Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Iqtisod
«Aloqabank»: tadbirkorlar tayanchi
18.12.2011 18:46

Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim jihatlari bilan ajralib turuvchi moliya muassasalaridan sanalgan banklarning nufuzi yil sayin oshib bormoqda. Hozirda mazkur muassasalar tadbirkorlik sub`ektlari bo'lmish ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik-biznes, fermerlik va boshqa yo'nalishlarda faoliyat yuritayotgan mijozlari uchun bir qator imtiyozli imkoniyatlarni yaratmoqda.

Banklar ko'magidan to'g'ri va unumli foydalanib, ishi yurishayotgan tadbirkor, ishbilarmonlar iqtisodiyot taraqqiyotiga o'z ulushlarini qo'shishlari barobarida yangi ish o'rinlari yaratmoqdalar. Shu kabi jihatlarni hayotga tatbiq etib, aholiga keng qamrovli xizmat ko'rsatib kelayotgan, respublikamizda faoliyat yurituvchi o'nlab moliya muassasalari orasida o'z o'rniga ega bo'lib borayotgan OAT «Aloqabank» tizimida ham keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur bankning Samarqand viloyati filiali misolida qaraydigan bo'lsak, bank tomonidan bugungi kunda bir qator e`tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

OAT «Aloqabank» Samarqand filiali o'z faoliyatini 2002 yil mart oyida boshlagan bo'lib, joriy yilda ushbu bank mustaqilligimizning 20 yilligi arafasida o'zining ko'rkam va zamonaviy yangi binosiga ega bo'ldi.

- Bugungi kunda filial 2 ta minibank, 11 ta jamg'arma kassa, 1 ta maxsus kassaga ega, shuningdek, «Western Union», «Lider», «Zolotaya korona», «Blizko», «Yunistrim», «Sontakt», «Anelik» nomli 7 ta xal­qaro pul o'tkazmalari orqali iqtisodiyotning real sektorida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarga, kichik biznes korxonalariga, xususiy tadbirkorlarga hamda aholiga turli bank xizmatlari ko'rsatib kelmoqda, - deydi bank boshqaruvchisi Ahtam Egamqulov. - Ko'rsatilgan bank xizmatlarining sifati va ko'lamini kengayishi hisobiga, ayni paytda, bank 386 ta yuridik va yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar OAT «Aloqabank» Samarqand filiali xizmatidan foydalanmoqda.

KREDITLAR AHOLI BANDLIGIGA XIZMAT QILADI

Aytish joizki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi uchun qulay muhit yaratish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Bu esa, o'z navbatida, yangi ish o'rinlarini ochish, aholiga barqaror daromad manbalari yaratib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bank ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirishi uchun «Ras­tinal» xususiy firmasiga «Akfa» romlaridan eshik va derazalar ishlab chiqarish uchun 60 million so'm kredit mablag'i ajratdi. Buning natijasida 6 ta doimiy ish o'rini yaratildi.

- Joriy yilning o'tgan davri mobaynida korxonamiz ishlab chiqarish sur`atini yanada kengaytirish maqsadida «Aloqabank»dan 3,156 million so'm kredit oldi, - deydi «Sino» ochiq aksiyadorlik jamiyati korxonasi direktori o'rinbosari Ravshan Karimov. - Ushbu kredit evaziga korxona sovutgich va muzlatgichlar ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirdi. Natijada korxonada yana 40 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.

2011 yil «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik» yilida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishi uchun 16952,9 million so'm miqdorida mablag' ajratilib, buning natijasida 176 ta yangi ish o'rni yaratildi.

Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, mijozlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bankda tadbirkorlar xonasi tashkil etildi. Ushbu xonada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, tadbirkorlik sub`ektlariga kreditlar ajratish tartiblaridan tanishish imkoni yaratilgan, omonatlar turlari, bank xizmatlari, ishonch telefonlari tashkil etilgan. Shu bilan bir qatorda tadbirkorlarning bankning o'zida moliyaviy ishlarini bajarishlari uchun o'quv qo'llanmalar, internet tarmog'iga ulangan kompyuter, telefon aloqasi kabi bosh­qa jihozlar bilan to'liq ta`minlangan.

QULAY PLASTIK KARTOCHKALARI

«Aloqabank» Samarqand filiali mamlakatimiz Prezidentining joriy yilning 19 aprelida qabul qilgan «Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag'batlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2004 yil 24 sentyabrdagi «Plastik kartochkalar asosida xisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori talablaridan kelib chiqqan holda qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, 2011 yil 1 oktyabr holatiga ko'ra, filialda jami muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 8029 tani tashkil qilgan bo'lib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 79 foizga ko'pdir. Shuningdek, savdo va xizmat ko'rsatish ob`ektlarini savdo terminallari bilan ta`minlash borasida ham muhim qadamlar tashlanmoqda. Joriy yilning 1 oktyabr xolati bo'yicha jami tashkilotlarga o'rnatilgan terminallar soni 76 tani, aholidan kommunal to'lovlarni qabul qiluvchi jamg'arma va maxsus kassalar 14 tani tashkil qiladi.

Bundan tashqari, bank tomonidan aholiga bo'sh pul mablag'larini bank omonatlariga jalb qilish ishlari ham samarali olib borilmoqda. Hozirgi kunda «Biznes», «Imkoniyat», «Tadbirkor», «Moviy kvadrat» kabi 27 turdagi yillik va oylik omonatlar hayotga joriy etilgan.

Xulosa qilib aytganda, 2011 yilning 9 oyi davomida bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga jami 17849,5 million so'm miqdorida kreditlar ajratildi. Bu o'tgan yilning shu davriga (10683,5 million so'm) nisbatan 7166 million so'mga oshganligidan dalolatdir.

 

 

56 marta o`qilgan