Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Iqtisod
Istiqbolli hamkorlik: soha taraqqiyotiga keng yo'l ochadi
30.09.2011 13:56

Yaqinda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida  «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturi doirasida palata oldiga qo'yilgan vazifalarning amalga oshirilishiga bag'ishlangan konferensiya tashkil etildi.

Ma`lumki, tadbirkorlikni rivojlantirish jamiyat ravnaqi, aholi farovonligini ta`minlash hamda iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun xizmat qiladi. Mazkur tamoyilga amal qilgan holda davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlar bosqima-bosqich amalga oshirilmoqda. Tadbirda ta`kidlanganidek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ekt­lariga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, soliq imtiyozlari sohaning jadal rivojlanishida muhim omil bo'lmoqda.

Tadbir doirasida xususiy mulkchilikni yanada rivojlantirish yo'lida byurokratik to'siqlarni bartaraf qilish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, bozor islohotlarini liberallashtirish va chuqurlashtirish yo'lidan jadal harakat qilish, tadbirkorlikka ko'proq erkinlik berish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni hamda «Byurokratik to'siqlarni bartaraf qilish hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Qarori ijrosini ta`minlash borasida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining 2011 yil 7 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash maqsadida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning hamkorlari o'zaro hamkorligida tadbirkor hamda ishbilarmonlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni aniqlashda mamlakatimizning har bir viloyat va tumanlarida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etishga qaror qilindi.

Hozirgi kunda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda bir qator vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda yurtimizdagi tadbirkorlik sub`ektlarining manzili va murojaat telefonlari ko'rsatilgan elektron ma`lumotlar bazasi yaratildi. Mazkur elektron ma`lumotlar bazasi 9200 ta yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalari to'g'risidagi ma`lumotlarni o'z ichiga olgan.

- O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan mamlakatimizdagi korxonalarning eksport salohiyatini yanada oshirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni nafaqat ichki, balki tashqi bozorga olib chiqish hamda ularga axborot maslahatlarini berish masalalarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga ko'mak berish yo'lida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati rahbari Svetlana Obolonskaya. - Sanoat korxonalarining elektron ma`lumotlar bazasini yaratishdan asosiy maqsad, yurtimizda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan maxsulotlar, tadbirkorlik sub`ekt­lari faoliyati salohiyati haqida xorijiy sarmoyadorlarga to'liq ma`lumot berishdan iboratdir.

Endilikda, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o'rtasida hamkorlik aloqalarining izchilligini hamda tezkorligini oshirish, elektron tarzda o'zaro savdo operatsiyalarini amalga oshirish tizimini o'z ichiga olgan elektron savdo maydonchasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bundan tash­qari, palataning www.chamber.uz saytida uskunalarning elektron katalogini ham yaratish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar, xalqaro va mahalliy korxonalar hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida O'zbek-Xitoy savdo uyi hamda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko'magida Industrial biznes-majmuasini yaratish ishlari olib borilmoqda. Mazkur biznes-majmuaning asosiy maqsadlaridan biri mahalliy va xalqaro tadbirkorlar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri iqtisodiy hamkorlik aloqalarini o'rnatishga ko'mak berishdan iborat.

Ahmadjon XOLBOBOYEV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

74 marta o`qilgan