Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jahon ayvoni
Savodxonlik - global masala
02.02.2012 22:22

Hozirgi kunda dunyoning bir qator mamlakatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) rivojlantirishga ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning strategik yo'nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Bu borada, ayniqsa, ijtimoiy hayotning barcha sohasiga yangi innovatsion loyihalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda mazkur tizimda «elektron kutubxona» deb yuritiluvchi yangi atama keng qo'llanilmoqda. Elektron kutubxonalarning asosiy vazifasi bosma nashrlar va chop etilmagan hujjatlarni raqamlashtirish, materiallarni ko'chirish va internetda joylashtirish, mualliflar, noshirlar, elektron baza generatorlari hamda mavzuli ilmiy-ma`rifiy jamoalardan elektron materiallardan foydalanish huquqini olishdan iboratdir.

Bugungi kunda elektron kutubxonalarni yaratish bo'yicha dasturlarning ishlab chiqilishi aholining axborotga bo'lgan ehtiyojini qondirishda keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Shuningdek, elektron kutubxonalar ta`lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, o'qitishning yangi texnologiyalarini joriy etish bilan bir qatorda ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga, adabiyotlar fondini boyitishga xizmat qilayotir.

Hozirda mazkur tizimda nodavlat notijorat tashkilotlar ham samarali faoliyat yuritib kelayotganini alohida e`tirof etish o'rinlidir.  Xususan, Belgiyada faoliyat yuritib kelayotgan «Human Info» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil rivojlantirish, sohada raqobatdosh  va eks­portbop mahsulotlarni ko'paytirish hamda shu yo'l orqali aholining barcha qatlamlarini zaruriy axborot manbalari bilan ta`minlashni faoliyatining asosiy yo'nalishi sifatida belgilab olgan. Shu bois mazkur tashkilot 2004 yilda Yangi Zelandiyaning Vaykato universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan «Grinstoun» axborotni raqamlashtirish, elektron resurslar va elektron kutubxonalar yaratish dasturini rivojlantirish hamda taraqqiy etayotgan davlatlarga bepul tarqatish vazifasini o'z zimmasiga oldi. Uning birinchi namunasi dunyo xalqlarining 43 tiliga tarjima qilinib, 40 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarga tarqatilgan.

 Aytish joizki, «Grinstoun» 2004 yildan beri axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi «IFIP Namur», «Vannevar Bush», «Literati Club Highly Commanded Award» va boshqa ko'plab tanlovlarda eng yaxshi ochiq dastur deya e`tirof etib kelinmoqda. Shu o'rinda eslatib o'tish joizki, ochiq dastur atamasi internet, turli xildagi axborot tarqatuvchi moslamalar orqali bepul tar­qatiluvchi dasturlarga nisbatan qo'llaniladi. Ayni paytda BMT, YuNYeSKO, FAO, JST singari nufuzli xalqaro tashkilotlarning mazkur dastur homiylari ekani ham uning ahamiyatini yanada oshirmoqda.

- Yosh avlodning har tomonlama bilimli, komil inson bo'lib voyaga yetishida kitobning o'rni beqiyos, - degan edi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun. - Zotan, «bilimlar xazinasi» atalmish kitoblar insonning ma`rifatli bo'lishida, salohiyatini yuksaltirishda asosiy manba hisoblanadi. Savodxonlik esa, o'z navbatida, mamlakat taraqqiyotining bosh mezonlaridan biridir. Shu bois BMT o'z oldiga dunyoda savodxonlik darajasini oshirish va shu yo'l orqali iqtisodiy ko'rsatkichlari past davlatlarni dunyoning yetakchi mamlakatlari qatoriga olib chiqishni maqsad qilgan. Tabiiyki, bu borada bizlarga «Grinstoun», «Koha», «My library» singari dasturlar va ular orqali yaratilayotgan elektron kutubxonalar as­qotadi.

E`tiborli jihati, «Human Info» «Grinstoun» dasturini tarqatish va rivojlantirish bo'yicha dunyo­ning 40 dan ziyod mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklik to'g'risida bitimlar imzolagan.

Shuningdek, mazkur yo'nalishda «World Information Transfer» (AQSh) nodavlat notijorat tashkiloti «Koha», «My library» elektron kutubxonalarni yaratish bo'yicha dasturlar targ'iboti bilan shug'ullanmoqda. Mazkur  dasturlar ham «Grinstoun» singari bepul tar­qatiluvchi dasturlar sirasiga kiradi. Hozirda 45 kishidan iborat guruh dasturlarni yanada takomillashtirishga bel bog'lagan. Bu dasturlar dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan va shaxsiy kutubxonalarda mavjud bo'lgan nodir qo'lyozmalar, dissertatsiyalardan keng foydalanishga imkon yaratadi. Bu esa, o'z navbatida, turli mutaxassislar, olimlar, talaba-yoshlar, shuningdek, aholining barcha qatlamlari uchun zarur axborotlarni topish va ulardan samarali foydalanishda katta ahamiyatga ega.

Dastlab 1996 yilda o'z faoliyatini veb-sahifalardagi ma`lumotlarni to'plashdan boshlagan «Internet Archive» notijorat tashkiloti ayni paytda dunyodagi barcha kitob namunalarini jamlashga kirishgan. Tashkilot mazkur loyihani «BookServer» deb atadi. Shuningdek, «BookServer» tashkilotga elektron kitoblarni yaratish imkoniyatini ham beradi. «Internet Archive» tashkiloti hozirgacha 2,9 milliard sahifa matndan iborat kitoblarni raqamlashtirishga muvaffaq bo'ldi.

- Hozirgi kunda «Internet Archive» «BookServer» loyihasini rivojlantirishga kirishgan, - deydi tashkilot rahbari Bryuster Kale. - Loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad inson tafakkuri mahsuli bo'lgan kitoblarning yo'qolib ketishining oldini olish, ularni asrab-avaylagan holda  kelajak avlodlarga bus-butun, yanada qulay shaklda yetkazishdan iboratdir. Mazkur loyiha orqali elektron­ kutubxona tashkil etdik. Uni hozirda Afrika mintaqasi davlatlariga bepul tarqatmoqdamiz. E`tiborli jihati, mazkur loyihaga ayni paytda «Google» kompaniyasi homiylik qilmoqda.

Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, YuNYeSKO­ning Ta`limda axborot texnologiyalari instituti ma`lumotlariga ko'ra, keyingi o'n yillikda «uchinchi sektor» vakillarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga investitsiya kiritish, huquqiy muhit yaratish, kadrlar bilan ta`minlash borasidagi ulushi bir necha barobarga ortgan. Hatto Afrika, Janubi-Shar­qiy Osiyo va Lotin Amerikasining ayrim mamlakatlarida bu ko'rsatkich juda yuqori darajada. Eks­pertlarning fikricha, bunday ijobiy natija hozirda nodavlat notijorat tashkilotlarning turli dastur va loyihalar, ijtimoiy tashabbus va takliflar ishlab chiqib, hayotga izchil tatbiq etishda faollik ko'rsatayotgani bilan izohlanadi.

Xulosa o'rnida shuni qayd etish joizki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish va ulardan aholining barcha qatlamlari foydalanishi uchun zamin yaratish intellektual salohiyat yuksalishiga, shu bilan birga mamlakatning rivojlanish sur`ati ham yuqori darajada bo'lishiga xizmat qiladi.

Timur AHMEDOV,

«Jamiyat» muxbiri

24 marta o`qilgan