![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Shukronalikka yo'g'rilgan kunlar shukuhi
09.01.2012 10:16
Odatda vaqt haqida fikr yuritadigan bo'lsak, albatta, uni oliy hakamga mengzaymiz. Shu nuqtai nazardan, yaqinda butun insoniyat, shu jumladan, xalqimiz ham ana shu oliy hakamning yana bir katta qadami - 2012 yil tashrifini ajib kayfiyat bilan qarshi oldi. Qayd etish joizki, mamlakatimiz va xalqimiz hayotida muhim qutlug' sana va ayyomlar ko'p, lekin ularning orasida yurtdoshlarimiz, ayniqsa, bolajonlarimiz katta hayajon va quvonch bilan kutadigan Yangi yil bayramining ham o'z o'rni va ahamiyati bor. Yurtimizning shahar va qishloqlari, korxona va tashkilotlarida ko'tarinki ruhda, shodu xurramlik bilan nishonlangan, shukuhi inja ko'ngillarimizga tarovat baxsh etgan bu yilgi bayram mohiyatiga ko'ra har qachongidek betakror bo'ldi, desak yanglishmaymiz. Chunki o'tgan yil mamlakatimiz hayotida zalvorli yutuqlarga boy bo'lgani bilan ajralib turdi. Binobarin, davlatimiz rahbari O'zbekiston xalqiga yo'llagan bayram tabrigida alohida ta`kidlaganidek, 2011 yil eng avvalo el-yurtimizni yangi, obod va ozod, erkin va farovon hayot qurishga boshlagan buyuk tarixiy va qutlug' sana - Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligini keng nishonlash yili bo'lgani bilan xotiramizda saqlanib qoladi. Ortda qolgan iz yaxshi Darhaqiqat, mamlakatimiz tarix sahifalariga «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» nomi bilan muhrlangan 2011 yilda barcha yurtdoshlarimiz Vatanimiz mustaqilligining yigirma yilligini «Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!» degan ezgu g'oya asosida baland ruh va ko'tarinki kayfiyat bilan keng nishonladi. Istiqlol bergan imkoniyatlar, ularning samaralari yurtimizning har bir hududidagi betimsol o'zgarish va yangilanishlarda, har bir vatandoshimiz hayotidagi yuksalishlarda o'z ifodasini topdi. Taniqli shoirlarimizdan biri o'tli misralarida «Ortda qolgan iz yaxshi» deya lutf etganidek, 2011 yil mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ta`bir joiz bo'lsa, yaxshi iz qoldirib, samarali va xosiyatli bo'ldi. Xususan, dunyodagi eng nufuzli moliyaviy tashkilotlardan biri bo'lmish Xalqaro valyuta fondi tomonidan ta`kidlanganidek, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining davom etishi va salbiy ta`sir o'tkazishiga qaramasdan, O'zbekiston sanoqli davlatlar qatorida 2011 yilda ham yalpi ichki mahsulotning 8,3 foizga o'sishini ta`minlab, shu asosda oxirgi 5-6 yil davomida iqtisodiyotimizning barqaror yuqori sur`atlar bilan rivojlanishi bejiz emasligini isbotlab berdi. Chindan ham dunyoning ko'plab mamlakatlari hali-hanuz jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ta`siri va salbiy oqibatlarini yumshatish, yuzaga kelayotgan vaziyatdan chiqish yo'llarini izlayotgan, ommaviy ishsizlikning oldini olish, aholining turmush darajasini ko'tarish choralarini ko'rayotgan bir vaziyatda bizning xalqimiz Vatan ravnaqi yo'lida azmu shijoat bilan mehnat qilmoqda. Vatanga sadoqat, sog'lom avlodni voyaga yetkazish, ota-bobolar merosini asrash, yurtni obod qilish mas`uliyatini anglagan holda dilda shukronalik hissi bilan ertangi kunga qat`iy ishonch bilan qaramoqda. Shu bois yurtimiz tinch, dasturxonimiz to'kin, rizqimiz but, topganimiz barakali. Hech kimga sir emas, o'tgan yil o'ziga xos xususiyatlari, tabiat va harorat injiqliklari va o'zgarishlari, suv tanqisligi va turli alomatlari bilan boshqa yillardan ajralib turdi. Lekin tabiat injiqliklaridan esankiramagan mirishkorlarimiz, sohibkoru g'allakorlarimiz peshona teri evaziga mo'l-ko'l hosil yetishtirildi. Jumladan, fidoyi dehqon va fermerlarimiz bu yilgi mavsumda og'ir tabiiy qiyinchiliklarni mardonavor yengib, 6 million 800 ming tonna g'alla, 3 million 500 ming tonnaga yaqin paxta xirmoni bunyod etib, 8 million 200 ming tonnadan ziyod sabzavot va poliz, qariyb 3 million tonna bog'dorchilik mahsulotlari yetishtirib, yangi yilni yorug' yuz bilan kutib oldilar. Yangi yil yangiliklari Ahli donishlar yuzi yorug'ning yo'li oydin bo'lishini naql qiladilar. Shu ma`noda, boshlangan yil ham mazmun-mohiyatiga ko'ra, mamlakatimiz taraqqiyot yo'lining uzviy bir qismi sifatida yurtimiz tarixi sahifalariga zarhal harflar bilan muhrlanajak. Zero, Yangi - 2012 yilga mo'ljallangan rejalarimizda Davlat byudjetining 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo'naltirilgani, uning aksariyat qismi sog'liqni saqlash, ta`lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat tarmoqlarini yuksaltirishga qaratilgani, ish haqi, pensiya, ijtimoiy nafaqa va stipendiyalar miqdori 20 foizga, aholining real daromadlari esa 22-24 foizga ko'payishi belgilanayotgani shunday asosli va qat`iy xulosa yuritishimizga imkon beradi. Yana bir e`tiborli jihati, joriy yilda ikki yil oldin boshlangan va xalqimizni, avvalambor qishloq joylarda yashayotgan aholining kelajagini o'ylab amalga oshirilayotgan, butun jamiyatimizning e`tibor markazida turgan, ya`ni qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylarni qurish, kommunal-maishiy sharoitlarni yaratishga qaratilgan dasturni davom ettirish ko'zda tutilmoqdaki, bu ham bo'lsa, pirovardida, aholi turmush darajasini yuksaltirish, farovonlikni oshirishga xizmat qiladi. Raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 2011 yilda 7 ming 400 ta oila umumiy maydoni 1 million 100 ming kvadrat metr bo'lgan, har tomonlama qulay uy-joylarga, zamonaviy sharoitlarga ega bo'lgan bo'lsa, 2012 yil - Mustahkam oila yilida 8 ming 510 ta oila shahar sharoitidan hech kam bo'lmagan ana shunday yangi uy-joylarga ko'chib kirishi mo'ljallanmoqda. Ne baxtki, har yili Yangi yil ayyomida qalblarimizni ezgu ishlarga, yorug' niyatlarga oshno etadigan, binobarin, yaratish va ijod ishqi bilan ko'ngillarimizni sarafroz etadigan xushxabarlarga o'rganib qoldik. Davlatimiz rahbarining Yangi yil bayrami arafasida qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo'shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to'g'risida»gi Qarori ham mohiyatan ana shu tushuncha bilan uyg'unlashib, o'ziga xos ahamiyat kasb etdi. Ta`bir joiz bo'lsa, Prezidentimizning mazkur Qarori milliy matbuotimiz rivojiga bo'lgan ulkan e`tibor va g'amxo'rlikning amaldagi yana bir ifodasi bo'ldi. Ushbu qarorga muvofiq berilgan qator imtiyozlar albatta, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta`minlash uchun moliyaviy sharoit yaratishi, soha xodimlarining daromadini, moddiy farovonligini oshirish bilan birga, boshqa bir qator soha va tarmoqlar rivojiga ham katta ta`sir ko'rsatishi shubhasizdir. Shuningdek, bu yo'nalishda amalga oshirilishi mo'ljallanayotgan keng ko'lamli ishlar fuqarolarning axborot sohasidagi huquqini yanada kengroq ro'yobga chiqarish uchun imkon yaratish, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta`minlash, hokimiyat va jamoatchilik o'rtasida mustahkam aloqa o'rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. Xursandchilik yetkazgan kunlar Mana shu shukuhli damlarda mamlakatimiz taraqqiyotida ro'y bergan ulkan o'zgarish va yangilanishlar, qo'lga kiritilgan yutuq va marralar qatorida yakuniga yetgan yilda tahririyatimiz jamoasiga ham yangilik va xursandchilik yetkazgan kunlar barchamizning ko'z o'ngimizda yana bir bor namoyon bo'ldi. Aytish kerakki, o'tgan yil «Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahririyati jamoasi uchun ham omadli kechdi. Xususan, gazetamizning bir guruh xodimlari Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida davlatimizning yuksak mukofoti - «O'zbekiston mustaqilligiga 20 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, tahririyatimiz O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining «Partiya mavzusiga ixtisoslashgan sharhlovchilar malakasini oshirish uslublarini ishlab chiqish va amalga oshirish» nomli grantiga sazovor bo'ldi hamda O'zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash fondi tomonidan e`lon qilingan «Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy sherikligi namunasini yorituvchi eng yaxshi maqola» tanlovida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Bunday yuksak e`tiroflar ijodiy jamoamiz zimmasiga o'ziga xos mas`uliyat yuklashi tabiiy. Shu bois boshlangan yangi yilda rejalarimiz bisyor. Agar 2012 yilda ham «Jamiyat»ni muntazam o'qib borsangiz, o'ylaymizki, Yangi yilga rejalashtirilayotgan yangi ruknlarimiz, yangi yo'nalarishlarimiz, albatta, Sizning ko'nglingizga yo'l topishiga ishonamiz. Yangi yil barchamizga qutlug' bo'lsin, aziz yurtdoshlar! 40 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|