Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Iqtisod
Faxrlansa arzigulik yutuqlar
03.01.2012 16:58

Ma`lumki, bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik o'zining iqtisodiyotimizdagi o'ta muhim va salmoqli hissasi, roli bilan davlat va jamiyatimiz rivojida alohida o'rin egallamoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tadbirkorlik sub`ektlarining huquq va manfaatlarini ta`minlash, xususiy tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilib, bu borada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o'zining yuksak samaralarini bermoqda.

Aytish joizki, amalga oshirilayotgan ana shunday chora-tadbirlar natijasida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham mamlakatimizda iqtisodiy o'sish sur`atlari yuqoriligicha saqlanib qolindi. Davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida alohida ta`kidlaganidek, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tug'dirayotgan muammolarga qaramasdan, Xalqaro valyuta fondi tomonidan ta`kidlanganidek, O'zbekiston dunyo­dagi sanoqli mamlakatlar qatorida so'nggi 5 yil mobaynida yalpi ichki mahsulotning o'rtacha 8,5 foizga teng bo'lgan yillik o'sishini ta`minlab kelayotgani, joriy yilda ushbu ko'rsatkich 8,3 foizdan kam bo'lmasligi bizning alohida e`tiborga sazovor eng katta yutuqlarimizdan biridir.

Aytish o'rinliki, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili deb nomlangan 2011 yilda sohani rivojlantirish uchun har qachongidan ham ko'proq amaliy ishlar qilindi. Xususan, tadbirkorlik sub`ekt­larini davlat ro'yxatidan o'tkazish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash tartibotlarini ancha soddalashtirish va arzonlashtirish, bir qator ruxsat berish tartibotlarini qisqartirish, kichik biznes sub`ektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish, bank kreditlari berish mexanizmlarini soddalashtirish kabi yo'nalishlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatning yigirmadan ortiq hujjati qabul qilingani ham buning yaqqol tasdig'idir. Yurtimizda ishbilarmonlik muhitining joriy holati va kutilayotgan o'zgarishlar xorijda ham muntazam ravishda yuksak baho olayotgani shundan dalolatdir.

Albatta, bu boradagi ishlar o'zining ijobiy samarasini berdi. Jumladan, joriy yilda kichik biznes sub`ektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotish hajmi o'tgan davr mobaynida qariyb 2 barobar ko'payib, 600 milliard so'mni tashkil etgani, zarur xomashyo resurslarini qo'shib hisoblaganda, bu ko'rsatkich 2 trillion 800 milliard so'mdan oshgani, ayni shu mexanizm hayotga samarali tatbiq etilgani tufayli 13 milliard so'mdan ortiq byudjet mablag'ini tejashga erishilgani ana shunday tadbirlar natijasidir.

Muxtasar aytganda, yurtimizda kichik biznes sub`ektlari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar tadbirkorlik faoliyati ko'lamini yanada kengaytirib, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

No`mon HASANOV,

Toshkent kimyo-texnologiya

instituti dotsenti

 

 

44 marta o`qilgan