![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Balli, huquqshunoslar!
02.02.2012 21:56
Mamlakatimizda fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlodni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu borada oliy o'quv yurtlari hamda litsey va kollejlarda yuridik yo'nalishda puxta bilim olayotgan yigit-qizlar salohiyatini, iqtidorini ro'yobga chiqarish, intilishlarini rag'batlantirishda ko'plab dasturiy chora-tadbirlar qatorida respublika miqyosida o'tkazilayotgan ko'rik-tanlovlar ham muhim ahamiyatga egadir. Xususan, yaqinda poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O'zbekiston Respublikasi Adliya, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi, «O'zbekiston madaniyati va san`ati forumi» jamg'armasi hamkorligida o'tkazilgan «Balli, huquqshunoslar - 2012» respublika ko'rik-tanlovida ham bunga yana bir karra amin bo'ldik. Tanlovda mamlakatimizdagi oliy ta`lim muassasalarining huquqshunoslik fakultetlari, yurisprudensiya sohasiga ixtisoslashtirilgan oliy ta`lim dargohlarining jamoalari o'z bilim va mahoratini namoyish etdi. Ko'rik-tanlov ishtirokchilari istiqlol yillarida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezidentimiz asarlari va ma`ruzalari, farmon va qarorlar, Bosh qomusimiz, davlat dasturlari, xalqaro huquqiy hujjatlar, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy sohalardagi islohotlarning ahamiyati, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlar samarasini turli sahna ko'rinishlari va ko'rgazmali vositalar orqali namoyish etdi. Jamoa sardorlari o'rtasidagi o'zaro savol-javoblarda esa Konstitutsiya va u asosida qabul qilinayotgan qonunlarga oid bilim va tushunchalar sinovdan o'tkazildi. Tanlov yakuniga ko'ra, Toshkent davlat yuridik institutining «Adolat» jamoasi bosh sovringa loyiq topildi. Birinchi o'rin O'zbekiston Milliy universitetining «Sarbon» jamoasiga berildi. Ikkinchi o'ringa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Atlant», uchinchi o'ringa esa Namangan davlat universitetining «Vodiy gavhari» jamoasi sazovor bo'ldi. Gulzoda ZOHIDOVA 15 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|