Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ijtimoiy hayot
Tinchlik, do'stlik, hamjihatlik
07.01.2012 12:52

Bu shior O'zbekistonning chet davlatlar bilan madaniy-ma`rifiy aloqalari jamiyatlari kengashi (Do'stlik jamiyatlari kengashi)ning asosiy maqsadiga aylangan.

So'nggi yillarda mazkur jamoatchilik tashkiloti tomonidan yuzlab loyihalar amalga oshirildiki, ularning har biri mamlakatlar va xalqlar o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini tinchlik, do'stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida mustahkamlash hamda yanada rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur olijanob vazifani bajarishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 26 mayda qabul qilingan «O'zbekistonning chet davlatlar bilan madaniy-ma`rifiy aloqalarini va Do'stlik jamiyati kengashini qo'llab quvvatlash chora-tadbirlari» to'g'risidagi Qarori asos bo'lib xizmat qilmoqda.

Sarhad bilmas do'stlik

- Mamlakatimizning dunyo hamjamiyatiga keng miqyosda uyg'unlashuvi, avvalambor, do'stona aloqalar, madaniyat, san`at, ta`lim, fan, tibbiyot, bir so'z bilan aytganda, dunyo taraqqiyotini ta`minlab beruvchi sohalarda o'zaro tajriba almashishni talab etadi, - deydi Do'stlik jamiyatlari kengashi rahbari Saidahror Fulomov. - Kengash aynan ana shu maqsadlarga erishishni asosiy vazifa etib belgilagan. Bugungi kunda kengash 35 ta mustaqil tashkilotdan iborat jamiyatlarni o'zida birlashtiradi. Ular Yevropa davlatlari, Shimoliy Amerika, Osiyo, Afrika, Tinch okea­ni mintaqalari, MDH davlatlari bilan aloqalarni yo'lga qo'ygan va mustahkamlab bormoqda. Ularning faol va samarali faoliyati sabab Buyuk Britaniya, Germaniya, Bolgariya, Misr, Pokiston, Gretsiya, Yaponiya, Mo'g'iliston, Vyetnam, Rossiya, Ozarbayjon, Ukraina, Hindiston va Koreya kabi davlatlarda do'stlik jamiyatlari tashkil etilgan va dunyoning ko'plab davlatlarida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan aloqalarni o'rnatish hamda mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

Bugungi kunda sayyoramizning 31 mamlakatida ko'plab yurtdoshlarimiz yashamoqda. Ular bilan faol aloqalarni yo'lga qo'yish, ona tili, madaniyatini saqlashda amaliy yordam ko'rsatish, shuningdek, O'zbekiston haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish Kengash oldida turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Kengashning yana bir muhim maqsadi esa xalqaro hamjamiyatda O'zbekiston haqida haqqoniy va ob`ektiv munosabatni, tasavvurni shakllantirishdan iboratdir. O'zbekiston o'z taraqqiyot yo'lini belgilab olgan va demokratik rivojlanish modelini tanlagan mustaqil davlatdir. Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat yaxshi biladiki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik, osoyishtalikda yashab kelmoqda. Ularning har biri yurtimizda o'z ona tili, madaniyati va urf-odatlarini to'laqonli saqlashi uchun barcha shart-sharoit mavjud. Kengash faoliyati bilan yaqindan tanishgan xorijlik mehmonlarning «Mehmonlar kitobi»ga bitgan qaydlari ham shundan guvohlik beradi.

Do'stlik jamiyatlari kengashi faoliyatida O'zbekiston va chet el davlatlari o'rtasida madaniy-ma`rifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida bir qator mamlakatlarning davlat va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalar o'rnatilgani quvonarlidir. Jumladan, ular orasida «Fikusima - O'zbekiston», «Yaponiya va O'zbekiston», Turkiston - Amerika assotsiatsiyasi, «Bonn - O'zbekiston» assotsiatsiyasi, «Bremen - O'zbekiston», MDH davlatlari xalqlari bilan do'stlik federatsiyasi (Bolgariya), Latviya, Xitoy va boshqa ko'plab davlatlar do'stlik jamiyatlari ham bor. Ular bilan hamkor tashkilotlar sifatida doimiy delegatsiyalar almashinuvi yo'lga qo'yilgan, birgalikda muntazam ravishda uchrashuv, ko'rgazma, konferensiya, seminar hamda boshqa tadbirlar o'tkazib kelinmoqda.

Xalq diplomatiyasi

Yana bir jihat e`tiborga molikki, O'zbekistonda tahsil olgan yoki mehnat qilgan chet el fuqarolari ham yurtimiz bilan do'stlik aloqalari o'rnatishga intilmoqdalar. Ularning ko'pchiligi o'z yurtida O'zbekiston do'stlik jamiyatlarini tashkil etishgan. Jumladan, yaqinda mamlakatimizda bo'lgan «O'zbekiston-Vyetnam» do'stlik jamiyati rahbari o'rinbosari Nguyen Txan Tong davlatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada chuqurlashtirishga yo'naltirilgan tashrifi haqida so'zlar ekan, delegatsiya a`zolaridan ko'pchiligi bir vaqtlar Toshkentda o'qigan va o'z mutaxassisligi bo'yicha diplom olib, bugun Vyetnamda mas`ul vazifalarda mehnat qilishayotganini ta`kidlab o'tdi.

- Biz O'zbekistonni xuddi o'zimizning ikkinchi ona yurtimizdek, qadrlaymiz, - deydi Nguyen Txan Tong. - Biz tahsil olgan oliy o'quv yurtlarining o'qituvchilari hali ham bizni tanishadi, hatto ismlarimizni yodlaridan chiqarishmagan. Sizning mamlakatingizni yaxshi bilgan, tanigan holda biz davlatlarimiz o'rtasidagi aloqalarni madaniyat sohasida bo'ladimi, boshqa tarmoqlarda bo'ladimi, yanada kengaytirish niyatidamiz. Delegatsiya a`zolari Vyetnam ishbilarmon doiralari vakillari, ta`lim sektori, agrosanoat rahbarlari, quruvchilik majmualari, olimlar va arxitektorlardan iborat. Biz mana shu sohalar rivojiga qaratilgan loyihalarda to'laqonli ishtirok etmoqchimiz. Biz shunga amin bo'ldikki, O'zbekiston iqtisodiyotda va ijtimoiy sohada chindan ham juda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Qayd etish lozim, Vyetnam, Yaponiya, Germaniya, AQSh do'stlik jamiyatlari rahbarlari davlatlararo hamkorlik va do'stlik munosabatlarini mustahkamlashga, o'zaro hamjihatlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun davlatimiz rahbarining Farmoni bilan «O'zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Chet davlatlarda ish olib borayotgan do'stlik jamiyatlari va o'zbek madaniy markazlari a`zolari yurtimizda tashkil etilgan yirik xalqaro tadbirlar, davra suhbatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalarning ishtirokchilari sifatida taklif etildilar.

- O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan mazkur loyihamiz asosan ma`rifiy xarakterga ega, - deydi Kengash rahbari o'rinbosari Zokir Obidov. - U, avvalambor, barkamol avlod tarbiyasi, o'zbek xalqining dunyo tamadduniga o'zining munosib hissasini qo'shgan buyuk bobokalonlari hayoti va ijodini o'rganish, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini tarbiyalash,  ularni bag'rikenglikka o'rgatishni nazarda tutadi. Shu yil poytaxtimizning bir qator oliy o'quv yurtlari va do'stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda turli anjumanlar o'tkazildi. Masalan, «Barkamol avlod tarbiyasida milliy diplomatiyaning o'rni» mavzuidagi konferensiya ishida Latviya, Iordaniya, Misr, Pokiston, Ukraina, Litva, Qirg'iziston do'stlik jamiyatlarining a`zolari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining faollari ishtirok etdilar. Uchrashuvlar O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida, Toshkent Islom universitetida, Sharqshunoslik, To'qimachilik va yengil sanoat institutlarida bo'lib o'tdi.

Jumladan, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus vakillari ishtirokidagi «Tasanno» dunyo xalqlari oshxonalari festivali ham har yili an`nanaviy tarzda o'tkazib kelinmoqda. Bundan tashqari, Kengash tomonidan do'stlik jamiyatlari xususida 12 ta hujjatli film ishlangan bo'lib, ularning «Do'stlik chegara bilmaydi» shiori ostidagi namoyishi bir qator chet davlatlarda ham uyushtirildi. Mazkur filmning birinchi qismi kengashning mustaqillik yillaridagi faoliyatiga bag'ishlangan.

Xullas, nodavlat tuzilma hisoblangan Xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik va madaniy-ma`rifiy aloqalar jamiyatlari Kengashining qizg'in faoliyati yurtimizning boy tarixi, madaniyati, adabiyoti va san`atini jahonga yoyishda, xalqaro maydonda obro'sini yanada ko'tarish, mamlakatimizning strategik manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

O'ylaymizki, kirib kelgan Yangi yilda ham yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat va bag'rikenglik, millatlararo totuvlikni ko'z qorachig'idek asrash yo'lidagi ana shunday ezgu va xayrli amallar bardavom bo'lib, yanada keng ko'lam kasb etadi.

Mahfuza RAHIMBERDIYEVA

 

65 marta o`qilgan