Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Islohot
Tadbirkorlikda huquqiy madaniyat
14.10.2011 09:30

Ma`lumki, bugungi kunda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, soha vakillarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, faoliyati samaradorligini oshirishga keng erkinlik va imtiyozlar berishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Yaqinda poytaxtimizda Fuqarolik jamiyatini shakllanishini  monitoring qilish mustaqil instituti hamda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda ham bu xususida atroflicha so'z yuritildi.

Qayd etish joizki, davlatimiz rahbarining 2010 yil 12 noyabrda mamlakatimiz parlament palatalarining qo'shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar muvaffaqiyati ko'p jihatdan aholining huquqiy ongi va madaniyati darajasiga bog'liqligi, yuksak huquqiy madaniyat demokratik jamiyatning poydevori ekani va shu munosabat bilan mamlakatimizda huquqiy ta`limni yanada takomillashtirish, jamiyatda huquqiy bilimlar targ'ibotini kuchaytirish zarurligi alohida ta`kidlangan. Poytaxtimiz hamda Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, adliya idoralari xodimlari, yurist va ekspertlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda so'zga chiqqanlar ham yuksak huquqiy madaniyat huquqiy davlatning asosiy omili ekanini qayd etishdi.

Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, bozor munosabatlarining muhim tamoyillaridan biri ham aynan huquqiy madaniyat hisoblanadi. Bu fuqarolarda barcha qonun me`yorlariga bo'lgan hurmat bilan o'lchanadi.

Anjumanda iqtisodiyot sohasidagi huquqlarni himoya qilish bo'yicha yaratilgan qonuniy asoslar, jumladan, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari, xususiy korxonalar, tashqi iqtisodiy faoliyat, fermer xo'jaliklari faoliyatiga doir qonunlar va qonunosti hujjatlarining mazmun-mohiyati, tadbirkorlarning bu boradagi huquq va burchlari xususida atroflicha so'z yuritildi.

Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Konsepsiya­da taklif etilgan «Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-qoidalari to'g'risida»gi qonunning asosiy yo'nalishlari, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Savdo-sanoat palatasining o'rni va ahamiyati, tadbirkorlik sub`ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda soha huquqbuzarliklarga qarshi kurash masalalari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda va tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, joylarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning amaliy jihatlari mavzularida ma`ruzalar tinglandi.

 Timur AHMEDOV,

«Jamiyat» muxbiri

42 marta o`qilgan