Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Iqtisod
Guliston shahrida: yangi markaz
09.09.2011 00:26

Yurtimizda tadbirkorlik sub`ektlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida ularni ro'yxatga olish jarayoni soddalashtirilib, faoliyat uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa, o'z navbatida, yurtimizda ishbilarmonlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo'layotir. Binobarin, ushbu jarayonda davlatimiz tomonidan mamlakatimizda "yagona oyna" tamoyili asosida xizmatlar tashkil etilgan bo'lib, mazkur tizim tadbirkorlarga ko'mak berishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. 

Mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada yuksaltirish yo'lida "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili" Davlat dasturiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Sirdaryo viloyat hokimligi, BMT Taraqqiyot Dasturi, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda Guliston shahrida tadbirkorlik sub`ektlariga "yagona oyna" tamoyili asosida yordam ko'rsatishga mo'ljallangan Biznesga ko'maklashish markazining tashkil etilgani yuqorida sanab o'tilgan ishlarning uzviy davomi sifatida hayotimizga joriy etilmoqda. 

Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligi nishonlanishi arafasida mazkur markazning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Biznesga ko'maklashish markazida kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat idoralari tomonidan ularga ruxsatnomalar, guvohnoma, sertifikatlar rasmiylashtirishda, moliyalashtirish hamda ularni soliqqa tortish, shuningdek, xorijdan uskuna hamda texnologiyalarni olib kelish bo'yicha maslahatlar berish yo'lga qo'yildi.

Endilikda tadbirkor va ishbilarmonlar mazkur markazning ma`lumotlar bo'limi orqali biznes yuritishning turli jihatlarini qamrab olgan tizimlashgan ma`lumotlar bazasidan foydalanish imkoniga ega bo'ldilar.

Biznesga ko'maklashish markazida "yagona oyna" konsepsiyasini amalda qo'llash natijasida tadbirkorlik sub`ektlarining turli tashkilotlar bilan qisqa vaqt ichida aloqa o'rnatishi mumkin bo'ladi, ular o'rtasida hamkorlik samaradorligi oshadi. Jumladan, davlat idoralariga murojaat qilish sarf-xarajatlari kamayadi. Elektron axborot almashish tizimi esa biznes yuritishda vujudga kelgan turli masalalarga doir zarur ma`lumotlarni tez fursatda olish imkonini beradi. Bu esa, o'z navbatida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda faoliyatini kengaytirishda qo'shimcha qulaylik va zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

 

61 marta o`qilgan