Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jahon ayvoni
Tuproq unumdorligini muhofazalash
09.01.2012 10:19

Keyingi yillarda dunyo miqyosida unumdor yerlar maydoni kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Tuproq antropogen ta`sir natijasida ifloslanmoqda, sho'rlanish va cho'llanish jarayonlari kuchaymoqda, suv va shamol eroziyasi yer unumdor qatlamining yemirilishiga olib kelmoqda. Shu bois qator davlatlarda mazkur global ahamiyat kasb etayotgan masala yechimi borasida bir qator qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Xususan, yaqinda Ukraina Radasida yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlashda jamoatchilik nazoratiga oid yangi qonun loyihasi ko'rib chiqildi, deb xabar tarqatdi «Unian» nashri.

Aytish joizki, ushbu qonunda muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni asrab-avaylash ishlarida fuqarolarning o'zini o'zi bosh­qarish organlari, nodavlat notijorat hamda jamoat tashkilotlari va aholi ishtirokining alohida tartib-qoidalari belgilangan.

- Yerga doir amaldagi qonunchilikda tuproq unumdorligini muhofazalash asosan qishloq xo'jaligi maqsadlariga mo'ljallangan yer uchun nazarda tutilgan, - deydi Ukraina Radasi deputati Grigoriy Smitryux. - Boshqa toifadagi yerlarning tuproq unumdorligini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish yetarli darajada huquqiy tartibga solinmagan. Shundan kelib chiqib aytish joizki, tuproqdan foydalanish va uni muhofazalash jarayo­nida vujudga keladigan munosabatlarning huquqiy tartibga solinishiga oid masalalarni yechish muhim ahamiyat kasb etadi. Ya`ni tuproqdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks tartib-qoidalar majmui belgilangan qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish zarurati bor.

Qonun loyihasiga ko'ra, «uchinchi sektor» vakillari yer resurslaridan foydalanish bo'yicha amaliy materiallarni mazkur sohaga mutasaddi davlat organlariga taqdim etishlari hamda ilmiy-nazariy mushohadaga asoslangan takliflar ishlab chiqishi lozimdir.

Tahlillar shuni ko'rsatadiki, eng muhim tabiiy resurslardan biri bo'lgan tuproqdan faqat to'g'ri foydalanilganda u o'ziga xos bo'lgan tiklanish xususiyatini yo'qotmaydi. Tuproq unumdorligini oshirish, meliorativ holatini yaxshilash faqat sug'oriladigan maydonlarda amalga oshirilmasdan, bu masalada yaylov va pichanzorlar ham e`tibordan chetda qolmasligi shart. Ekspertlarning fikricha, bunday muammolarning qonuniy asosda bartaraf etilishi mamlakat agrosanoat komp­leksining iqtisodiy jihatdan rivojlanishini ta`minlaydi, ekologik holatni yaxshilaydi, eksport qudratini oshiradi, aholi farovonligi yuqori bo'lishiga xizmat qiladi.

  Timur AHMEDOV 

16 marta o`qilgan