paytida «voyenkomat»­lar oldida harbiy xizmatga ketayotgan yigitlardan ko'ra ularning ota-onalari, yaqinlari ko'p bo'lardi. Qarindoshlar armiyaga otlanayotgan yigitlar izidan yurishni dastlabki tibbiy «komissiya»danoq boshlashardi. Qizil armiyadagi muhit, xususan, urchib ketgan millatchilik, qolaversa «ded»lar zug'imi, ota-onalarni sarosimaga qo'yardi. Ular nima qilib bo'lmasin o'g'lini armiyadan olib qolish payida bo'lar, yugur-yugurlar boshlanardi. Shu bilan sog'lom yigitlar o'z-o'zidan «yaroqsiz» bo'lib qolardi.

«Men armiyaga boraman!»

Istiqlol yillarida mamlakatimizda harbiy sohada tub islohotlar amalga oshirildi. Davlatimiz sarhadlarini, xalqimiz xavfsizligini ta`minlashga qodir bo'lgan, eng zamonaviy qurol-yarog' va texnika bilan ta`minlangan, tezkor harakatlana oladigan, professional milliy armiya shakllantirildi. Kadr­lar tayyorlash masalasi hal etildi. Eng muhimi, milliy armiyamizda ma`naviy muhit tubdan yaxshilandi. Sohaga qaratilayotgan ulkan e`tibor tufayli harbiylik chin ma`noda havas qilsa arzigulik kasbga, shon-sharaf ishiga aylandi.

Bugun ham ota-onalar o'g'lonlarini milliy armiyamiz saflariga kuzatish va askarlarning harbiy qasamyod qabul qilish marosimlarida hozir bo'lishadi. Yigitlarni kuzatib qo'yishga chiqqan aksar otalar, akalar bunday chog'larda o'zlarining yuk mashinalariga bosib armiyaga olib ketilgan, ortidan zimdan yig'i-sig'ilar eshitilgan onlarini eslab, kecha bilan bugunning far­qini anglab yetayotgani ham sir emas. 

Ota-onalarning kechagi xavotiri o'rnini bugun yuksak ishonch, Vatan oldidagi yigitlik burchini o'tashga otlanayotgan azamat o'g'lidan faxrlanish tuyg'ulari egallagan.  

Egniga harbiylik libosini kiygan o'g'lini kim sog'inmaydi? Bunday paytda ham muammo yo'q: ota-onalar istalgan paytda harbiy qism­ga borib, askar o'g'li bilan ko'rishishi mumkin.

Yaqinda Jizzax viloyatining Fallaorol tumani mudofaa ishlari bo'limida tibbiy ko'rikdan o'tkazilayotgan bir guruh yigitlar bilan suhbatda bo'ldim.

Sport bilan shug'ullanishi shundoq ko'rinib turgan chayir yigit o'zini Sobir Erkayev deb tanishtirdi.

- Bo'yim 175,5 santimetr - deydi u. - Sog'lig'imni tekshirgan shifokorlar armiyaga borishim mumkinligini aytishdi. Tosh ko'tarishim, futbol o'ynashim, umuman, sport bilan muntazam shug'ullanishim bunda qo'l keldi, deb o'ylayman. Akamning o'rtog'i yaqinda muddatli harbiy xizmatdan qaytdi. Askarlik hayoti haqida gapirib berganida unga juda havasim keldi. Armiyada yaxshi ko'rsatkichlarga erishsam, shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirmoqchiman.

Bahriddin ismli yigit esa ikki yildan buyon chaqiriqda tibbiy ko'rikdan o'tayotgan ekan.

- Men armiyaga albatta boraman, - deydi u. - O'tgan yili tibbiy komissiya salomatligimni sinchiklab tekshirganda, ozroq muddat davolanishim kerakligini aytishgan edi. Bir yil mobaynida davolanib, sport bilan shug'ullandim. Bu gal, nasib etsa, albatta askar bo'lish orzuimga yetaman!

Uning niyati ijobatini tiladim!

Biz bilan suhbatda Jizzax viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayorlash bo'limi boshlig'i, podpolkovnik Ahmad Usmonov o'g'lonlarning eng sog'­lom, eng yetuk, ma`naviy jihatdan eng munosiblari tanlab olinayotganini aytdi. Sog'­lig'ida kamchiligi bo'lgan yigitlarga esa davolanish uchun yo'llanma berilib, keyingi chaqiriqqa qoldirilayotgan ekan.

Kuch birlikda, hamjihatlikda

Jizzax viloyati tumanlari mudofaa ishlari bo'limlaridan milliy armiyamizga jo'natishga tayyorlanayotgan yigitlar nafaqat jismoniy baquvvat va sog'lom, balki irodasi mustahkam, ma`nan yetuk, bilimdon yoshlar orasidan saralab olinmoqda. Chunki harbiy xizmatga yuborilgan o'g'lon eng zamonaviy harbiy texnika va texnologiyalarning sir-asrorlarini puxta egallash uchun bu talablar nihoyatda muhimdir.

Ana shunda yuksak aql-zakovat, intellektual salohiyat, mustahkam irodaga ega bo'lgan askargina o'z xalq­iga sadoqat bilan xizmat qiladi. Bu borada O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining viloyat kengashiga qarashli Jizzax avtomobil maktabida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy o'quv yili rejasiga asosan 150 nafar «V» va «S» toifadagi haydovchi tayyorlandi. Maktab qoshida faoliyat yuritayotgan «Chavandoz» guruhida mashg'ulotlar o'tagan 50 nafar malakali mutaxassis esa chaqiriluvchilar safida muddatli harbiy xizmatni o'tash uchun Qurolli Kuchlarimiz safiga kirishga shay turibdi.

Shu o'rinda yurtimizda chaqiriluvchilar o'rtasida o'tkazib kelinayotgan turli tadbirlarning ham o'rni katta bo'layotir. Masalan, an`anaviy «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasi yoshlarni muddatli harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini yanada takomillashtirish hamda ularda vatanparvarlik tuyg'ularini kuchaytirish, ma`naviy barkamolligini ta`minlash, mardlik fazilatlarini tarbiyalashga xizmat qiladi.

Shu yilning aprel oyida Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida mazkur musobaqaning viloyat bosqichi o'tkazildi. Unda birinchi o'rinni egallagan Jizzax trasport aloqa kasb-hunar kolleji musobaqaning respublika bosqichida faxrli uchinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Yoki Fallaorol tumanidagi «Lalmikor» sanoat kasb-hunar kolleji «Chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik bo'yicha eng yaxshi ta`lim muassasasi» ko'rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi o'rinni egallab, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi.

Albatta, amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar harbiy sohadagi islohotlarni yana jadallashtirishga xizmat qiladi. Pirovardida esa milliy armiyamizning salohiyat va qudratini oshirish asnosida xal­qimiz uchun tom ma`nodagi g'urur-iftixor manbai, o'sib kelayotgan yosh avlod uchun esa chinakam hayot maktabiga aylanishiga zamin yaratadi.

... Jizzax viloyatining Falla­orol tumani mudofaa ishlari bo'limidan qaytar ekanman, sanoqli kunlardan so'ng O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirib, milliy armiyamizda o'z yigitlik va Konstitutsiyaviy burchini ado etishga shaylanayotgan yigitlarning qat`iyat aks etib turgan, g'urur va yuksak ishonch balqib turgan yuz-ko'zlariga tikildim. Bildimki, ular ham qishning ayoziyu yozning jazirasi demay Vatanimiz sarhadlarini sergak turib qo'riqlayotgan o'g'lonlarimiz qatoridan joy oladi va biz tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik qaror topgan yurtimizda mudom xotirjam yashayveramiz.

Ma`murjon QIYOMOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

55 marta o`qilgan