Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Jarayon
Osuda hayotning munavvar manzili
02.02.2012 22:16

Ma`lumki, oilada mustahkam qaror topgan o'zaro mehr-oqibat, hurmat-e`tibor, bahamjihatlik va farovonlik kabi  azaliy qadriyatlar jamiyat hayotining osoyishtaligi va rivojini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Bugun yurtimizda oila mustahkamligi va farovonligi masalasiga har qachongidan ham yuksak e`tibor qaratilmoqda. Bu borada ayniqsa, oilaning jamiyatdagi o'rnini, uning huquqiy muhofazasi va ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy hujjatlar qabul qilinib, davr ruhiga hamohang tarzda takomillashtirib borilayotgani mamlakatimizda oila ins­titutini rivojlantirishga qaratilgan e`tibor va g'amxo'r­likning o'ziga xos namunasidir. Mazkur qonunlar negizida oilani tashkil qilish asoslaridan tortib, ota-onaning huquq va majburiyatlari, farzand tarbiyasi, umuman, oilaviy hayotning barcha jihatlari davlat va jamiyat nuqtai nazaridan har tomonlama baholangan.

Xususan, O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksidan o'rin olgan nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish, nikoh shartnomasi, ota-onaning majburiyatlari, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish kabi me`yorlar oilaviy munosabatlarni mustahkamlash orqali uning jamiyat hayotidagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotir.

Ma`lumki, oila mustahkamligi avvalo har bir shaxsning ma`naviy dunyoqarashiga, qolaversa, jamiyatdagi ijtimoiy muhit va turmush farovonligi uchun yaratilgan shart-sharoitga ko'p jihatdan bog'liq. Shu bois bugun mamlakatimizda yosh oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu o'rinda ayniqsa, shahar va qishloqlarda yosh oilalar uy-joylar bilan ta`minlanayotgani ularning turmush va yashash sharoitini yanada yuksaltirishga munosib xizmat qilayotganini e`tirof etish o'rinlidir.  Aytish joiz, bunday e`tibor va g'amxo'rlik yoshlarning oila va jamiyat oldidagi burch va mas`uliyatini yanada chuqur anglashiga turt­ki beradi.

Bir so'z bilan aytganda, oilalar farovonligiga davlat tomonidan bunday e`tibor va bu yo'lda olib borilayotgan barcha ezgu sa`y-harakatlar jamiyatimiz ravnaqini belgilashda, eng muhimi, kelajagimiz poydevori bo'lgan sog'lom, aql-zakovatli, barkamol avlodni kamol toptirishga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek: «... tabiiyki, barcha ezgu-niyatlarimizning markazida farzandlarimizning ham jismoniy, ham ma`naviy jihatdan sog'lom qilib o'stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko'rish, dunyoda hech kimdan kam bo'lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi».

 

Laziz  YUSUPOV,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi mas`ul xodimi

22 marta o`qilgan