![]() |
![]() |
![]() |
Islohot
Iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot
02.02.2012 21:54
Yaqinda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining Markaziy Kengashi yig'ilishida palata tomonidan o'tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi maqsad-vazifalar atroflicha muhokama etildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a`zolari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan mazkur tadbirda ta`kidlanganidek, 2011 yili mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o'sish sur`atlari kuzatildi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 54 foizni, sanoatdagi ulushi 20,7 foizni, eksportdagi ulushi 16,2 foizni va bandlikdagi ulushi 74,4 foizni tashkil etdi. Mazkur ko'rsatkichlar bo'yicha O'zbekiston dunyoning iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan mamlakatlari qatoridan mustahkam joy oldi. - 2011 yilda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi, - deydi O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Sarkor Isonboyev. - Xususan, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturini ijro etish bo'yicha tadbirkorlik sub`ektlari orasida ishbilarmonlik muhitini baholash, biznes yuritish shart-sharoitlari, ruxsat berish tartiblaridan o'tish va kredit-moliyaviy resurs masalalari bo'yicha so'rovlar o'tkazish tizimi yo'lga qo'yildi. Bundan tashqari, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini muhofazalash maqsadida o'tgan davr mobaynida xodimlarimiz nazorat qiluvchi organlar tomonidan o'tkazilgan 716 ta xo'jalik sub`ektlarini tekshirish jarayonlarida ishtirok etdi. Aytish joizki, shundan 618 tasi (86,3 foiz) rejali, 98 tasi esa (13,6 foiz) rejadan tashqari tekshirishlar hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlarning o'zaro hamkorligini kuchaytirish va ularga har tomonlama yordam berish maqsadida mamlakatimiz bo'yicha 1000 dan ortiq Jamoat kengashi a`zolari 200 ga yaqin shahar hamda tumanlarda faoliyat olib bormoqda. Ular Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O'zbekiston «Mahalla» xayriya jamg'armasi, Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati va O'zbekiston Fermer xo'jaliklari uyushmasi kabi bir qator hamkor tashkilotlar ko'magida «Tadbirkorlar kuni» kabi bir qator tadbirlar o'tkazib kelmoqda. Tadbirda ta`kidlanganidek, mahalliy tadbirkorlarning hamkorlar bilan mustahkam aloqa o'rnatishiga ko'maklashish hamda qo'shma korxonalar tashkil qilishda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida o'tgan yili 102 ta xorijiy ishbilarmonlar delegatsiyalarining yurtimizga tashrifi amalga oshirildi. Ushbu tashriflar mobaynida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko'magida xorij kapitali ishtirokida 44 ta korxona tashkil etildi, shundan 17 tasi qo'shma va 27 tasi xorijiy korxonadir. Tadbirda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan mahalliy korxonalarning eksport faoliyatini yanada jadallashtirish hamda ularga milliy mahsulotlarni eksport qilishda ko'maklashishga qaratilgan 52 ta kooperatsion birja o'tkazilgani alohida qayd etildi. Bugungi kunda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining 21 mingdan ziyod a`zosi bo'lib, 2011 yilda ularning safiga «Buyuk ipak Yo'li» banki, «Xalq banki», «Trans Insurance Plus», «Asian Diamond classic», «Dori-darmon», «Energota`mir» kabi yirik tashkilotlar qo'shildi. Shuni alohida aytish lozimki, palata tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ham katta e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, «Sms-to`lov» naqd pulsiz to'lovlarning elektron tizimi ishlab chiqildi, shuningdek, sanoat korxonalarining elektron ma`lumotlar bazasi yaratilib, ayni paytda u qariyb 9200 ta yirik va kichik ishlab chaqarish korxonalarini o'z ichiga oladi. - O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining joriy «Mustahkam oila yili»dagi asosiy va ustuvor vazifalari oilaviy biznesni rivojlantirish uchun qulay tadbirkorlik muhit yaratish, yalpi ichki mahsulotning o'sish sur`atlarini jadallashtirishga hissa qo'shish, shuningdek, sanoatning qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish va tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirishga ko'maklashishdan iboratdir, - deydi O'zbekiston Savdo sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov. - Bundan tashqari, joriy yilda transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirishni ta`minlash, shuningdek, xorijlik ekspertlarni jalb qilgan holda tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlarini o'qitish va malakasini oshirish kabi ishlarga alohida e`tibor beramiz. Feruza XO'JAEVA, «Jamiyat» muxbiri 15 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|