![]() |
![]() |
![]() |
Islohot
Sog'lom farzand - yurt kelajagi
18.12.2011 18:24
Jismonan sog'lom, ruhan tetik kishigina hayot ne`matlaridan zavqlanish, undan to'liq bahramand bo'lish baxtiga ega. Zero, har tomonlama sog'lomlik unga ezgu ishlarga esh bo'lib, ulkan maqsad-muddaolar sari dadil intilishga, el koriga kamarbasta bo'lishga kuch-quvvat beradi. Ana shunday barkamol avlod esa millat tayanchi, yurt kelajagidir. Istiqlol yillarida mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimida tibbiy xizmatning jahon andozalari darajasidagi o'ziga xos milliy modeli yaratilib, eng zamonaviy davolash-tashxis uskunalari bilan jihozlangan shifo maskanlari bunyod etildi, mavjudlari esa qaytadan ta`mirlanmoqda. Yaqinda Respublika onkologiya ilmiy markazining bolalar bo'limi qaytadan ta`mirlanib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlangani ana shunday izchil islohotlarning yorqin namunasini bo'ldi. Mazkur markazning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan davlat va nodavlat tashkilotlar, tibbiyot muassasalari vakillari, shifokorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida tadbir tashkil etildi. Tadbirda qayd etilganidek, har bir mamlakatning yorug' istiqboli unda unib-o'sib kelayotgan barkamol avlodning taqdiri bilan chambarchas bog'liqdir. Shu ma`noda, yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash borasida olib borilayotgan barcha izchil islohotlar zamirida har tomonlama sog'lom avlodni tarbiyalashdek ezgu g'oya mujassam. Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan «Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorining qabul qilinishi bu boradagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishga, xalqimizga ko'rsatilayotgan tibbiy yordamning sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ma`lumki, mazkur qarorda onalar va bolalar sog'ligini saqlash tizimini takomillashtirish, perinatal, skrining markazlari, pediatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash 2012-2015 yillarda mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Respublika onkologiya ilmiy markazining bolalar bo'limi tubdan ta`mirlanib, foydalanishga topshirilishi ushbu ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishdagi dastlabki muhim qadamlardan biridir. Tibbiyot, ta`lim va boshqa ijtimoiy inshootlarni ta`mirlash, ularni zamonaviy jihozlar bilan ta`minlash, saxovat va mehr-muruvvat ko'rsatish borasida ko'plab dastur hamda loyihalarni hayotga izchil tatbiq etib kelayotgan «Mehr nuri» jamg'armasi ushbu ezgu va xayrli ishning faol ishtirokchisi bo'ldi. Mazkur jamg'armaning sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish, ijtimoiy ahamiyatga molik inshootlarni qayta ta`mirlash va jihozlash loyihasi doirasida rekonstruksiya qilingan Respublika onkologiya ilmiy markazining bolalar bo'limi ikki qavatli, ellik o'ringa mo'ljallangan bo'lib, ayni paytda unda sanitariya-gigiyena talablarini ta`minlash, jahon andozalari darajasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Uning tarkibida jarrohlik, intensiv terapiya va reanimatsiya bo'limlari mavjud. Bu yerda barcha xonalar bolalarga mos mebel va jihozlar bilan ta`minlangan. Shuningdek, markazda bolalar uchun o'yin va o'quv xonalari tashkil etilgani esa ularni ma`naviy hordiq asosida salomatligi, aqliy tafakkurini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shifoxonada olti nafar malakali vrach va o'n nafardan ziyod hamshira bolalarga tibbiy xizmat ko'rsatadi. Umuman olganda, markazda yaratilgan yangi, zamonaviy shart-sharoitlar aniq tashxis, samarali muolaja asosida xastalikka chalingan bolajonlarni darddan forig' qilishga munosib xizmat qiladi. Feruza MIRZAKOMILOVA, «Jamiyat» muxbiri 40 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|