Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jarayon
Ertaklar shaharchasi
03.01.2012 16:47

Yangi yil shodiyonalari ko'tarinki ruhda o'tayotganidan darak bermoqda

Yangi yil kirib kelishiga ham bir kun qoldi. Ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida, ayniqsa, madaniyat va istirohat bog'larida, maydon va xiyobonlarda rang-barang chiroqlar bilan bezatilgan archalar katta shodiyonadan darak berib turibdi.

Kuni kecha yo'limiz tushib, poytaxtimizning Mustaqillik maydonida bo'lganimizda, bu yerda haqiqiy bayram tantanalari boshlanib ketganiga guvoh bo'ldik. Shu kunlarda Bosh maydonimiz yanada ko'rkam, fayzli ko'rinish hosil olgan. Kamalak rang chiroqlar, turli o'yinchog'u bezaklar, ertak qahramonlari hatto kattalarni ham bolalikning beg'ubor, samimiy va sehrli olamiga oshno etishi shubhasiz. Tadbirda Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokida teatrlashtirilgan tomoshalar, kichkintoylarga tayyorlangan sovg'alar, taniqli san`atkorlar, ijrochi yoshlar, sirk ustalari, badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokidagi konsertlar bayramga yanada ko'tarinki ruh bag'ishlamoqda.

- O'tgan yili ham mamlakatimizning Bosh maydoniga farzandlarimni olib kelgan edim, - deydi poytaxtimizdagi «Yoshlik» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Anvar Jumanov. - Bu yil esa butun oila jam bo'lib, bayram shodiyonalarini tomosha qilyapmiz. Bayram tomoshalari biz kattalarda ham ajib taassurot qoldirayapti. Shu o'rinda aytish joizki, bayramni munosib o'tkazish uchun mahallalarda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada bizning mahallamiz ham chetda turgani yo'q, albatta. Mahallamizda istiqomat qilayotganlarning aksariyati yoshlar ekanini inobatga olgan holda, ular uchun bayram tadbirlari tashkil etmoqdamiz. Darvoqe, mahalla faollari va ko'plab yoshlar bilan birga mahallamiz markazida archa bezatib qo'ydik. 

Darhaqiqat, Mustaqillik maydonining o'zida turli attraksionlar, maktab o'quvchilari uchun intellektual o'yinlar, qiziqarli ko'rik-tanlovlar, ijodiy bellashuvlar o'tkazilayotir. Bolalar adabiyoti, o'quv vositalari, turli o'yinchoqlar, shirinliklardan iborat bayram sovg'alari savdosi tashkil etilgan.

Ta`kidlash lozimki, tinchlik va xotirjamlik bor joyga bayramlar yarashadi. Mustaqillik maydoniga yig'ilgan kishilar yuz-ko'zida xursandchilik, ko'tarinki kayfiyatning guvohi bo'ldik. Bolajonlarning «Ertaklar shaharchasi»da ertak qahramonlarini zavqu-shavq bilan tomosha qilayotgani kishi ko'ngilini yanada ko'taradi. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatri oldidagi maydon ham odamlar bilan gavjum. Bu yerda ham turli bayram dasturlari tashkil etilgan. Shuningdek, ko'plab viktorinalar, o'yinlar o'tkazilyotgani, bunda bolajonlar bevosita ishtirok etayotgani ham bayram shukuhiga o'zgacha fayz bag'ishlamoqda.

- Yangi yil barchaning eng sevimli bayramlaridan, - deydi maktab o'quvchisi Nargiza Umarova. - Bu yerda bizni Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari xushnudlik bilan qarshi olib, davraga chorlamoqda. Ko'pchilik do'stlarim bilan bezatilgan archa atrofida bir-birimizning qo'limizdan tutib, kuy-qo'shiqlarga jo'r bo'layapmiz. Ayniqsa, menga dizaynerlarning Mustaqillik maydonidagi mahorat bilan  ishlangan, bayram bezaklari bilan bezatilgan o'zimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar maketi katta taassurot qoldirdi.   

Albatta, joylarda bezatilgan archa atrofida bir-birining qo'lidan tutib, kuy-qo'shiqlarga jo'r bo'layotgan bolajonlarning sho'x-shodon o'yin-kulgulari dillarni hayajonga soladi. Shuningdek, archa atrofiga yig'ilgan kishilarni kuzatib turib, suyunib ketasan: bayram ham ezgulikka undovchi, hamfikr, hammaslak bo'lib yashashga chorlov aslida. Ularda tarbiyaning saboqlari jam!

Bayram tashkilotchilarining bildirishicha, bu yilgi bayram shodiyonalari 2012 yilning 10 yanvarigacha davom etadi.

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

19 marta o`qilgan