![]() |
![]() |
![]() |
Islohot
Dunyo bo'ylab yelar poyezdlar
24.12.2011 12:56
Istiqlol sharofati bilan bir zamonlar ajdodlarimizning qadami tekkan joylar katta yo'llarga tutashdi, ularning karvonlari o'tgan yo'llardan bugun Vatan bayrog'ini hilpiratib tezyurar poyezdlarimiz yelmoqda. Dunyoning to'rt tarafiga yo'lgan olgan poyezdlar qatorini esa bolajonlarimiz qo'l silkitgancha, qiyqirishib kuzatib qolishadi... Iqtisodiyotimiz qon tomirlariMamlakatimizda yuz bergan ulkan o'zgarishlarda, rivojlanish va yuksalishlarda iqtisodiyotning qon tomiri hisoblangan temiryo'l tizimining ham salmoqli ulushi bor. Aytish joizki, davlatimiz rahbari temiryo'l tarmog'ini rivojlantirish masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e`tibor qaratib, istiqlolning dastlabki yillaridanoq xalqaro transport va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bir qator tashkiliy-huquqiy va amaliy chora-tadbirlarni belgilab berdi. Buning samarasi o'laroq mamlakatimizda yangi temir yo'l va vokzallar qurish, lokomotiv, elektrovoz, vagonlar xarid qilish hamda mavjudlarini ta`mirlash, dunyo bozorlariga yo'nalishlar ochish, yo'lovchi va temiryo'lchilarga har tomonlama qulay shart-sharoit yaratish kabi masalalarga alohida e`tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qurilgan «Navoiy -Uchquduq - Sulton Uvaystog' - Nukus» temir yo'li shimoliy mintaqalarni yurtimizning markaziy hududlari bilan bog'ladi. Katta hajmda obodonlashtirish ishlari olib borilgan ushbu temir yo'l o'tgan hududlarda ko'plab madaniy-maishiy inshootlar qad ko'tardi, yangi temir yo'l bekatlari va shinam vokzallar barpo etildi. Yuzlab odamlar ish bilan ta`minlandi. 2007 yili «Toshguzar-Boysun-Qumqo'rg'on» temir yo'l liniyasining foydalanishga topshirilishi mamlakatimizda yagona milliy temir yo'l tizimini yaratishning navbatdagi muhim bosqichi bo'ldi. Dengiz sathidan 1800 metrgacha balandlikdagi Hisor tog' tizmalarini kesib o'tgan, uzunligi 223 kilometrli bu inshoot nafaqat Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini, balki ushbu vohani poytaxtimiz va yurtimizning boshqa hududlari bilan tutashtirdi. «Toshguzar-Boysun-Qumqo'rg'on» temir yo'l liniyasi ishga tushgach yuk va yo'lovchi tashish masofasi 170 kilometrga qisqardi. Muhimi, yo'lovchilarning uzog'i yaqin, og'iri yengil bo'ldi. Ayni paytda mazkur temir yo'l mamlakatimiz transport kommunikatsiyalarini, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini iqtisodiy-ijtimoiy yuksalishi uchun qulay shart-sharoit yaratib, tabiiy yer osti boyliklari konlarini o'zlashtirish loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirish barobarida respublikamiz janubiy mintaqalarining ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ta`kidlash joiz, mustaqillik yillari yurtimizda 4 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi temir yo'l xalqaro talablarga javob beradigan darajaga keltirilib, 560 kilometrdan ortiq yangi temir yo'l qurildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunday keng ko'lamli ishlar xalqimizning bunyodkorlik borasidagi ulkan salohiyatidan yana bir dalolatdir. Ayni kunda «O'zbekiston temir yo'llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi poyezdlari o'ndan ortiq xalqaro va ko'plab mahalliy yo'nalishlarda qatnovni amalga oshirmoqda. Shuningdek, shaharlararo va shahar atrofi yo'nalishlarida elektropoyezdlar harakati yo'lga qo'yilgan. Xizmat ko'rsatish sifati yaxshilanib borayotgan ushbu poyezd va elektropoyezdlarda kuniga minglab yo'lovchilar manzilga yetkazilmoqda. Toshkent-Samarqand, Toshkent-Buxoro, Toshkent-Qarshi yo'nalishlarida muntazam qatnayotgan «Registon», «Sharq» va «Nasaf» tezyurar poyezdlari xizmatidan yo'lovchilar mamnun. «Yo'lingiz ravon, safaringiz bexatar bo'lsin!» Mamlakatimiz temiryo'l tizimida keyingi yillarda ichki va tashqi transport bozorida mustahkam o'rin egallash, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xizmat ko'rsatish madaniyati, sifati va samaradorligini oshirishga alohida e`tibor berilmoqda. Temir yo'l vokzallarida xalqaro standartlarga mos sharoit yaratilayotir. Bunday yutuqlarga erishishda «O'zbekiston temir yo'llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi «O'ztemiryo'lyo'lovchi» ochiq aksiyadorlik jamiyatining ham hissasi beqiyos. - Ushbu tashkilot temiryo'l yo'lovchi transporti ishini yanada yaxshilash, yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish madaniyatini ko'tarish, yo'lovchilarni tashish boshqaruvini takomillashtirish va temir yo'l transporti boshqarmalarini bozor iqtisodiyoti talablari darajasida tashkil qilishda sharoitlar yaratish kabi vazifalarni o'z zimmasiga olgan, - deydi «O'ztemiryo'lyo'lovchi» ochiq aksiyadorlik jamiyati Turizm, reklama va marketing tadqiqotlari agentligi boshlig'i Fozil Sharipov. - Tashkilotning asosiy faoliyati bo'yicha 7 ta mintaqaviy filiallari - Toshkent, Qo'qon, Samarqand, Xorazm, Termiz, Qarshi va Qo'ng'irot, shuningdek, yo'lovchi poyezdlarni reysga texnik va texnologik tayyorlash, «Toshkent markaziy vokzali», turizm, reklama va marketing tadqiqotlar agentligi, mahalliy yo'nalishda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatishni tashkil qilish va «Servis - ekspress», davlatlararo yo'nalishida yo'lovchilar tashishini tashkil qilish filiallari mavjud. Hozirgi kunda tashkilot har yili 15,5 million nafardan ko'p yo'lovchilarni manziliga yetkazmoqda va yo'lovchi aylanmasi 3,0 milliard yo'lovchi kilometrni tashkil etadi. Aytish joizki, keyingi yillarda tashkilot tarkibiga kiruvchi Toshkent markaziy yo'lovchilar temir yo'l vokzali va boshqa shaharlarimizdagi vokzallar qayta rekonstruksiya qilinib, ta`mirdan chiqarildi va yangilari barpo etildi. Xalqaro va mahalliy yo'nalishlarda qatnovchi poyezdlarda ko'rsatilayotgan xizmatlar sifati zamonaviy talablarga moslashtirildi. Yo'lovchilarga servis xizmatlarini oshirish maqsadida Toshkent markaziy yo'lovchilar temiryo'l vokzali binosida 6 ta juda qulay zallar tashkil qilindi. Yo'lovchilarni hamma kerakli ma`lumotlar bilan ta`minlash uchun vokzal binosining markaziy xollida zamonaviy talablarga javob beradigan ma`lumotlar tablosi qo'yilgan. Xollning birinchi qavatida bolalar kafesi va maydonchasidan iborat bolalar zali joylashgan. O'yin zali orqasida dam olish uchun qulay 25 o'rinli ona va bola xonasi joylashgan. Shuningdek, ikkinchi qavatda harbiy xizmatga chaqirilganlarga xizmat ko'rsatish uchun komendatura tuzildi. Markaziy kirishning o'ng tarafida 6 ta kassadan iborat kassa zali joylashgan. Kassalar yo'lovchilarni tashish avtomatik boshqaruvidan iborat yangi «Ekspress-3» terminallardan tashkil topgan. Ikkinchi qavatda ishbilarmon kishilar uchun Internet klub, kafe bardan va boshqa kompleks xizmatlardan iborat biznes zal joylashgan. Ushbu kompleks bir vaqtda 65 kishiga xizmat ko'rsata oladi. Kutish zalidan o'ng tomonda VIP zal joylashgan, u 2 qavatni egallagan. VIP zal kompleksiga 40 kishilik restoran, 30 kishilik dam olish zali, dam olish uchun yumshoq kreslolik qishki bog' kiradi. Zaldan yo'lovchilar poyezdlar perroniga chiqish va ikkinchi qavatdagi kutish zaliga kirishi mumkin. Kutish zali birinchi va ikkinchi qavatlarda joylashgan. Ular yo'lovchilarga kerakli ma`lumot berish uchun video va tele apparatura bilan ta`minlangan, shuningdek 1 soat davomida 500 kishiga xizmat ko'rsatish uchun qo'shimcha zallardan tashkil topgan. Kutish zalidan chiqishda bir vaqtda 500 ta yo'lovchini qabul qiladigan, dam olish joylari berk zal-perron joylashgan. Vokzal binosining chap tarafida delegatsiyalarni qabul qilish muhtasham zali joylashgan. Markaziy xollning chap va o'ng tarafida yo'lovchilar uchun qulay o'tirish joylari va fontanlardan iborat ichki hovli joylashgan. Vokzal o'rta xisobda 50 mingta odamga xizmat ko'rsatishi mumkin. Hozirgi kunda hamma keluvchi va ketuvchi yo'lovchilarni inobatga olganda, markaziy Toshkent vokzali o'rta hisobda 30 mingga yaqin odamni qabul qilyapti. Bir kunda vokzaldan 6 ta xalqaro va 20 ta mahalliy poyezdlar jo'natilmoqda va kutib olinmoqda. Markaziy Toshkent vokzali qoshida «Ekspress-3» yangi terminallar bilan jihozlangan, shuningdek, yo'lovchilar uchun kompleks xizmatlar ko'rsatadigan yangi tranzit kassalari qurildi. «O'ztemiryo'lyo'lovchi» ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan faoliyatni yanada mukammallashtirish uchun boshqaruv tuzilmasi va ishlab chiqarishni takomillashtirish, vagonlar parkini yangilash, yo'lovchilarga progressiv xizmat ko'rsatish tizimlarini kiritish, bozor talablarini inobatga olgan holda qulay narx siyosatini olib borish va marketing tadqiqotlarni kengaytirish singari kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xorijda betakror yurtimiz, uning tarixi, madaniyati, me`moriy obidalariga qiziqish kuchayganini inobatga olgan holda tashkilot qoshida Turizm, reklama va marketing tadqiqotlar agentligi tashkil etilgan bo'lib, uning asosiy vazifalaridan biri «Buyuk ipak yo'li» shaharlari bo'ylab temir yo'l transportida sayyohlarni tashish va ularga zamonaviy xizmat ko'rsatishdir. «Afrosiyob» - istiqlol tuhfasi Dunyoda temir yo'l transport-kommunikatsiya tizimlarining tezkor rivojlanib borayotgani, bir tomondan, aholining qulay va sifatli tashishlarga bo'lgan ehtiyojini ham kuchaytirmoqda. Bu davr talabi, albatta. Transport-kommunikatsiya tizimi infrastrukturasini rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e`tiborida. Qisqa muddatda Toshkent va Samarqand shaharlari o'rtasida yuksak texnologiyali, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari qatnovi yo'lga qo'yilishi ana shu g'amxo'rlik va e`tibor samarasi, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining yana bir namoyishi bo'ldi. Mamlakatimiz Prezidentining 2009 yil may oyida Ispaniya Qirolligiga tashrifi asnosida yurtimizda yuqori tezlikda yuruvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etishga doir loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O'sha yilning iyul oyida «O'zbekiston temir yo'llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamda Ispaniyaning «Patentes Talgo» kompaniyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik bo'yicha memorandum imzolanib, umumiy qiymati 38 million yevroga teng ikkita yo'lovchi elektropoyezdini sotib olishga kelishildi. Davlatimiz rahbarining 2010 yil 5 yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq, loyihani moliyalashtirish manbalari belgilab berildi. Toshkent - Samarqand uchastkasida temir yo'lni yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar harakatini tashkil etishga moslashtirish ishlari jarayonida sohaning xavfsizlik va kafolatli xizmat ko'rsatish kabi eng asosiy qoidalariga alohida e`tibor qaratildi. Shu maqsadda tegishli loyihalar va normativ hujjatlar «Toshtemiryo'lloyiha» mas`uliyati cheklangan jamiyati, «Boshtransloyiha» ochiq aksiyadorlik jamiyati, Toshkent temir yo'l transporti muhandislari instituti hamda Moskva va Sankt-Peterburgdagi ixtisoslashgan loyiha institutlari tomonidan ishlab chiqildi. Toshkent - Samarqand yo'nalishida temir yo'l infrastrukturasini modernizatsiya qilish va qayta qurish bo'yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Elektr, signalizatsiya va telekommunikatsiya tizimlari modernizatsiya qilindi. Stansiyalar, temir yo'lni kesib o'tish joylari rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo qilindi. Yangiyer - Dashtobod oralig'ida 35,3 kilometrdan ortiq ikki qatorli yangi temir yo'l, 142 metrlik tunnel hamda umumiy uzunligi 400 metr bo'lgan 4 ta zamonaviy ko'prik qurildi. «O'zbekiston» lokomotiv deposi hududida «Afrosiyob» elektropoyezdlarini texnik ko'rikdan o'tkazish, texnik va servis xizmati ko'rsatishga mo'ljallangan sex barpo etildi hamda zamonaviy asbob-anjomlar, uskunalar bilan jihozlandi, zarur qismlarning dastlabki jamlanmasi keltirildi. Toshkent va Samarqand vokzallarida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, zamon talablariga javob beruvchi xavfsizlik va yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish tizimi yaratildi. «Afrosiyob» elektropoyezdlari konstruksiyasi mustahkam va yengil qilib ishlangani energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirish, yuqori ishonchlilikni ta`minlash imkonini beradi. Fildiraklarning kam yemirilishi, texnik xizmat ko'rsatishda xarajatlarning kamligi, qiya burilishlarda ham yuqori tezlikda harakatlana olishi ushbu poyezdga xos texnik xususiyatlardandir. Ikkita bosh lokomotiv, sakkizta yo'lovchi vagoni va bitta vagon-restorandan iborat elektropoyezd 215 nafar yo'lovchini manziliga o'z vaqtida yetkazish imkoniyatiga ega. Vagonlarda havo harorati, yo'nalish jadvali va tezlik haqida kompyuter tablolari orqali ma`lumot berib boriladi. Barcha salonlar qulay va yumshoq o'rindiqlar, video monitorlar, mutolaa uchun chiroqlar bilan jihozlangan. Derazalar ko'p qatlamli shovqin qaytaruvchi oynadan tayyorlangan, quyoshdan himoya qiluvchi pardalar o'rnatilgan. Yilning qaysi fasli bo'lishidan qat`i nazar, salonda barqaror qulay harorat ta`minlanadi. Barcha vagonlarda kiyim ilish va qo'l yuki uchun alohida joylar mavjud. Ta`kidlash joizki, «Afrosiyob» poyezdlari o'z qatnovini boshlaganiga hali ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Shunga qaramay, uchqur va zamonaviy poyezdlarda bugun yuzlab yo'lovchilarimiz o'z manziliga sifatli yetkazilmoqda, ularga yo'l davomida qulay servis xizmatlari ko'rsatilmoqda. Bu ham uning yo'lovchilar ko'nglidan munosib joy olishiga sabab bo'layapti, albatta. «Afrosiyob» poyezdlari hozirda haftaning shanba va yakshanba kunlari harakatlanyapti. Poytaxtdan erta tong soat 6:55 da yo'lga chiqqan yo'lovchilar ikki soatdan ortiqroq vaqtda ko'hna Samarqandga kirib borishadi. Kunning ikkinchi yarmida soat 16:55 da esa poyezd ortga qaytadi. Poyezdda yo'lovchilar uchun «VIP», «Biznes» hamda «Ekonom» vagonlari bo'lib, unda qulay va tezkor xizmatlar yo'lga qo'yilgan. Chiptalar sotuvi ham aholi uchun qulay - naqd va plastik kartochkalarda amalga oshiriladi. Bu borada yo'lovchilarning talab va ehtiyoji kun sayin ortib borayotganini alohida gapirish lozim. Binobarin, ayni kunlarda poyezdning «VIP», «Biznes» hamda «Ekonom» vagonlariga chiptalar muntazam sotilmoqda. Bugunga qadar «Afrosiyob» poyezdlari orqali 3 mingdan ziyod yo'lovchi manziliga yetkazilgani quvonarli holdir. Shu o'rinda yurtimiz hududida harakatlanayotgan «Afrosiyob» poyezdining yo'lovchilarimiz uchun manzur bo'layotgan jihatlari haqida ham aytib o'tish joiz. Yo'l davomida yo'lovchilar tamaddi qilishi, shuningdek, ularga safar davomida turli filmlar, konsert dasturlari namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, «Afrosiyob» poyezdida WiFi internetidan, VIP vagonlarida esa noutbuk xizmatlaridan ham samarali foydalanish mumkin. Qolaversa, yo'lovchilar xavfsizligini ta`minlash va ularga yuqori sifatli xizmat ko'rsatish uchun poytaxt va Samarqand temir yo'l vokzallarida zamonaviy infratuzilma yo'lga qo'yilgan. Bu borada ayniqsa, maxsus shtirixli chiptalarning joriy etilganini alohida ta`kidlash joiz. Mazkur yuqori tezlikdagi poyezdlarda aholiga ko'rsatilayotgan sifatli tashishlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlarni ham befarq qoldirmayapti. Zero, yo'lovchilarni tashishga bo'lgan ehtiyoj endilikda kun sayin ortib bormoqda. Buni inobatga olgan soha mutaxassislari kelajakda qatnovlar sonini yanada oshirishga harakat qilishmoqda. Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizda yuksak texnologiyali, yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo'lga qo'yish borasida dastlabki qadam qo'yildi va bu bilan temir yo'l transporti sohasini rivojlantirish hamda transport xizmati sifatini yuksaltirishda yangi bosqichga asos solindi. Yaqin kelajakda Buxoro, Qarshi va Termiz shaharlariga ham ana shunday tezyurar poyezdlar qatnovini yo'lga qo'yish rejalashtirilmoqda. Nurali SHODIYEV, «Jamiyat» muxbiri
82 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|