![]() |
![]() |
![]() |
Islohot
Paxta va to'qmachilik: bozorning yangi istiqbollari
14.10.2011 09:40
Aytish joizki, ikki kun davom etgan yarmarkada dunyoning turli mintaqalaridan paxta va to'qimachilik sanoati vakillari, treyderlar yerda nafaqat ushbu tarmoqlarni rivojlantirish yo'nalishlari, jahon bozorlaridagi narxlar konyunkturasini muhokama etish, O'zbekistonda milliy paxta majmuining imkoniyatlarini yanada oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan samarali ishlar bilan tanishish, balki o'zbek paxta tolasi va undan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni yetkazib berish bo'yicha bevosita shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo'ldilar. VII Xalqaro O'zbekiston paxta va to'qimachilik yarmarkasining ochilishida ushbu tadbir mamlakatimiz tarixidagi shonli sana - mustaqilligimizning 20 yilligi keng nishonlanayotgan yilda o'tkazilayotgani ramziy ma`noga ega ekani ta`kidlandi. Darhaqiqat, istiqlol yillarida mamlakatimizning izchil rivojlanishi davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning «o'zbek modeli» nechog'li samarali va to'g'riligini yaqqol namoyon etmoqda. Raqamlarga e`tibor qaratsak, 20 yil davomida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti xarid qobiliyati pariteti bo'yicha 3,5 baravar, sanoat mahsulotlari hajmi 3 baravar, eksport hajmi qariyb 30 baravar oshdi. Shunga hamohang ravishda O'zbekiston jahon xo'jalik munosabatlarida o'z ishtirokini izchil kengaytirmoqda. O'zbekiston bugun jahon paxta bozoridagi yetakchi mamlakatlardan bo'lib, paxtani eksport qilish bo'yicha uchinchi o'rinda turadi. Eng yuksak standartlarga javob beradigan o'zbek paxta tolasiga bo'lgan talab muttasil oshib borayotir. Mamlakatimizdagi sheriklari bilan mavjud amaliy munosabatlarni yanada mustahkamlash va yangilarini o'rnatishdan manfaatdor bo'lgan Xalqaro O'zbekiston paxta va to'qimachilik yarmarkasining ishtirokchilari soni ham yil sayin ko'payib bormoqda. Masalan, 2005 yilda tashkil etilgan birinchi yarmarkada 30 mamlakatdan qariyb 170 treyder va to'qimachilik kompaniyalari qatnashgan bo'lsa, o'tgan yili ularning soni 300 ga yaqinlashdi. Bu yilgi, yettinchi yarmarkaga esa dunyoning turli mintaqalaridagi 38 davlatdan paxta va to'qimachilik sohasida faoliyat ko'rsatayotgan 330 kompaniyaning 660 nafardan oshiq vakili tashrif buyurdi. Shunisi e`tiborliki, paxta yetkazib berish jug'rofiyasi dunyoning yangi-yangi mintaqalari hisobidan tobora kengaymoqda. Jumladan, to'qimachilik sanoati jadal rivojlanayotgan Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining ham O'zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi ortmoqda. Umuman olganda, VII Xalqaro O'zbekiston paxta va to'qimachilik yarmarkasi jahon paxta biznesidagi yirik voqealardandir. Bu xalqaro xo'jalik munosabatlarida mamlakatimizning mavqei tobora mustahkamlanib borayotgani, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohotlar yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir. Rufat NE`MATOV,
«Jamiyat» muxbiri 45 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|