Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Iqtisod
To'siqlar bartaraf etiladi
15.09.2011 22:45

Yaqinda poytaxtimizning Yunusobod tumanida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini baholash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish bo'yicha ruxsat berish va mazkur tizimni yanada chuqur o'rganish maqsadida shahrimizning har bir tumani hududlarida so'rovnoma o'tkazilishini tashkil etishga bag'ishlangan seminar-yig'ilish bo'lib o'tdi.

O’zbekiston «Mahalla» va «Nuroniy» jamg'armalari, O'zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, O'zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O'zbe­kis­ton Xalq demokratik partiyasi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, O'zbekiston Fermer xo'jaliklari uyushmasi, «Hunarmand» uyushmasi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yuzdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, Yunusobod tumani mahalla fuqarolar yig'inlari raislari, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy bosh­qarmasi, shuningdek, palataning poytaxtimizdagi 11 ta axborot-maslahat biznes-markazlari xodimlari va jurnalistlar qatnashdi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham mamlakatimizda iqtisodiy o'sish sur`atlari saqlanib qolmoqda. Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohotlar, kuchli ijtimoiy siyosat aholi daromadlarining muttasil oshib borishida, bandlik darajasining o'sishida muhim omil bo'lmoqda. Xususan, mustaqillik yillarida yalpi ichki mahsulot 3,5 barobarga, aholi jon boshiga hisoblanganda esa 2,5 barobarga o'sdi, o'rtacha ish haqi 14 barobarga ko'paydi. Shu o'rinda ta`kidlash joizki, milliy iqtisodiyotimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi yildan-yilga o'sib bormoqda. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 24 avgus­tida «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni va 25 avgustda «Byurokratik to'siqlarni bartaraf qilish hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Qarori qabul qilingan edi.

Tadbirda mazkur huquqiy hujjatlarning ijrosini ta`minlash hamda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda qulay biznes-muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash, tadbirkorlik faoliyatini yuritish bo'yicha ruxsat berish tizimini o'rganish hamda bugungi kunda sohada uchrayotgan muammolarni aniqlash maqsadida mamlakatimizning har bir viloyat va tumanida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etishga qaror qilindi.

Jamoatchilik kengashlarini tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida uchrayotgan muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish, tegishli takliflarni ishlab chiqish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining huquqiy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning faoliyatini qo'llab-quvvatlashdan iboratdir.

Mazkur Jamoatchilik kengashlari o'z oldiga qo'yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida uchrayotgan muammolarni aniqlash maqsadida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorlari bilan birgalikda yurtimizning barcha tadbirkorlari orasida so'rovnomalar o'tkazish bo'yicha qo'shma qaror qabul qildi. So'rovlar yurtimizning barcha tumani, ­9973 ta mahalla miqyosida, 500  ming ta tadbirkorlik sub`ektlari o'rtasida o'tkazilishi kutilmoqda. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish va tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflarni umumlashtirish hamda tahlil qilish maqsadida korxonalarda o'tkazilgan so'rovnomalarda to'ldirilgan anketalar mahallalardagi ishchi guruh rahbarlari tomonidan tuman ishchi guruhlariga, so'ngra O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasiga yuboriladi. Yakuniy tahlillar natijalari o'rganilib, barcha hujjatlar palataning ishchi guruhiga taqdim etiladi.

Tadbir so'nggida ta`kidlanganidek, mamlakatimizning barcha hududlarida  so'rovlar o'tkazilib, kelib tushgan ma`lumotlar o'rganiladi va aniq taklif ishlab chiqish uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga yuborilishi ko'zda tutilmoqda. Shu asnoda mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ular faoliyatida uchrayotgan to'siqlarga barham beriladi.

O'zbekiston Savdo-sanoat

palatasi matbuot xizmati ko'magida Ahmadjon XOLBOBOYEV

tayyorladi.

 

 

77 marta o`qilgan