Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jahon ayvoni
«Global kelishuv»: aholini ijtimoiy muhofaza qilishga qaratilgan dastur hisoblanadi
24.12.2011 14:00

Sir emas, hozirgi kunda bozor iqtisodiyotiga asoslangan munosabatlar aksariyat mamlakatlar tanlagan yo'ldir. Jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, bozor iqtisodiyotiga o'tish bosqichma-bosqich amalga oshirilgandagina jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik saqlanib qoladi. Deyarli barcha mamlakatlarda o'tish davrining dastlabki bosqichlarida ishlab chiqarish hajmining qisqarishi, ishsizlik sur`atlari  o'sishi, shuningdek, aholi turmush darajasining pasayishi, kishilar hayot farovonligi o'rtasidagi tafovutning kuchayishi kuzatiladi. Shu bois mazkur jarayonda aholini ijtimoiy himoyalashning aniq mexanizmini ishlab chiqish va amalga oshirish ustuvor yo'nalishlardan biridir.

Bundan 56 yil muqaddam tashkil topgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) faoliyati xalqaro xavfsizlikni ta`minlash, dunyoda tinchlikni saqlash, atrof-muhitni himoya qilish, kambag'allik darajasini kamaytirish singari bir qator muammolarning samarali yechimini topishda jahon mamlakatlari va turli tashkilotlar sa`y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan. Ma`lumki, mazkur xalqaro tashkilot tomonidan ilgari surilgan Taraqqiyot Dasturida ham iqtisodiy taraqqiyot va turmush farovonligini yuksaltirishda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.

Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, hozirgi kunda aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasida nodavlat notijorat tashkilotlarining hissasi ortib bormoqda. Ma`lumki, «uchinchi sektor» vakillari daromad olishni o'z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagani bois ular turli korporatsiya, kompaniya va boshqa tadbirkorlik sub`ektlari bilan aholi o'rtasida bandlik ko'rsatkichlarini ko'tarish, mehnat va salomatlik muhofazasini ta`minlash hamda boshqa turdagi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish borasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o'rnatib kelmoqda.

Xususan, ayni paytda 100 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat olib boruvchi 6,5 mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari va 3 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar va assotsiatsiyalarni o'zida jamlagan BMT Global kelishuvi tarmog'i ana shunday hamkorlik samarasidir. Uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sub`ektlarining aholi ijtimoiy muhofazasidagi rolini oshirishdan iborat.

BMT Global kelishuv tarmog'ining yaqinda bo'lib o'tgan yalpi yig'ilishida «Ijtimoiy javobgarlik qo'llanmasi» ISO 26000 xalqaro standartlarini ishlab chiqish va qabul qilish masalalari muhokama qilindi. Bu xalqaro standart korxona va tashkilot rahbarlarining ishchi, xodimlarlar mehnat muhofazasiga bo'lgan mas`uliyatini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlardan hisoblanadi.

Ma`lumotlarga qaraganda, so'nggi o'n yil ichida dunyoning 50 dan ortiq mamlakati iqtisodiy taraqqiyoti sezilarli darajada sekinlashgan. Bu mamlakatlarning aksariyati Afrika qit`asi va Osiyo mintaqasiga to'g'ri keladi. Shu bois hozirda BMT Global kelishuv tarmog'i mazkur mamlakatlar aholisi uchun yangi ish o'rinlarini yaratish, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish borasida bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Gana davlatida Global kelishuvni imzolagan «Oxfam International», «Food the poor» xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, «Tesco», «Barry Callebaut» kompaniyalari o'tgan yil mobaynida 35 mingdan ziyod yangi ish o'rinlarini yaratishga erishdi. Ularning aksariyati qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. E`tiborli jihati, mazkur korxonalar innovatsion texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanib kelmoqda. Bu jarayonda «Oxfam International», «Food the poor» xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan mamlakat yoshlari uchun yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo'yicha tashkil etilgan o'quv kurslarining o'rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. 

Shuningdek, asosiy faoliyatini «Qora qit`a»­da olib borayotgan «Development farm» nodavlat notijorat tashkiloti «Google» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Tuproq unumdorligini oshirishda yangi texnologiyalardan foydalanish» loyihasini amalga oshirdi.

- Afrika mintaqasida qishloq xo'jaligida mehnat unumdorligi ancha past ko'rsatkichga ega, bu esa, o'z navbatida, 260 million aholining to'yib ovqatlanmasligiga sabab bo'lmoqda, - deydi «Development farm» nodavlat notijorat tashkiloti vakili Gboa Naveku. - Bu muammolarni bartaraf etishda fermerlarga yangi texnologiyalar har jihatdan qo'l kelishi kerak. Shuningdek, tuproq tarkibidagi azot moddasining taqchilligi ham unumdorlik darajasini tushirmoqda.

«Tuproq unumdorligini oshirishda yangi texnologiyalardan foydalanish» loyihasi doirasida «Google» kompaniyasi o'zining sun`iy yo'ldoshlari orqali unumdor yerlarni aniqlab, ular haqidagi axborotni mahalliy qishloq xo'jaligi vazirliklariga taqdim etdi.

Aytish joizki, hozirgi kunda nafaqat Afrika mintaqasida, balki iqtisodiy barqaror hisoblangan Yevropa qit`asida ham bir qator davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Jahon mehnat tashkiloti ma`lumotlariga qaraganda, Yevropada ishsizlik darajasi keskin ko'tarilgan. Bu holat ayniqsa, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya mamlakatlarida yuqori ko'rsatkichga ega ekani ekspertlarni xavotirga solmoqda.

Global kelishuvga a`zo tashkilotlar hozirda «Ko'hna qit`a» aholisi orasida ochlik va qashshoqlikning oldini olish, yevropalik yoshlarni ish o'rinlari bilan ta`minlash borasida bir qator loyihalarni amalga oshirishga kirishgan.

- Hozirgi kunda «uchinchi sektor» vakillarining jamiyat hayotidagi o'rni tobora ortib bormoqda, - deydi Jahon banki rahbari Robert Zellik. - Nodavlat notijorat hamda jamoat tashkilotlari aholining turli qatlamlariga ijtimoiy-iqtisodiy ko'mak berib, ularning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda. Bu borada, ayniqsa, BMT Global kelishuvi tashabbuslari tahsinga sazovor. Ta`kidlash o'rinliki, mazkur yo'nalishning muvaffaqiyati esa «uchinchi sektor» vakillarining tadbirkorlik sub`ektlari bilan ijtimoiy sherikligi mexanizmlariga bog'liq.

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, iqtisodiy barqarorlik jamiyatning bugungi va ertangi rivojini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanib, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo'llab-quvvatlash ham ko'p tomondan mazkur yo'nalishga hamohang ravishda amalga oshiriladi. Shu bois hozirda davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub`ektlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi ijtimoiy muammolarning samarali yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Timur AHMEDOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

39 marta o`qilgan