![]() |
![]() |
![]() |
Jarayon
Xotirjam hayot posbonlari
18.12.2011 20:03
Mana, salkam 16 yildirki, O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida mehnat qilayotgan fidoyilar mamlakatimiz fuqarolari muhofazasini ta`minlash, aholini ro'y berishi ehtimoli bo'lgan turli ko'rinishdagi favqulodda vaziyatlardan, xavf-xatarlardan ogoh etish va xavfli vaziyatlar chog'ida to'g'ri harakat qilishga o'rgatishdek sharafli vazifani sidqidildan bajarib kelayotir. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalasi ham davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash borasida juda katta o'zgarishlar yuz berdi. Avvalo, yaratilgan mustahkam huquqiy asos O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida har jihatdan samarali faoliyatni yo'lga qo'yishda muhim omil bo'ldi. O'tgan davr mobaynida O'zbekiston Respublikasining «Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to'g'risida»gi, «Fuqaro muhofazasi to'g'risida»gi, «Xavfli ishlab chiqarish ob`ektlarining sanoat xavfsizligi to'g'risida»gi kabi sohaga doir qonunlari qabul qilindi. Shuningdek, 2008 yilda «Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirgani, qolaversa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentning tegishli farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining o'nlab qaror va farmoyishlari qabul qilingani, qator Davlat standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotgani mazkur sohani yanada takomillashtirishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda. Aytish joizki, qabul qilingan huquqiy hujjatlarda milliy xususiyatlar bilan bir qatorda xorij tajribasi, xususan, Germaniya, Rossiya, AQSh, Fransiya va boshqa yetakchi davlatlarning fuqaro muhofazasi tizimini shakllantirish tajribasi ham inobatga olingan. Yurtimizda fuqaro muhofazasi borasida bashorat qilish, oldini olish va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish masalalarini hal etish uchun maxsus davlat tizimi ishlab chiqilgan bo'lib, mazkur tizim O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 11 dekabrda qabul qilingan tegishli Farmoniga asosan Bosh vazir tomonidan boshqariladi. 14 ta hududiy va 40 dan ortiq funksional quyi tizimdan iborat bo'lgan, davr sinovidan o'tayotgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi o'z samarasini bermoqda. Bu tizim yagona konsepsiyani belgilash, bashoratlash, axborot-tahliliy ishlar, turli dasturlar yaratish, ularni amalga oshirish, fuqaro muhofazasi kuch va vositalarining jangovar tayyorgarligini ta`minlash, davlat zaxiralarini yaratish, avariyalar, halokatlar, tabiiy ofatlarni bartaraf qilish, xalqaro hamkorlik borasida amalga oshirilayotgan ishlarda nihoyatda qo'l kelmoqda. Mazkur tizimni yanada rivojlantirish va mustahkamlashda aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga tayyorlashni tashkil etish, bunday vaziyatlarni aniq tasniflash, atrof-muhit monitoringini, markazlashgan xabar qilish tizimi tuzilishini tartibga solish, suvosti xizmatini yaratish, avariya-qutqaruv tuzilmalarini kengaytirish va ularni jihozlash, moddiy-texnik ta`minoti borasida davlatimiz tomonidan ko'rsatilgan katta yordam muhim omil bo'ldi. Fuqaro muhofazasi tizimi rahbar xodimlarining favqulodda vaziyatlarda to'g'ri harakat qilishi bo'yicha bilim-ko'nikmasini boyitish maqsadida Fuqaro muhofazasi institutida hamda hududiy o'quv markazlarida minglab yuqori va o'rta lavozimdagi rahbarlar, mutaxassislar qayta tayyorgarlikdan o'tkazildi. Shuningdek, hududiy boshqarmalar qoshidagi qayta tayyorlov markazlari tomonidan ishlab chiqarishda xavfli kimyoviy moddalar, yong'in-portlash xavfi mavjud bo'lgan iqtisodiy ob`ektlar va ular atrofida joylashgan aholi yashash punktlarida vujudga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlar tasnifi hamda voqea sodir bo'lganda to'g'ri harakat qilish mavzularida o'quv-mashg'ulotlari o'tkazilmoqda. Yuqoridagi holatlardan kelib chiqadigan bo'lsak, tabiiy, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasidagi profilaktika chora-tadbirlarining talab darajasida bo'lishini ta`minlash, joylardagi davlat organlari bilan birgalikda aholi hamda hududlarni radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik (bakteriologik) zaharlanish xavfidan muhofaza etish, shular bilan bog'liq bo'lgan favqulodda vaziyatlarda aholini to'g'ri harakat qilishga o'rgatishda o'zini o'zi boshqarish organlari, mahalla qo'mitalari bilan hamkorlikda ishlash yaxshi yo'lga qo'yilgan. Malakali kadrlar masalasi Shu o'rinda o'tgan yillar davomida vazirlik shaxsiy tarkibini malakali mutaxassislar bilan yanada mustahkamlash, xususan, fuqaro muhofazasi tizimini to'laqonli shakllantirish maqsadida olib borilgan ijobiy o'zgarishlar xususida to'xtalib o'tish joizdir. Vazirlikning muhim bo'g'inlaridan biri - Radiatsion, kimyoviy (biologik) muhofaza boshqarmasining tashkil etilgani ayni muddao bo'ldi. Boshqarmaning qisqa muddat ichida amalga oshirgan ishlari ko'zga yaqqol tashlandi. U tomonidan o'ta yuqumli kasalliklarni boshqa respublikalardan transchegaraviy kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida qator maxsus-taktik o'quv mashqlari o'tkazildi. Mutaxassislar tomonidan favqulodda epidemiologik, epizootik, epifitotik va boshqa yuqumli kasalliklarning keng tarqalishiga yo'l qo'ymaslik barobarida aholi xavfsizligiga jiddiy xavf soluvchi noxush holatlarni bartaraf etishda o'ziga xos muhofaza tadbirlar amalga oshirildi. O'z vaqtida olib borilgan sa`y-harakatlar o'zining ijobiy samarasini bermoqda. Natijada mamlakatimizda epidemiologik xavfsizlik ta`minlanishiga puxta zamin yaratildi. Aholining salomatligiga xavf soluvchi manbalar aniqlanib, uni o'z vaqtida zararsizlantirish borasida ham salmoqli ishlar qilinmoqda. Yurtimizning baland tog'li hududlaridagi mavjud ko'llar, qor zaxiralari ahvoli hamda vujudga kelishi mumkin bo'lgan yer ko'chkilarining oldini olish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati, Davlat geologiya qo'mitasi mutaxassislari bilan hamkorlikda «O'zbekiston havo yo'llari» milliy aviakompaniyasi yordamida jami o'nlab aerokuzatuvlar amalga oshirildi. Yorib chiqish xavfi mavjud bo'lgan ko'llar holatini kuzatish maqsadida tegishli idoralar mutaxassislaridan iborat kuzatuv postlar tashkil etildi. Yuzaga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etishda kuch va vositalarning tayyorgarlik darajasini oshirish, tabiiy va texnogen tusdagi yirik favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda mutasaddi vazirlik, idora, tashkilotlarning maxsus xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirish maqsadida yurtimizda bir necha marotaba qo'mondonlik-shtab mashqlari, xavfi mavjud bo'lgan yirik ishlab-chiqarish ob`ektlarida ko'plab maxsus-taktik o'quv mashqlari o'tkazilmoqda. IsloHot va natijalar E`tiborli jihati shundaki, O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilgandan buyon O'zbekistonda fuqaro muhofazasi tizimini yanada mustahkamlash maqsadida katta o'zgarishlar ko'zga tashlandi. Xavfsizlikning oldini olishga doir keng ko'lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilib, shu yillar mobaynida u ham sifat, ham son jihatdan o'sdi. Qutqaruvchilarimiz, xorijiy davlatlarda tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan avariya-qutqaruv bo'linmalari qisqa vaqt ichida o'z ishining ustasi bo'lib yetishdilar. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda Tez harakat qiluvchi respublika ko'p tarmoqli markazi, Chirchiq shahridagi maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi, «Qamchiq» dovoni qidiruv-qutqaruv otryadi tashkil qilindi. Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi avariya-qutqaruv guruhlari kengaytirildi hamda ularning texnik bazasi mustahkamlandi. Barcha bo'linmalar zamonaviy asbob-uskunalar, qutqaruv texnikasi bilan jihozlandi, ular uchun zamonaviy binolar qurilib, mavjudlari qayta ta`mirlanmoqda. Kinologiya, suvdan qutqarish xizmatlari, Respublika g'avvoslar maktabi tashkil etildi. Maxsus o'quv minoralari va sport trenajerlari qurildi. Ilg'or xalqaro tajribani hayotga joriy etish asnosida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjet hisobidan «Qutqaruv xizmati» tashkil etildi. Tegishli raqamni tersangiz, bas, zudlik bilan yetib kelgan qutqaruv xizmati xaloskorlari sizni muhofaza qilishga shay. Mamlakat bo'yicha qutqaruvchilarimiz shu davr ichida 10 minglab turli favqulodda vaziyatlarda aholiga yordam ko'rsatdilar, minglab odamlar hayotini asrab qolishga erishdilar. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi poytaxtdan tortib, uzoq tog' qishloqlarigacha uzluksiz radio va uzatuv aloqasi bilan ta`minlangan, boshqaruv aloqasi muvaffaqiyat bilan faoliyat ko'rsatmoqda. Bir so'z bilan aytganda, ana shunday sharoit va imkoniyatga, yetarlicha salohiyatga ega O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari kelgusida ham kasb mahoratlarini yanada takomillashtirib, hamkasblariga o'rnak bo'ladilar va keng ko'lamda xaloskorlik ishlarini olib borishda davom etadilar. Azamat SUYUNOV, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a`zosi
77 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|