Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jamiyat Mahorat maktabi
NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLAR: SOLIQ TO'LASHDA IMTIYOZ BORMI?
13.06.2008 16:36
O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasida O'zbekiston Respublikasida nodavlat notijorat tashkilotlarning soliq to'lovlariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi. Fuqarolik jamiyatini o'rganish instituti va Huquqiy muammolarni o'rganish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlar, soliq idoralarining mas`ul xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda demokratiyani mustahkamlash va jamiyatni demokratlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlarning o'rni alohida. Bunday tashkilotlar moddiy foyda ko'zlamasdan faoliyat yuritishi sir emas. Bugungi kunda respublikamizda besh mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilot fao­liyat ko'rsatmoqda. Mamlakatimiz qonunchiligi, xususan, qabul qilingan yangi «Soliq kodeksi»da nodavlat notijorat tashkilotlar uchun qator imtiyozlar belgilangan.

Davlat soliq qo'mitasi bosh inspektori Sodiq Boymurodovning aytishicha, O'zbekiston  qonunchiligi nodavlat notijorat tashkilotlarning tijorat yo'li bilan daromad olishini qo'llab-quvvatlaydi. Ulardan foyda solig'i, shuningdek, mulkdan, yerdan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq undirilmaydi. 

Lekin bu borada yechilishi lozim bo'lgan ayrim masalalar ham yo'q emas. Xususan, soliq yig'ishda nodavlat notijorat tashkilotlarning xususiyatiga alohida e`tibor qaratish lozim. Davra suhbati ishtirokchilari ta`kidlaganidek, turlicha qo'llanilayotgan amaliyotni barcha joyda bir xillashtirish, boshqacha aytganda, tizimlashtirish darkor.

Shundagina NNTlardan ayrim tumanlarda hisobotlar har oyda, ayrim joylarda esa har uch oyda talab qilinayotganiga bar­ham beriladi. Buning uchun nodavlat notijorat tashkilotlar va soliq idoralari vakillarining masalaga hamohang yondashuvi talab etiladi. 

Shuni alohida qayd etish joizki, bu borada O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi tomonidan ayni masalaga bag'ishlangan qator tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. Shu yil mart-aprel oylarida assotsiatsiya tomonidan respublikamizning barcha hududida nodavlat notijorat tashkilotlar va davlat organlari vakillari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etildi.

Mazkur davra suhbati esa bu boradagi masalalarga yechim topish yo'lidagi dastlabki muhim qadam bo'ldi.

Parizoda SUYUNOVA,

 «Jamiyat» Mahorat maktabi tinglovchisi

545 marta o`qilgan