![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Kamolot sari yangi qadam
24.12.2011 13:54
Yoshlik ulkan va ezgu maqsadlar sari faollik bilan dadil intilishga undashi bilan ulug'vordir. Bugunning ana shunday faol, fidoyi, shijoatli yoshlarini o'zida birlashtirgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati ayni paytda faoliyatida yanada takomillashuv va yangilanishlar ostonasida turibdi. Ma`lumki, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi Nizomiga ko'ra, o'tgan davrdagi faoliyatni sarhisob qilish, istiqboldagi ustuvor yo'nalishlar, maqsad va vazifalarni belgilab olish, rahbar organlarni saylash maqsadida har 5 yilda kamida bir marta Harakatning Qurultoyi chaqiriladi. Shunga muvofiq bugun poytaxtimizda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining navbatdagi III Qurultoyi bo'lib o'tadi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo'limi Kengashlarining V hisobot-saylov konferensiyalarida Harakatning III Qurultoyiga saylangan 600 nafar delegat ishtirok etadi. Kuni kecha Qurultoy doirasida poytaxtimizga tashrif buyurgan delegatlar uchun turli madaniy va ma`rifiy tadbirlar tashkil etildi. Delegatlar dastlab Simpoziumlar saroyi hamda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi bilan yaqindan tanishdilar. - Televideniye orqali ushbu inshootlarning betakror me`moriy yechimi, o'ziga xos bezaklarini, markaz atrofidagi yam-yashil maysazorlar, jilvagar favvoralarni ko'rib, uni yaqindan tomosha qilishni niyat qilgan edim, - deydi Buxoro universiteti talabasi Sitora Jo'rayeva. - Qurultoy tadbirlari doirasida bu yerga tashrif buyurganimizdan juda xursand bo'ldim. Mazkur majmua bilan yaqindan tanishish asnosida uning ichki va tashqi bezaklari o'zimizning usta va quruvchilarimiz, muhandislarimiz tomonidan bunyod etilgani haqida ma`lumotlarga ega bo'lib, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatidan yana bir karra faxr-iftixor tuydim. Shuningdek, delegatlar davlatimiz rahbarining «O'zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» nomli asarini o'rganishga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etdi. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi hamkorligida tashkil etgan mazkur tadbirda Harakat faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. Tadbirda dastlab «O'zbekiston mustaqillikka erishish arafasida yoki sho'rolarning so'nggi talvasasi» nomli hujjatli film namoyish etildi. Shundan so'ng «O'zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» nomli asariga kiritilgan nutq va ma`ruzalar, yaqin o'tmishdagi dramatik voqealar, tarixiy o'zgarishlar qanday murakkab vaziyatda yuz bergani, ularning tafsiloti, sabab va oqibatlari atroflicha yoritilgani haqidagi ma`ruzalar tinglandi, mazkur masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. - Davlatimiz rahbarining mazkur kitobi milliy o'zlikni anglash, ma`naviy tiklanish jarayonlarining nazariy va amaliy negizlari asoslab berilgani bilan alohida ahamiyatga ega,- deydi Buxoro shahridagi «Yetakchi yoshlar» o'quv markazi rahbari, delegat Madina Baratova. - Shu ma`noda, ushbu asar ayniqsa, biz yoshlar uchun istiqlolimiz tarixini o'rganish bo'yicha muhim manba sanaladi. Delegatlarning navbatdagi tashrifi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasiga uyushtirildi. «Qatag'on qurbonlari xotirasi» muzeyidan o'rin olgan nodir ekspozitsiyalar, fotolavhalar va tarixiy hujjatlar ishtirokchilarning milliy o'zligimiz va boy o'tmishimiz haqidagi taassurot va tasavvurlarini yanada boyitdi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Qurultoy ishtirokchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ham tashrif buyurib, yurtimizda Sohibqiron bobomizning tabarruk nomini tiklash yo'lida qo'yilgan zalvorli qadamlar, sharafli ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, O'zbekiston Badiiy Akademiyasining Ko'rgazmalar zalida bo'lib o'tgan «Rassom va tabiat» mavzuidagi rasmlar ko'rgazmasidan o'rin olgan yurtimizdagi taniqli musavvirlar, iqtidorli yosh rassomlarning yuksak mahorat bilan chizgan ijodiy ishlari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bugun delegatlar poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida bo'lib o'tadigan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy Harakatining III Qurultoyida ishtirok etadilar. Feruza MIRZAKOMILOVA, «Jamiyat» muxbiri
44 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|