![]() |
![]() |
![]() |
Iqtisod
Ustyurt - ozod yurt ustuni
09.02.2012 23:11
E`tirof etish joizki, tarix mulkiga aylangan «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili»ning har bir kuni, har soati mustaqil O'zbekistonimiz va xalqimiz uchun behad qadrli, esda qolarli, har tomonlama ahamiyatli, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy mazmunga boy bo'ldi. 2011 yilning 24 avgust kuni aynan ana shu jihatdan e`tibor va e`tirofga molik bo'ldi. Shu kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak davlatlarimiz o'rtasidagi ikki tomonlama foydali strategik sheriklik borasida yana bir muhim qadam qo'yilganini e`tirof etdi. Shu kuni ozod yurtimizning iqtisodiy ustunlaridan biriga aylanib borayotgan hududda mamlakat kimyo sanoatining navbatdagi yana bir giganti - Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishiga birinchi g'isht qo'yildi. Ya`ni tashrif doirasida Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga ramziy tamal toshi qo'yilib, bu tantanali marosim «Qirqqiz» mavzesidan teleko'prik tarzida butun jahonga namoyish etildi. Janubiy Koreya bu majmuani barpo etishga 2,6 milliard AQSh dollaridan ortiq to'g'ridan-to'g'ri sarmoya kiritadi. Mustaqil mamlakatimiz kimyo sanoatining ulkan korxonasi bunyod etilgach, yiliga 400 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen mahsulotlari ishlab chiqaradi. Uning umumiy loyiha qiymati 4 milliard 160 million AQSh dollaridan iborat. Minglab yoshlar ish bilan ta`minlanadi. Qo'ng'irot soda zavodining qad tiklashi bilan Elobod shaharchasi shakllangan bo'lsa, yangi gigant korxona yana bir shaharchaga asos soladi. Majmua qurilishiga ilk g'isht qo'yilishi munosabati bilan o'tkazilgan teleko'prikda Prezident Islom Karimov va Prezident Li Myon Bak bu korxona butun Orolbo'yi istiqbolida yangi sahifa ochishini alohida ta`kidladilar. Xalqimizda davlatlining rizq-nasibasi qo'sha-qo'sha keladi, degan hikmatli gap bor: geologlar bu zamindan neft zaxirasi nishonalarini ham topdilar. Demak, Ustyurtning javohirlar sandig'i bir-bir ochilmoqda. Majmuaga «Surgil» konidan har yili 3 milliard kubometr tabiiy gaz xomashyosi yetkazib beriladi. Ekspertlar mazkur konning joriy zaxira quvvati bir necha o'n milliard kubometrdan ortiq ekanini tasdiqlaganlar. Mustahkam oila yilida yangi yirik korxonani bunyod etish ishlariga yuksak sur`at baxsh etilmoqda. Joriy yilning 20 yanvar kuni ikki do'st mamlakat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 20 yil to'ldi. Bu strategik sheriklikning istiqbolli ekani Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pan Xi Tening shu yil 10 yanvar kuni mamlakatimizga tashrifi chog'ida ham yana bir ta`kidlandi. Ikki tomonlama foydali hamkorlik «Navoiy» erkin industrial hududi, yirik-yirik qo'shma korxonalar va, albatta, Ustyurt boyliklarini o'zlashtirish borasida yanada takomillashmoqda, yangi ufqlar ochmoqda. Strategik sheriklik eng zamonaviy elektron asbob-uskunalardan tortib ilg'or aviatsiya, eng so'nggi ilmiy texnologiyalardan tortib kinematografiya, telekommunikatsiya sohalarini qamrab olmoqda. Tonggi shudring mamlakatida o'zbek she`riyati antologiyasi ham nashr etildi. Albatta, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday keng qamrovli iqtisodiy islohotlar, modernizatsiya jarayoni Qoraqalpog'iston Respublikasi taraqqiyotida ham yorqin tarzda, ayon o'zgarishlar, yangilanishlar shaklida o'z aksini topmoqda. Misol uchun, 2006 yili Qoraqalpog'istonning yalpi hududiy mahsuloti 571 milliard so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2010 yili 1 trillion 389 milliard 800 million so'mga yetdi. Agar 2001 yili bu hududning eksport salohiyati 61,4 million AQSh dollarini tashkil etgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2010 yili 115,4 million AQSh dollariga yetdi yoki deyarli ikki baravar o'sdi. Albatta, bunda Ustyurtning to'ng'ich giganti - Qo'ng'irot soda zavodining sanoat salohiyati o'ziga xos o'rin tutadi. Esimizdan chiqmaydi: ulug' alloma va mumtoz shoirimiz Sulaymon Boqirg'oniy hazratlarining muborak qadamjosini ziyorat qilish uchun ustozimiz, O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston, Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi To'lepbergen Qaipbergenov bilan bu joylarga kelganimizda, Ustyurt sahrosining bir qismini aylangan edik. Baland bir tepa ustiga chiqib, odam ko'zi ilg'amaydigan kengliklarga mehru muhabbat tuyg'usi bilan tikilar ekan, jahongashta adib: - Ollohning inoyati, Prezidentimizning jasurligi bilan O'zbekistonimiz mustaqil bo'lganiga beadad shukr. Faqat istiqlolgina bu zaminning oltin sandiqlariga olmos kalitlar soldi, yuz ming yillik sahroni asriy g'aflatdan uyg'otdi. Mamlakat ozod bo'lishi bilan Prezident Islom Karimov rahnomoligida, eng avvalo, «Qo'ng'irot - Beyneu» qit`alararo avtomobil yo'li qurilishiga kirishildi. Yo'l borgan joyga jo'shqin hayot boradi, sarmoya boradi. Fikrimizning yorqin isboti sifatida bu saxiy zaminning tabiiy gaz hamda gaz kondensat zaxiralarini o'zlashtirishda «O'zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasining «Gazprom» va «Lukoyl», Janubiy Koreyaning «KNOC», Xitoy Xalq Respublikasining «SNPC», Malayziyaning «Petronas Charigali» kompaniyalari ham ishtirok etayotganini aytishimiz lozim. Ayni kunda Ustyurt hududining o'zidagina o'ndan ortiq sarmoyaviy kesimlar belgilangan. Bu ishlar hamkor tomonlardan har birining ustuvor maqsadlariga, jahon miqyosidagi iqtisodiy inqiroz kuchayayotgan bir paytda o'zaro strategik manfaatlarga xizmat qilmoqda. Bugun Orolbo'yida genofondga, iqtisodiy va ijtimoiy yo'nalishlarga oid muammolar to'plangani rost. Lekin O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi, BMT, YuNYeSKO, YuNISYeF, boshqa tashkilotlar 20 yil davomida amalga oshirgan keng ko'lamli ishlarsiz hududning ahvoli ne kechardi? Bu savolga javob berish uchun istiqlol yillarida Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini, aholi turmushini yaxshilash borasidagi, yangi kommunikatsiya tarmoqlarini, ijtimoiy infratuzilmani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikdagi dadil qadamlarni, eng muhimi, odamlar tafakkuridagi o'zgarishlarni to'liqroq tasavvur qilish kerak bo'ladi. Gap bevosita Ustyurt zamini to'g'risida ketadigan bo'lsa, eng avvalo, Qo'ng'irot soda zavodi tilga olinadi. Davlatimiz rahbari 1992 yilning 2 dekabrida Qoraqalpog'istonda bo'lib, hududning iqtisodiy salohiyatini ko'tarishga xizmat qiladigan «Xo'jako'l-Tebinbuloq-Qoratov» mavzesi bilan tanishdi, bu yerda ulkan yangi sanoat markazi barpo etish yuzasidan qimmatli ko'rsatmalar berdi, bo'lg'usi shahar uchun maqbul joyni ham belgiladi. Darvoqe, Tebinbuloqda temir va vermikulit, O'g'risoyda rangli metallar, Qoratovda ohaktosh zaxirasi mo'l. Aynan shu ohaktosh zaxirasi bilan Ustyurt platosidagi behisob osh tuzi hisobiga jahon metallurgiya, shisha sanoatining eng «tansiq noni» kalsiyli soda ishlab chiqaradigan Qo'ng'irot soda zavodi qurildi. Mazkur zavod ham O'zbekistonning eng istiqbolli davlatlar bilan hamkorligi samarasi bo'ldi. Xususan, soda zavodi qurilishini eng yaqin hamkorlarimizdan biri Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda yakunladik. Ma`lumki, bu davlat jahonda kalsiyli soda ishlab chiqarishda yetakchi o'rinlardan birida turadi. Qo'ng'irot giganti qurilishida Xitoy Xalq Respublikasining «SITIK» kompaniyasi 35 million AQSh dollari miqdoridagi ishlarni bajardi, eng maqbul muddatlarda korxonani foydalanishga topshirdi. - O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov shu yilning 19 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida 2011 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2012 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag'ishlangan majlisida 2012 yilda Ustyurt gazkimyo majmuasi, Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi, boshqa yirik loyihalar bilan birgalikda Qo'ng'irot soda zavodining ikkinchi navbatini bunyod etishga kirilishini alohida ta`kidlab o'tdi, - deydi «Qo'ng'irot soda zavodi» unitar korxonasi bosh direktori Rashid Yakubov. - Bu ikkinchi navbat korxonada qo'shimcha 50 ming tonna kalsiyli soda ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Mazkur korxona tufayli Ustyurtda o'ziga xos industrial makon vujudga keldi. Zavod qoshida Toshkent Kimyo-texnologiya institutining filiali faoliyat ko'rsatayapti. Mustaqil mamlakatimizning eng kenja shahri hisoblangan Elobod kundan-kunga yashnab, chiroy ochib bormoqda. Bir so'z bilan aytganda, Ustyurt Navoiy, Chirchiq, Ohangaron, Olmaliq, Sho'rtan, Qorovulbozor, Farg'ona, Muborak, Asaka kabi ozod yurtning ishonchli iqtisodiy ustuniga aylanib bormoqda. Yana bir muhim jihati, shakllanayotgan Ustyurt industrial hududi Orolbo'yining istiqboli porloq ekaniga haqiqiy kafolatdir. Yangiboy QO'ChQOROV, «Jamiyat» muxbiri 40 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|