![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Pochta xizmati: takomil va sifat sari
24.12.2011 13:56
Yaqinda O'zbekiston Milliy matbuot markazida «O'zbekiston pochtasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, pochta xizmati sifatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazani yangilash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar sarhisobiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Anjumanda ta`kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz pochta aloqasining milliy operatori etib belgilangan «O'zbekiston pochtasi» pochta aloqasi xizmatlari bozoridagi talabni qondirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ko'rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish borasida samarali faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, mazkur tashkilot pochta orqali pul mablag'lari jo'natmalarini, jumladan, xorijiy mamlakatlar bilan ayirboshlashni tashkil qilish, pochta xavfsizligini ta`minlash, marketing tadqiqotlarini yo'lga qo'yish, aloqa sifatini va ishonchliligini oshirish uchun axborot texnologiyalari qo'llanilishi hamda pochta aloqasi sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash kabi bir qator vazifalarni ham samarali ado etib kelmoqda. Ayni paytda «O'zbekiston pochtasi» o'z tarkibida 14 ta filial, 174 ta tuman va shahar pochta tarmog'i, shuningdek, 2986 dan ortiq pochta aloqa bo'linmalarini birlashtirgan. Bundan tashqari, pochta jo'natmalarini o'z vaqtida yetkazib berish maqsadida 30 ta avia, 2 ta temiryo'l, 500 ga yaqin avtomobil pochta tashish yo'nalishlari hamda 20 ta ko'chma pochta aloqa bo'limlari faoliyat ko'rsatmoqda. - Jamiyatimiz tomonidan 2005 yilning dekabr oyida mahalliy «Elektron pul o'tkazmalari tizimi» ishga tushirilgan, - deydi «O'zbekiston pochtasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatining bosh direktori Rustam Qosimov. - Shuningdek, 2007 yildan Xalqaro elektron pul o'tkazmalari xizmati tashkil etildi va Butunjahon pochta ittifoqining elektron pul o'tkazmalari tizimi orqali Rossiya, Ukraina, Belorusiya, Qozog'iston va Moldaviya davlatlari bilan o'zaro xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yildi. Hozirga qadar mingga yaqin turli marka ishlab chiqildi. Shuningdek, joriy yilda O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganligining yigirma yilligi munosabati bilan yana sakkiz turdagi marka ishlab chiqish ko'zda tutilgan. Ro'yxatga olinuvchi pochta jo'natmalarini nazorat qilish tizimiga filiallarning 15 ta pochta almashinuv punktlari va 150 ta pochta aloqa turlari ulandi. Tadbirda ta`kidlanganidek, o'tgan yili «O'zbekiston pochtasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga ISO 9001; 2008 xalqaro standartlar talabiga muvofiq sifatni boshqarish tizimini joriy etilganligi va muvaffaqiyatli qo'llanilayotgani to'g'risidagi DQS- xalqaro sertifikatsiya tarmog'i hamda O'zstandart agentligining milliy sertifikatlari topshirilgan. Matbuot anjumanida mamlakatimizda pochta xizmatlarini yanada takomillashtirish va sifatini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Feruza XO'JAYEVA, «Jamiyat» muxbiri
27 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|