![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Malaka va mahorat uyg'unligi
02.02.2012 22:12
Ma`lumki, bugungi kunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2011 yil 30 dekabrda imzolagan «Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo'shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to'g'risida»gi Qarori milliy matbuotimiz rivojiga bo'lgan ulkan e`tibor va g'amxo'rlikning amaldagi yana bir ifodasi bo'ldi. Qayd etish joizki, qaratilayotgan e`tiborning samarasi o'laroq, ommaviy axborot vositalari va ularda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning erkin faoliyat ko'rsatishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. O'zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashabbusi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy ko'magida 2008 yildan buyon o'tkazilib kelinayotgan «Respublika hududiy bosma ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning markaziy nashrlarda malaka oshirishi» loyihasi ham mohiyatan ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. - Hududiy nashrlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning malakasini oshirish, ularning markaziy nashrlar tajribasini o'rganishga ko'maklashish hamda shu orqali jurnalistik faolligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan mazkur loyihada shu kunga qadar 200 nafardan ortiq yosh jurnalistlar ishtirok etib, bilim va ko'nikmalarini oshirishga muvaffaq bo'ldi, - deydi O'zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mutaxassisi Farida Egamberdiyeva. - Loyiha doirasida ular tomonidan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy masalalarga bag'ishlangan ko'plab tahliliy maqolalar tayyorlandi. 29 yanvardan 4 fevralga qadar o'tkaziladigan bu galgi loyihada Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari bosma ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan bir guruh jurnalistlar ishtirok etishmoqda. Aytish joizki, loyiha ishtirokchilari «Xalq so'zi»-«Narodnoye slova», «Qishloq hayoti», «O'zbekiston ovozi»-«Golos Uzbekistana», «O'zbekiston adabiyoti va san`ati», «Hurriyat», «Turkiston»-«Molodej Uzbekistana», «Jamiyat», «Ma`rifat»-«Uchitel Uzbekistana», «Adolat» kabi gazeta tahririyatlarida, O'zbekiston Milliy axborot agentligi hamda «Uzinfocom» internet markazida amaliyot o'tab, o'z tajribalarini oshirish imkoniga ega bo'ladilar. Shuningdek, vohalik jurnalistlar amaliyot davomida markaziy bosma ommaviy axborot vositalari, axborot agentliklari, internet nashrlari faoliyati, jurnalistning ma`lum bir yo'nalishga ixtisoslashuvi, kasbiy mahorat sirlaridan xabardor bo'lishadi, ularga tajribali ustoz-jurnalistlar tomonidan sohaga oid ma`lumotlar berildi. Loyiha doirasida ishtirokchilar bugun poytaxtimizdagi «O'zbekiston» mehmonxonasida o'tkaziladigan «Ommaviy axborot vositalariga berilayotgan qo'shimcha soliq imtiyozlar va afzalliklar: axborot sohasiga bozor munosabatlarini joriy etishning muhim omili» mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etadilar. Bundan tashqari, ular O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimizda demokratik islohatlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ga bag'ishlangan ma`ruzasida ilgari surilgan axborot sohasiga oid qonun loyihalari bo'yicha muhokamada ishtirok etib, O'zbekiston ekologik harakatida, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutida o'tkaziladigan uchrashuv va davra suhbatida ham qatnashadilar. Xayrullo ASTANAQULOV, «Jamiyat» muxbiri 22 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|