Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Iqtisod
Hududga munosib tarmoq
15.09.2011 22:52

Navoiy bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiy jihatdan tobora yuksalib borayotgan zamonaviy shaharlardan biri sanaladi. 130 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan ushbu shahar aholisi va korxonalarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta`minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati jamoasining xizmatlari katta bo'lmoqda.

Aytish o'rinliki, jamoa a`zolari tomonidan ayni paytda nafaqat shaharda, balki viloyatda xususiy uy-joylar, ijtimoiy soha obektlari va ishlab chiqarish infratuzilmalarining bar­qaror ishlashini ta`minlash, gaz, elektr va issiqlik energiyasi yetkazib berilishi borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Bugungi kunda 1 million 250 ming kVt elektrenergiya ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona Navoiy shahrining o'zida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasi bo'lgan 11 shirkatni o'z ichiga olgan 61 ta ko'p qavatli uy va 257 ta kottejni isitish bilan birga elektr energiyasi bilan uzluksiz ta`minlamoqda. Bundan tashqari, viloyatdagi ko'plab tadbirkorlik sub`ektlariga xizmat ko'rsatmoqda. Shuningdek, viloyatga qo'shni Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari aholisini ham elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojini qondirib kelmoqda.

HAMKORLIK ISTIQBOLLARI

Korxona viloyatdagi yirik sanoat ob`ektlaridan hisoblangan «Navoiyazot», «Qizilqumsement», «Elektrokimyo» qo'shma korxonasi va boshqa erkin sanoat iqtisodiy hududida joylashgan korxonalar bilan samarali hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Ular orasida 11 ming nafardan ziyod xodim mehnat qiluvchi «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati korxonaning eng yirik iste`molchisi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan 2009 - 2012 yillarga mo'ljallangan «Inqirozga qarshi choralar dasturi»da belgilangan ko'plab istiqbolli loyihalarni joriy etish, korxonalarni modernizatsiya qilish, yangi mahsulot turlarini o'zlashtirish kabi ustuvor vazifalarni bu ikki korxona o'zaro hamkorlik orqali amalga oshirib kelmoqda.

«Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» bilan dastur asosida ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirishni rag'batlantirish hisobidan korxonani modernizatsiya qilish, energiya tejamkorligining samarali yo'llarini joriy etish bo'yicha bir qator ishlarni bajarmoqda. Shuningdek, qurilish xomashyosi - sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Qizilqumsement» ochiq aksiyadorlik jamiyati bilan ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Bugungi kunda bu korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot mamlakatimiz quruvchilarining 50 foizga yaqin ehtiyojini qondirmoqda.

ISLOHOTLAR BERAYOTGAN SAMARA

Aytish o'rinliki, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati uskunalarining asosiy qismi 50-60 yillarda qurilgan bo'lib, ularning aksariyati hozirda yangi tejamkor, qulay va nisbatan arzon uskunalarga almashtirilmoqda.

Shu bilan birga, viloyatdagi sanoat gigantlarini doimiy elektr quvvati bilan ta`minlash ham o'z yechimini topmoqda. Shu maqsadda «O'zbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tanlov asosida Ispaniyaning «Initek Energiya» va Turkiyaning «Chalik enerji» kompaniyalari hamkorligida tuzilgan konsorsium bilan shartnoma imzolandi. Yaponiyaning «Mitsubisi» kompaniyasida ishlab chiqarilgan, 478 MVt quvvatga ega eng zamonaviy bug'-gaz qurilmasi tanlab olinib, ushbu uskuna Navoiyga keltirildi. Loyiha qiymati 336 million yevro bo'lgan mazkur quvvatni 2012 yilning uchinchi choragida ishga tushirish ko'zda tutilgan.

Shuningdek, hozirgi paytda yangi bug'-gaz qurilmasi uchun kadrlar tayyorlash ishlari ham jadal sur`atlar bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, kompaniyaning bir guruh xodimlari Yaponiyaning «Mitsubisi» kompaniyasi zavodlarida, boshqa guruh esa Ispaniyaning Madrid shahrida o'z malakalarini oshirib qaytishdi.

- Shu kunlarda qurilish maydonlarida gaz turbinalarini yig'ish ishlari boshlab yuborilgan, - deydi korxona bosh muhandisi Samad Fayziyev. - Bug' qozonining butlovchi qismlari olib kelindi va qozonning qizdirish elementlarini montaj qilish boshlab yuborildi. Ayni paytda qurilish maydonchasida mingga yaqin kishi ish bilan band.

Stansiyada «Investitsion loyihalarni amalga oshirish guruhi» tashkil etilgan. Ushbu guruh zimmasiga qurilish ishlari bilan bog'liq bo'lgan texnik va tashkiliy tayyorgarlik ishlarini loyihalash hamda boshqa masalalarni muvofiqlashtirish kiritilgan.

USTUVOR VAZIFALAR AMALDA

Hozirda «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 martdagi yig'ilishi bayonnomasi hamda «O'zbekenergo»­ davlat aksiyadorlik kompaniyasining 2011 yil 7 fevraldagi «Oziq-ovqat xavfsizligi das­turi to'g'risida»gi ko'rsatmasining bajarilishi yuzasidan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2008 yilda qabul qilingan «Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo'llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta`minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida»gi Farmonining ijrosidan kelib chiqqan holda «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 2 gektar yerga issiqxona qurildi. Janubiy Koreyaning «Bokyung Greenhouses Co LTD» kompaniyasi tomonidan bunyod etilgan ushbu issiqxonada yetishtirilgan bodring va pomidordan joriy yilda 100 million so'm daromad olindi.

Shuningdek, 2011 yilda korxona tomonidan 5 gektar maydonda bog' barpo etilib, Serbiyadan keltirilgan olma va olcha daraxtlari ekildi. Bundan tash­qari jamiyat xodimlarini kartoshka, piyoz va boshqa turdagi poliz mahsulotlari bilan ta`minlash bo'yicha ham chora-tadbirlar ko'rildi.

- Stansiyamiz yordamchi xo'jaliklariga xorijdan nasldor qoramol keltirildi, - deydi jamiyat direktori o'rinbosari Husan Karomatov. - Shuningdek, chorvachilik fermalarini ta`mirlash, ularni yanada kengaytirish va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash uchun qariyb 936 million so'm mablag' ajratildi.

Ma`lumki, baliq iste`mol uchun arzon va parhez mahsulot hisoblanadi. Shu bois, so'nggi yillarda mamlakatimizda baliqchilik sohasini rivojlantirish, uning yangi-yangi turlarini ko'paytirish va aholini ushbu mahsulot bilan uzluksiz ta`minlash masalasi yuzasidan ko'plab istiqbolli loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda. Tadbirkor va ishbilarmonlarning sa`y-harakatlari bois daromad manbaiga aylangan ushbu tizim bugun Navoiy viloyatida ham yaxshi samara berayapti.

Aytish joizki, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati baliqchilik sohasiga ham alohida e`tibor qaratib kelmoqda. Xususan, Navbahor tumanidagi «Yangiyo'l» qishloq fuqarolar yig'ini va «Oxunboboyev» fermer xo'jaligida foydalanilmayotgan 5 gektar yer baliqxona qurish uchun ajratildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 16 iyunda qabul qilingan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va 2011 yil iyun-sentyabr oylarida sug'orma suvni tejashga doir qo'shimcha chora-tadbirlarga oid qarori mamlakatimizda suvni tejash texnologiyalarini keng qo'llash, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, ushbu tizimni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirgi sharoitda mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, suv taqchilligining salbiy oqibatlarini yumshatish va mavsum davomida qishloq xo'jaligini oqar suv bilan barqaror ta`minlash uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Vegetatsiya davrida qishloq xo'jaligi uchun suv olish me`yoriy hajmlari har bir sug'orish manbai, kanallar, tumanlar, suvdan foydalanuvchilar uyushmalari, fermer xo'jaliklari bo'yicha ishlab chiqilib, shu asosda suv ta`minoti amalga oshirilmoqda. Suvni tejash maqsadida tomchilatib sug'orish va ko'chma polietilen quvurlar orqali sug'orish yo'lga qo'yilgan. Yirik zovurlarda 52 nasos agregati ishga tushirilib, fermer xo'jaliklarida qo'shimcha 94 kichik nasos agregatlarini o'rnatish, yer osti suvlari hamda Navoiy issiqlik elektr stansiyasini sovutish tizimidan chiqayotgan suvlardan unumli foydalanish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur yirik korxona jamoasi viloyat yoshlari band­ligiga ham alohida e`tibor qaratib kelmoqda. Jumladan, joriy yilda viloyatda tashkil etilgan bo'sh ish o'rinlari yaramarkasida qatnashgan 350 nafardan ortiq yigit-qizning 200 nafarga yaqini o'z mutaxassisligi bo'yicha jamiyatda munosib ish o'rniga ega bo'ldi.

- Istiqlol zamondoshlarimizni dunyoga teran ko'z bilan qarashga o'rgatdi, - deydi «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori Qahramon Faniyev. - Bugun barcha yurtdoshlarimiz Vatan oldida o'zini burchli hisoblaydi. Bu tuyg'u har birimizni izlanishga, yaratuvchanlikka undaydi. Ayni shu tuyg'u insonlar tadbirkorligida ham yaqqol namoyon bo'lmoqda. Ayniqsa, 2011 yilning Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili deb e`lon qilinishi ayni shu sohada faoliyat olib borayotgan navoiyliklarni ham yangi marralarga ruhlantirgani rost. Korxonamiz ana shunday g'ayratli insonlar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasi o'laroq, viloyatda 2003 yilda eksportchi korxonalar soni 27 tani tashkil etgan bo'lsa, 2010 yilda 66 ta korxona dunyo bozorlariga o'zining sifatli mahsulotlari bilan chiqish salohiyatiga erishdi.

Bir so'z bilan aytganda, Navoiy shahriga qadam ranjida qilgan mehmonlar bugungi kunda ushbu shaharning gullarga burkangan ajib maskan ekaniga guvoh bo'lishadi. Mustaqillik sharofati bilan so'nggi yillarda olib borilayotgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari kishi qalbini to'lqinlantiradi.

Baxtiyor IBRAGIMOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

 

114 marta o`qilgan