Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ijtimoiy hayot
Tadrijiy rivojlanish
15.07.2011 13:18

Har qanday davlatning ijtimoiy taraqqiyotiga ta`sir qiluvchi, mamlakatdagi demokratlashtirish jarayonlarining xarakterini ko'rsatuvchi ko'plab siyosiy jarayonlar bo'lib, ularning orasida saylov alohida va hal qiluvchi rol o'ynaydi. Aytish joizki, mamlakatimizda ham saylov to'g'risidagi qonun hujjatlariga, ularni izchil takomillashtirib borishga demokratik islohotlarning muhim bo'g'ini sifatida qaralmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari 2010 yil 12 noyabrda bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisidagi ma`ruzasida ham saylov qonunchiligini takomillashtirishga e`tibor qaratib, «saylovlar - bu mamlakatimizda amalda bo'lgan huquqiy normalarning nechog'lik demokratik ruhda ekanini namoyon etadigan, demokratik huquqiy davlatning uzviy belgisi, xalqning o'z xohish-irodasini erkin ifoda etishining, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokining asosiy shakli bo'lib, o'ta muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega masala» ekanligini alohida ta`kidlagan edi.

Ta`kidlash joizki, mustaqillik yillarida yurtimizda samarali, demokratik saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirish sohasida g'oyat muhim o'zgarishlar amalga oshirilib, zaruriy huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Buning samarasi o'laroq, milliy saylov tizimi izchil va bosqichma-bosqich liberallashtirilib, ikki palatali parlament saylovlarining qonun talablari va umume`tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to'la mos holda o'tkazilishini ta`minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllandi.

Ma`lumki, hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, avvalambor amalda sinovdan o'tadi va uning natijalariga qarab takomillashtiriladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ayni paytda saylov jarayonlarida to'plangan tajriba, jamiyatimiz hayotida sodir bo'layotgan o'zgarishlar saylov qonunchiligini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishni taqozo etmoqda.

Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida «O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to'g'risida»gi Qonunning 27-moddasi hamda «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to'g'risida»gi Qonunning 25-moddasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish yuzasidan qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi. Aytish kerakki, bu avvalambor, partiyalararo raqobatning kuchayishi, saylovoldi tashviqotining shakl va usullari tobora turli-tuman va keng miqyosga ega bo'lib borayotgani bilan izohlanadi. Shuning uchun saylov qonunchiligida saylov kampaniyasining ushbu muhim bosqichini amalga oshirish jarayonida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga teng sharoitlar yaratish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan normalarni nazarda tutish lozim.

Shu bilan birga, saylovoldi kampaniyasi kishilar ongida shakllanadigan muhim siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy muammolarga nisbatan turli ijtimoiy guruhlarning munosabatini namoyon qiladi, jamiyat oldida turgan muammolarning mohiyatini, ularning yechimini o'ziga xos usullarda hal etish imkoniyatlarini ko'rsatadi. Shu boisdan hokimiyat organlariga saylanadigan nomzodlar o'zlarining dasturlarida, chiqishlarida aholining turli tabaqalari manfaatlarini qamrab oladigan muammolarga alohida urg'u berishga harakat qiladi va ularni yanada barqaror manfaatlar sifatida shakllanishiga ko'maklashadi. Boshqacha qilib aytganda, saylovlar - bu siyosiy raqobat maydonining o'ziga xos ko'rinishi bo'lib, unda siyosiy arboblar (aniqrog'i, unga erishish istagidagi nomzodlar) o'z qarashlari, dasturlarini namoyon qilish orqali saylovchilarning ishonchini qozonish va ular ko'magida vakolatni qo'lga kiritishga intilishadi.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, saylovoldi tashviqoti nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun o'z imkoniyatlarini namoyon qilish yo'lida o'ziga xos muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligining asosiy vazifasi siyosiy kurashning adolatli, xolisona, ochiq va oshkora olib borilishi uchun barcha nomzodlarga teng imkoniyat va kafolatlar yaratish orqali siyosiy plyuralizm, ya`ni fikrlar erkinligi va xilma-xilligi asosidagi sog'lom raqobatni ta`minlashdan iboratdir.

Bundan tashqari, siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga o'z saylovoldi dasturlarini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalaridan keng va teng foydalanish O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha Konsepsiyada ham belgilangan.

Kezi kelganda aytish lozimki, tarixiy ahamiyatga ega Konsepsiyada ilgari surilgan «O'zbekiston Respublikasi saylov to'g'risida»gi Qonunning 27-moddasiga saylovoldi tashviqotini nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin ham olib borish mumkin emasligi to'g'risidagi normaning kiritilishi nafaqat saylovchilarga o'z qarashlarini, siyosiy xayrixohligini aniqlab olish uchun qo'shimcha vaqt berilishiga imkon yaratadi, balki saylov kunidan oldin saylovoldi tashviqoti sub`ektlari tomonidan turli suiiste`mollik holatlari sodir etilishi va qonun buzilishlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, saylov qonunchiligining takomillashib borishi, birinchidan, mamlakatdagi demokratlashtirish jarayonlari muvaffaqiyatli amalga oshayotganligidan dalolat bersa, ikkinchidan, fuqarolarning kons­titutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishda o'ziga xos o'rin tutadi.

Bobur YULDASHYEV,

Fuqarolik jamiyatini o'rganish

instituti ilmiy xodimi

 

 

 

 

88 marta o`qilgan