![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Ezgu maqsadlar sari: shaxdam qadamlar bilan boriladi
03.01.2012 17:15
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 23 dekabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining navbatdagi III Qurultoyi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a`zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, qurultoy delegatlari, ma`naviy-ma`rifiy sohalar mutaxassislari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan mazkur tadbirda Harakatning o'tgan besh yillik faoliyati sarhisob qilinib, istiqboldagi muhim vazifalar va faoliyatdagi ustuvor yo'nalishlar belgilab olindi. Qurultoy ishtirokchilari dastlab Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, istiqlolimiz, pok va ezgu niyatlarimiz ramzi bo'lgan Mustaqillik va Ezgulik monumenti poyiga gullar qo'yishdi. Shundan so'ng qurultoy o'z ishini boshladi. Tadbirda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi Bahodir Faniyevning Harakatning so'nggi besh yillik faoliyati tahlili va galdagi vazifalar yuzasidan hisoboti tinglandi. Tadbirda ta`kidlangidek, bundan o'n yil avval faol va fidoiy yoshlarni Vatan ravnaqi yo'lidagi ezgu intilishlarini birlashtirish maqsadida tashkil etilgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati hozirgi kunda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan besh yarim million yigit-qizlarning ana shunday olijanob maqsadiga erishishi uchun mustahkam qanot bo'lib kelmoqda. O'tgan davr mobaynida Harakat tomonidan mustaqil fikrlaydigan, o'zining mustaqil hamda teran hayotiy e`tiqod va qarashlariga ega bo'lgan yosh avlodni kamol toptirish, ularning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, zamonaviy bilim va ko'nikmalar, kasb-hunarlarni egallashga bo'lgan intilishlarini qo'llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish, shuningdek, sog'lom turmush tarzi, ekologik madaniyatni shakllantirish, sport va turizmni rivojlantirish borasida ko'plab loyihalar samarali amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining 2006 yil 10 oktyabrda qabul qilingan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatini qo'llab-quvvatlash va uning faoliyat samaradorligini yanada oshirish to'g'risida»gi Qarorida belgilangan vazifalar esa bu borada muhim dasturilamal bo'ldi. Aytish joiz, bugun mamlakatimizda zamonaviy bilim va ko'nikmalarni puxta egallagan, el-yurtiga fidoyilik fazilatlariga ega bo'lgan ma`nan va jismonan barkamol avlodni kamol toptirish mustaqil taraqqiyot yo'limizdagi eng ezgu maqsadlarimizdan biriga aylangan. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, «Har qaysi davlat, har qaysi millat o'z farzandlari qiyofasida, unib-o'sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu xalqqa xos eng go'zal fazilatlarni namoyon etadigan, uning ezgu orzu-niyatlarini amalga oshirishda mardlik va fidoyilik ko'rsatishga qodir bo'lgan o'z tayanchi va suyanchini ko'rishi tabiiydir». Ayni paytda yetuk aql-zakovati, yuksak bilim va iste`dodi, ilg'or g'oya va tashabbuslari bilan ona-Vatananimiz dovrug'ini dunyoga tanitishga intilayotgan shijoatli, g'ayratli yoshlarning har jabhada qo'lga kiritayotgan yutuqlari, muvaffaqiyatlari misolida bunday ezgu maqsad yo'lidagi dadil odimlardan faxr-iftixor hissini tuyamiz. Bu jarayonda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati yigit-qizlarimizga har tomonlama suyanch va tayanch vazifasini o'tab kelayotganini alohida e`tirof etish o'rinlidir. Ayni paytda Harakat mamlakatimizdagi barcha o'quv muassasalarida tahsil olayotgan, shuningdek, harbiy qismlar, huquqni muhofaza etuvchi idoralar, mulkchilik shaklidan qat`i nazar, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan yoshlarning tashabbuslari bilan tashkil etilgan 15 mingdan ortiq boshlang'ich tashkilotga ega. Harakatning 14 ta hududiy, 194 ta mahalliy bo'lim Kengashlari bevosita boshlang'ich tashkilotlar faoliyatiga yaqindan ko'maklashmoqda. Shuningdek, Harakat homiyligida «Vatan, do'stlik va xalqparvarlik uchun» shiori ostida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan ikki million ikki yuz ming nafardan ziyod bolalarni o'zida birlashtirgan «Kamalak» bolalar tashkiloti ham faoliyat yuritmoqda. Qayd etilganidek, mazkur tashkilotlar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar jarayonida yoshlar ishtirokini kengaytirish, ularning ilm-fan, san`at, madaniyat hamda sport kabi yo'nalishlardagi qiziqish va intilishlarini qo'llab-quvvatlash, munosib rag'batlantirish, shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklarni samarali hal etishga yo'naltirilgan turli loyihalarni amalga oshirishga yaqindan ko'maklashayotgani bilan faoliyatida ustuvorlik ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilda ham ana shunday ezgu maqsadlarga yo'naltirilgan bir qator ijtimoiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ayniqsa, Harakat tomonidan kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o'quvchilari o'rtasida ilk bor o'tkazilgan «Mening biznes g'oyam» tanlovi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy yo'nalishdagi 10 ta yirik loyihani o'z ichiga olgan, mamlakatimizdagi 300 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olish imkonini bergan «Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!» festivali yoshlarning tadbirkorlik, tashabbuskorlik qobiliyatini yanada oshirishga munosib xizmat qildi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Bu o'rinda voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy savodxonligini oshirish va buning natijasi sifatida profilaktik hisobdan chiqarishga ko'maklashuvchi eng yirik loyihalardan biri «Harbiy-sport sog'lomlashtirish oromgohi» loyihasini ham e`tirof etish o'rinlidir. Ushbu loyiha doirasida o'tgan 5 yil mobaynida 5 650 nafar profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar mazkur oromgohlarga jalb etildi va ulardan 1,5 ming nafar yoshlarni profilaktik hisobdan chiqarishga ko'maklashishga erishildi. MAQSADGA ELTMAYDI MAYDA QADAMLAR Qurultoyda bu kabi ijobiy natijalar bilan birga mavjud kamchiliklar, yechimini kutayotgan dolzarb masalalar xususida atroflicha so'z yuritilib, o'rtaga tashlanayotgan fikr-mulohaza va takliflar yuzasidan aniq to'xtamga kelinishi zarurligi qayd etildi. Xususan, milliy qonunchiligimiz, ayniqsa, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyatini keng targ'ib qilish, o'g'il-qizlarni yot illatlar ta`siridan asrash borasida Harakat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor berildi. Anjumanda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy nazorat-taftish komissiyasining tashkilotning 2006-2011 yillardagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi. Ushbu hisobotda Harakat dasturidan o'rin olgan soha va yo'nalishlar bo'yicha belgilangan ayrim vazifalar to'liq amalga oshirilmagani, yoshlarning asosiy muammolarini hal etishda sustkashlikka yo'l qo'yilgani tanqid qilinib, ijtimoiy loyihalar doirasida ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yigit-qizlarni, uyushmagan yoshlarni qamrab olish kabi muhim masalalar muhokama etildi. Shuningdek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash, yoshlarning tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish va bu boradagi mavjud muammolar yuzasidan «Kamolot» jamoatchilik nazorati o'rnatishi zarurligi Qurultoy ishtirokchilari diqqat markazidagi muhim masalalardan biri bo'ldi. Tadbirda delegatlar tomonidan yoshlar muammolarini o'rganish, ularning ma`naviy-axloqiy tarbiyasi bo'yicha maqsadli amaliy choralarni ishlab chiqish, yigit-qizlarning iste`dod va mahoratini namoyon etishi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish bo'yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2012 yilning «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi munosabati bilan Harakat oldida turgan ustuvor vazifalar, xususan, yosh oilalarni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlash choralari tizimini amalga oshirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi. Ayniqsa, oilada sog'lom muhit qaror topishi, yigit-qizlarning erta oila qurishi, to'y-hashamlarning dabdabali o'tishining oldini olishda Harakat yoshlarining yanada faolligi zarurligi alohida ta`kidlandi. Qurultoyda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining yuqoridagi muhim masalalarni qamrab olgan yangi tahrirdagi Nizomi va Dasturi qabul qilindi. Shu kunga qadar mazkur hujjatlar loyihasi yuzasidan 3,5 mingdan ortiq takliflar bildirilgan. Bu esa yurtimizda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo'lgan yoshlar safi tobora kengayib borayotganidan dalolatdir. E`tiborli jihati shundaki, yangi tahrirdagi Nizomda Harakatning asosiy vazifalari qatoriga qishloq joylarida ijtimoiy muhitni sog'lomlashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta`minlash, joylardagi yoshlar muammolarini sotsiologik so'rovlar o'tkazish orqali o'rganish, ularni hal qilishda faol ishtirok etish, shuningdek, yoshlarning bugungi globallashuv jarayonida jahonda sodir bo'layotgan voqea-hodisalardan xabardorligini oshirishga bo'lgan e`tiborni yanada kuchaytirish kabi muhim masalalar borasida o'zgartish va qo'shimchalar o'rin olgan. Tadbirda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi tarkibi tasdiqlandi. Unga muvofiq, Bahodir Faniyev Markaziy Kengash raisi etib saylandi. Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev so'zga chiqdi. Qurultoy ishtirokchilarining fikr-mulohazalari: Husniddin QODIROV, Surxondaryo viloyatidan delegat: - Ma`naviy-ma`rifiy soha «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois Harakat tomonidan mutaxassislar ishtirokida yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, ularni turli ma`naviy tahdidlar mohiyatidan ogoh etishga qaratilgan juda ko'p loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Ammo bu tadbirlarning aksariyati ta`lim muassasalarida, bir so'z bilan aytganda, yoshlarning ilg'or qatlamlari o'rtasida o'tkaziladi. Biz bu borada yoshlarning uyushmagan qatlamini ham yoddan chiqarmasligimiz kerak. Bunday tadbirlar yoshlarning ana shunday toifalari orasida ko'proq tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Biz bugun ma`naviy-ma`rifiy ishlarni kuchaytirishni, ular samaradorligini oshirishni istar ekanmiz, birinchi navbatda, zamonaviy axborot texnologiyalaridan, internet imkoniyatlaridan kengroq va unumli foydalanish haqida jiddiyroq o'ylab ko'rishimiz kerak. Shu o'rinda, internet bo'yicha ayrim fikrlarni o'rtaga tashlamoqchiman. Hozirda ko'plab yoshlar internetdagi turli «ijtimoiy tarmoq»larda ro'yxatdan o'tgan va ular orqali istagan kishisi bilan istagan mavzuda muloqot qilmoqda. Biz ham ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan holda bugun yoshlar ma`naviyatini yuksaltirishga qaratilgan saytlar, xususan, «Kamolot»ning mamlakatimiz yoshlarini virtual olamda birlashtiradigan ijtimoiy tarmog'ini yaratishimiz kerak. To'g'ri, Harakatning www.kamolot.uz, www.myp.uz, www.kamalak.uz saytlari mavjud. Afsuski, ular hali bugungi kun talabiga to'liq javob bermaydi. Qisqa qilib aytganda, internet orqali ham yoshlar hayotiga chuqurroq kirib borishimiz, ularning ma`naviy kamolotiga qaratilgan yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishimiz zarur.
Adolat AKRAMOVA, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Buxoro viloyat bo'limi Kengashi raisi o'rinbosari: - Prezidentimiz 2001 yil 24 yanvarda yoshlar masalalariga bag'ishlangan yig'ilishda so'zlagan «Kamolot» yoshlarimizning chinakam tayanchi va suyanchi bo'lsin» mavzuidagi ma`ruzasida oila masalasi Harakatning eng ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qolishi kerakligi xususida to'xtalib, shunday degan edilar: «Biz oilani jamiyatning eng muhim bo'g'ini, deb bilamiz. Yosh yigit-qizlar turmush qurayotgan paytda murakkab hayotiy sinovlardan o'tadi, shu davrda yordamga ko'proq muhtoj bo'ladi. Harakat bu muhtojlikni sezgirlik bilan payqab, yosh oilalarga yordam berishni o'zining asosiy burchi deb bilishi, shu maqsadda «Yosh oila» dasturini ishlab chiqish masalasiga alohida ahamiyat qaratishi zarur». O'tgan davrda Harakat tomonidan yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog'lom avlod tug'ilishi, reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan izchil ishlar olib borildi. Birgina Buxoro viloyatida Harakatning hududiy bo'limi tavsiyanomasiga asosan imtiyozli kreditlar ajratilishi orqali 85 nafar yosh oila uyli-joyli bo'ldi. Respublika bo'yicha ko'plab yosh oilalarga mana shunday quvonch nasib etdi. Hududiy kengashlar qoshidagi «Yosh oila» maktablari esa yoshlarga huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko'rsatish, ularni oilaga tayyorlash borasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Lekin bu borada kamchiliklar ham yo'q emas. Ochig'ini aytadigan bo'lsak, yoshlar o'rtasidagi oilaviy muammolar, reproduktiv salomatlik, ayniqsa, bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri bo'lgan qizlarni erta turmushga uzatish holati bilan bog'liq masalalar bo'yicha Harakat faoliyati bugungi kun talablari darajasida emas. Bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish zarur. Masalan, yoshlar o'rtasida dabdabali to'ylar va ortiqcha marosimlar o'tkazishga qarshi tushuntirish ishlarini yo'lga qo'yish kerak.
Shohrux FULOMOV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistranti, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi: - Harakatning «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga qaratilgan uch bosqichli «Konsepsiya - mamlakatimiz taraqqiyotining kafolati» nomli yangi loyihasi yoshlar tomonidan nihoyatda katta qiziqish bilan kutib olindi. Farg'ona va Qashqadaryo viloyatlari yoshlari o'rtasida o'tkazilgan targ'ibot tadbirlarida bevosita ishtirok etish jarayonida shu narsaga amin bo'ldimki, targ'ibotchi yoshlarning o'ziga tengdosh yigit-qizlar bilan «Tengdosh-tengdoshga» tamoyili asosidagi muloqoti ko'proq samara berar ekan. Mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, shuningdek, Konstitutsiya va qonunlar, davlat dasturlari, islohotlar mazmun-mohiyatini keng targ'ib etishga qaratilgan bu kabi qator tadbirlar yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, o'z huquq va burchlarini anglab yetishi, faol fuqarolik pozitsiyasining shakllanishi, ijtimoiy-siyosiy faolligi ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. «Ekologik nazorat to'g'risida»gi, «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to'g'risida»gi qonunlar loyihalarining yoshlar o'rtasida keng muhokama etilgani ham Harakat faoliyatida o'ziga xos yangilik bo'ldi. Birgina «Ekologik nazorat to'g'risida»gi qonun loyihasi muhokamasida joylarda yoshlar tomonidan 70 ga yaqin amaliy taklif bildirildi. Ulardan 30 ga yaqini qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida inobatga olindi. Albatta, bu ishlar e`tirofga loyiq. Lekin biz yutuqlarimiz bilan kifoyalanib qolmasligimiz kerak. Parlament va davlat idoralariga yoshlar manfaatlari, qiziqish va intilishlari bilan bog'liq aniq takliflar, tashabbuslar bilan chiqishimiz, tegishli qonun hujjatlari qabul qilinishida yanada faollik ko'rsatishimiz zarur. Yana bir masala: hozirda hamma viloyatlarda ham yoshlarning mahalliy davlat hokimiyati idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlari muntazam yo'lga qo'yilmagan. Shu bois ayrim hududlarda yoshlarga oid dolzarb masalalar ular e`tiboridan chetda qolmoqda. Prezidentimiz ta`kidlaganidek, «Biz bugun ochiq jamiyatda yashayapmiz, erkin va ozod hayot qurayapmiz. Tabiiyki, bunday sharoitda turli xil fikrlar, g'oya va qarashlar mavjud bo'ladi». Ana shunday demokratik qadriyatlarning hayotimizga tobora chuqur singib borishini ta`minlash mamlakatimiz yoshlarining eng katta qismini birlashtirgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biri bo'lib qolishi zarur.
Qumar BEGNIYAZOVA, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori: - Bugungi kunda yoshlarni ish bilan ta`minlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Harakatning chekka-chekka tumanlardagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ishga joylashishida amaliy yordam ko'rsatib kelayotgani ko'pchilikka yaxshi ma`lum. Lekin o'sha ishga joylashgan yoshning keyingi faoliyatiga e`tibor qaratishda oqsayapmiz. Kelgusida mana shu masala bo'yicha «Kamolot» doimiy monitoring olib borib, yoshlarning doimiy ish bilan ta`minlanishida ko'mak bersa, maqsadga muvofiq bo'ladi, deb o'ylayman. Feruza MIRZAKOMILOVA, «Jamiyat» muxbiri 50 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|