![]() |
![]() |
![]() |
Islohot
Aholiga qulaylik yaratayotgan markaz
03.11.2011 22:37
Poytaxtimizning Sergeli tumanida tashkil etilgan «Yagona oyna markaz» (YaOM) nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo amaliyotiga yaqindan boshlab joriy qilinayotgan xalqaro loyihalardan hisoblanadi. Markaz zamonaviy axborot texnologiyalari vositasida aholiga asosiy davlat xizmat turlarini oson va samarali tarzda taqdim etish imkonini bermoqda. ...Rahmatulla Muhammadiyev qizi Nargiza bilan kichik korxona ochib, o'zlarini tadbirkorlikda sinab ko'rmoqchi bo'lishdi. Ular Sergeli tumani hokimligi qoshida salkam bir yildan beri «Yagona oyna markazi» faoliyat ko'rsatayotganidan, uning interfaol xizmatlaridan yaxshi xabardor edilar. Shu bois markazning ishlari bilan yaxshiroq tanishish uchun bu yerga tashrif buyurishdi. «Tadbirkorlik va ishlab chiqarish faoliyati» bo'limiga murojaat qilishdi. Ularni mutaxassis Qodir Majidov qabul qildi. Rahmatulla aka unga niyatini, rejalarini bafurja gapirib, qizi Nargiza «Zulfiqor mejit tekstil» to'qimachilik korxonasini ochmoqchi ekanini aytdi. Qodirjon ularning tashabbusini qo'llab-quvvatlab, dastlabki ish jarayoni haqida atroflicha ma`lumot berdi. Rahmatulla aka bilan qizi bu yerdan tadbirkorlikning barcha masalalariga oid savollarga tez, aniq, ishonchli va batafsil ma`lumot olish mumkinligiga ishonch hosil qilib, markazdan ko'ngli yorishib chiqdi va bir necha kundan so'ng markazga kerakli hujjatlarni topshirishdi. Oradan to'rt kun o'tib, ularga hoziroq ish boshlashi mumkin bo'lgan korxonaning tayyor hujjatlarini topshirishdi. Ota-bola hech ovora bo'lishmadi, biror joyga borib yurishmadi. Faoliyatini ayollar kiyimini ishlab chiqarishdan boshlagan «Zulfiqor mejit tekstil» korxonasi endi xaridorgir mahsulot turlarini ko'paytirish, yangi ish o'rinlarini tashkil etish ustida izlanmoqda. ...Bir tanishim kam ta`minlangan oila sifatida o'zi yashab turgan mahalla fuqarolari yig'inidan moddiy yordam oladi. Har gal buning uchun kerakli hujjatlarni taxlashda birmuncha ovoragarchiliklarga duch kelardi. Yaqinda o'sha tanishimni ko'rib qoldim, qo'lida bir varaq qog'oz. So'rashib ulgurmayoq, yangilikdan gap ochdi. Endi moddiy yordam puli olish uchun «Yagona oyna markazi»ga borib, markazning rasmiy qog'ozida ko'rsatilgan hujjatlarni ariza bilan qo'shib topshirayotgan ekan. Uning aytishicha, so'ralgan hujjatlarning aksariyatini shu yerning o'zidan olish mumkin. Sababi, bu yerda o'ndan ziyod davlat tashkilotlari ijtimoiy ta`minot, uy-joy kommunal xo'jaligi, ta`lim, madaniyat va sport, yer va mulk munosabatlari, sog'liqni saqlashga oid hujjatlarni shu yerning o'zida aholiga taqdim etmoqda.
Yangi loyiHaning yangiliklari
Qayd etish joizki, «Yagona oyna markazi» davlat xizmatlarini taqdim etishda mutlaqo yangicha yondashuv bo'lib, u xizmatlar ko'rsatish usulini o'zgartirish yo'li bilan mazkur jarayondagi ortiqcha, keraksiz ovoragarchiliklarni kamaytirmoqda. Yangilikning mohiyati shundaki, aholi uchun mo'ljallangan katta doiradagi davlat va jamoat xizmatlari bir joyga jamlanadi, fuqarolar esa ko'p vaqt sarflamay, markaz xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo'lishayapti. Shuningdek, odamlar turli tashkilotlarga bosh suqib yurmasdan, markaz orqali ishga joylashishi, soliqqa oid masalalarni hal qilishi, davlat ko'chmas mulk kadastridan ma`lumotlar, kommunal, ijtimoiy va boshqa masalalarga oid axborotlar olishi mumkin. 2010 yil 7 apreldan faoliyat ko'rsatib kelayotgan «Yagona oyna markazi» BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda Sergeli tumani hokimligi bilan hamkorlikda imzolangan uch tomonlama o'zaro kelishuv Memorandumiga asosan tashkil etilgan. BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili o'rinbosari Nato Alxazishvilining fikricha, ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Taraqqiyot dasturi O'zbekistonda turli loyihalarni, jumladan, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga taalluqli loyihalarni amalga oshirish orqali davlat boshqaruvini isloh etish borasida O'zbekiston Respublikasi hukumati olib borayotgan ishlarni qo'llab-quvvatlamoqda. Bugungi kunda ushbu markaz konsepsiyasi dunyoning boshqa davlatlarida ham BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Sergeli tumanida ushbu loyihani amalga oshirishda eng yaxshi xalqaro tajribaga tayanildi. Ta`kidlash joizki, Sergeli tumanidagi «Yagona oyna markazi» o'ndan ziyod davlat tashkilotlari tomonidan qariyb 80 turdagi xizmatni (jumladan, interfaol shaklda 25 turdagi xizmatni) taqdim etishga qaratilgan o'ziga xos tashabbus bo'ldi. Ushbu markazning joriy etilishi davlat xizmatlaridan yanada kengroq foydalanishni ta`minlamoqda. Markaz 30 dan ortiq kompyuter va ikkita infokiosk bilan jihozlangan bo'lib, zamonaviy axborot tizimi aholining buyurtmalariga ishlov berilishini kuzatib turish, elektron navbat tizimi esa tashrif buyuruvchilar vaqtini tejashga imkoniyat yaratdi. «Yagona oyna markazi» o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 23 avgustdagi «Davlat va xo'jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan o'zaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori hamda BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va O'zbekiston hukumati tomonidan imzolangan «2010-2015 yillar davri uchun mamlakatga oid dasturni amalga oshirish bo'yicha xatti-harakatlar rejasi»ni bajarish doirasida amalga oshirilmoqda.
Yuksak ishonch bildirildi
Joriy yil mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi o'rinbosari, BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Xelen Klark 24 may kuni ushbu markaz faoliyati bilan tanishib, bu yerda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklarni, shuningdek, O'zbekiston va BMT o'rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruv tizimida qo'llash borasidagi hamkorlik samaralarini yuksak baholadi. – Tashkilotimiz bilan hamkorlikda O'zbekistonda amalga oshirilgan qo'shma loyihalarning samarasidan mamnun bo'ldik, – deydi Xelen Klark. – Bu yerda aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bizda katta taassurot qoldirdi. Bunday markazlarni mamlakatingizning boshqa hududlarida ham tashkil etish borasidagi sa`y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaymiz. Mamlakatingiz so'nggi yillarda yuksak iqtisodiy ko'rsatkichlarga erishayotgani bizni juda quvontiradi. O'zbekistonda barcha sohalarni rivojlantirish yo'lida zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilayotgani diqqatga sazovor. Ushbu markaz ham buning yorqin bir misolidir. Mabodo «Yagona oyna markazi»ga tashrif buyursangiz, shu ixchamgina joyda ko'pdan-ko'p xizmat turlari atigi 6 ta oyna oldida bajarilayotganiga guvoh bo'lasiz. Ularning hammasi ham muhim. Masalan, 2-oyna moddiy yordam uchun hujjat qabul qiladi va ish izlab kelganlarni bo'sh joylar bo'yicha ishga joylashtirishga ko'maklashadi. 5-oyna axborot-maslahat markazi, tadbirkorlik sub`ektlarini ro'yxatdan o'tkazish inspeksiyasi va tadbirkorlar uyushmasiga oid ma`lumotlar bilan «qurollangan». Ular tadbirkorlik faoliyati, korxona hujjatlari jamlanmasini tayyorlash, biznes-reja tuzish, sug'urta xizmati, tayyor hujjatlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, uyushma faoliyatini tanishtirish, sihatgoh va oromgohlarga yo'llanma berish bilan shug'ullanadi. – Jamoamiz 8 kishidan iborat, – deydi markaz koordinatori Dilorom Sapayeva. – 2011 yil 1 oktyabr holatida markazimizga jami 54155 nafar fuqaro murojaat etgan. Shundan 39951 nafar kishi ariza bilan, 14204 nafari maslahat so'rab kelgan. Ariza bilan murojaat qilganlarning hammasiga tegishli xizmatlar ko'rsatildi. Kelgusida mamlakatimizning barcha viloyatlarida O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hududiy boshqarmalari, BMT Taraqqiyot dasturining «O'zbekiston hukumatiga mamlakat rivojlanishi uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda ko'mak» (ICTP) loyihasi asosida «Yagona oyna markazi» tashkil etish rejalashtirilgan. Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida bunday markazlar Namangan va Jizzax shaharlarida aholiga o'z eshiklarini ochdi. Davlatimiz rahbarining «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida fuqarolik jamiyati institutlarining, jumladan, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlarining yanada rivojlanishiga erishishda, amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiq-oshkoraligi va samaradorligini ta`minlashda «Ijtimoiy sheriklik to'g'risida»gi qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta`kidlangan. Ushbu qonunning qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlarini, «Yagona oyna markazi» kabi xalqaro loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda, mamlakat aholisi turli qatlamlarining huquq-erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat hokimiyati organlari bilan o'zaro munosabatiga taalluqli tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga huquqiy asos va mustahkam tayanch bo'lib xizmat qiladi. Ergash IBROHIMOV, jurnalist 42 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|