Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jarayon
Bayramlar shodiyonalarga ulanaveradi
03.01.2012 16:53

«Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2011 yil 23 dekabr sonida chop etilgan «Pirotexnika vositalari noxush kayfiyat va shovqindan bo'lak narsa emas» sarlavhali maqolani qiziqish bilan o'qib chiqdim. Unda yurtimiz hududiga noqonuniy ravishda olib kelinadigan pirotexnika vositalari savdosining oldini olish bo'yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha so'z yuritilgan. Darhaqiqat, barchamiz Yangi yilni yaxshi kayfiyat, ezgu niyatlar bilan qarshi olishni, shuningdek, o'z hayotimizni, farzandlarimiz va yaqinlarimizning salomatligini xatar ostiga qo'ymaslikni xohlaymiz.

Bu fikrlar bejizga aytilgani yo'q, albatta. Zotan, bundan bir necha yillar oldin Yangi yil bayrami arafasida quloqni qomatga keltiruvchi mazkur pirotexnika vositalari savdosi va shovqini avjiga chiqar, buning oqibatida esa ko'plab fojiali holatlar ham yuz bergan edi. Aytish o'rinliki, keyingi yillarda mamlakatimiz huquq-tartibot va boshqa davlat nazorat organlari tomonidan pirotexnika vositalarining yurtimizga kirib kelishiga, uning noqonuniy oldi-sotdisiga qarshi kurashishga, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida, mahallalarda, o'quv maskanlarida tar­g'ibot-tashviqot ishlariga alohida e`tibor qaratilayotgani bois bunday noxush holatlarga chek qo'yilmoqda. Shuningdek, Yangi yil munosabati bilan o'tkaziladigan bayram tadbirlarining joylarda yuqori saviyada, tinch o'tishi uchun  pirotexnika vositalaridan foydalanishga yo'l qo'ymaslik maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o'zining samarasini berib, xonadonlarimizda, mahallalarimizda, shuningdek, shahar va qishloqlarimizda bayramning tinch-osoyishta, katta xursandchilik bilan o'tishini ta`minlayapti.

Ezgulik va baxt keltiruvchi bayram sifatida qadrli bo'lgan Yangi yilni dunyo xalqlari singari biz ham katta shodiyona bilan kutib olamiz. Ushbu ayyom munosabati bilan do'stu yorlarimiz, yaqinlarimizga eng ezgu tilaklarni, yaxshi niyatlarni bildiramiz, qolaversa, mehrga muhtoj kishilarga yanada g'amxo'rlik va e`tibor ko'rsatamiz.

Bu bayram ayniqsa, farzandlarimizga katta quvonch, zavq-shavq ulashadi. To'kin dasturxon va bezatilgan archa atrofida barchamiz oilamiz bilan jamuljam bo'lib, kirib kelayotgan Yangi yilni katta bir hayajon bilan kutamiz. Poyoniga yetayotgan yilda qilgan ishlarimizni, qo'lga kiritgan yutuqlarimizni sarhisob qilamiz, yangi rejalar tuzamiz. Ulgurmagan ishlarimizni yangi yilda, albatta, amalga oshirishni ko'ngilga tugamiz.

Maqolada muallif taassuf bilan qayd etganidek, yurtimizda pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosining oldini olish choralari ko'rilayotganiga qaramay, onda-sonda bo'lsa ham, bu «o'yinchoq»­ni olib keluvchilar va sotib oluvchilar uchrab turibdi. Bunday vositalarni sotib oluvchilarning aksariyatini yoshlar tashkil etishi ham hech kimga sir emas. Shundan kelib chiqib, bizning kollejda o'quvchilarimizning xatti-harakatiga jiddiy e`tibor qaratib, mutaxassislar ishtirokida pirotexnika vositalari keltirib chiqaradigan ayanchli oqibatlar haqida atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi. 

Xalqimizda yangi yilni qanday kutib olsang, ana shu kayfiyat yil davomida senga hamroh bo'ladi, degan naql bor. Bayramni xushchaqchaqlik va ko'tarinki kayfiyatda o'tkazish esa o'z qo'limizda. Shunday ekan, farzandlarimizning oniy lahzalardagi zavq-shavqi uchun ularning hayotini xavf ostiga qo'ymaslikka har birimiz mas`uliyat bilan yondashsak, bayramlarimiz shodiyonalarga ulanaveradi!

Nilufar HAMIDOVA,

Toshkent bank kolleji o'qituvchisi

25 marta o`qilgan